Davlat xavfsizlik xizmati Amudaryo tuman bo‘limi tomonidan yig‘ilish tashkil etildi

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Hududlarda bu borada qabul qilinayotgan qaror va farmonlarning amaliy ijrosini ta’minlash yuzasidan tizimli chora-tadbirlar yo‘lga qo‘yilgan.

Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida Davlat xavfsizlik xizmati tuman bo‘limi tomonidan yoshlarga oid davlat siyosati borasida amalga oshirilayotgan yangi islohotlarni tumandagi yoshlar yetakchilariga yetkazish maqsadida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda tumandagi 49 ta ovul va mahallalarda faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchilari ishtirok etdilar. Yig‘ilishda Prezidentimizning 23 fevral kungi videoselektr yig‘ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalar xususida so‘z yuritildi.

Qayd etilishicha, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati yangi bosqichga ko‘tarilib, ertangi kun egalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yoshlarning bandligini ta’minlash, ularga kasb-hunar o‘rgatish, sifatli ta’lim olishi va innovatsion g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishlari uchun sharoitlar yaratish maqsadida qator dasturlar, yangi loyihalar amalga oshirilib, yoshlar uchun munosib ish va turmush sharoitini yaratish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan mas’ullar davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, jamiyatning har jabhasida yoshlar faolligini oshirish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalarni yoshlar yetakchilariga yetkazdilar.

Xususan, hududlarda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar bilan ishlash, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish borasidan taklif va tavsiyalar berildi.

Shuningdek, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilishining oldini olish, joylarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligi va tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish borasida oldinda turgan ustuvor vazifalar xususida so‘z yuritildi.

Yoshlar yetakchilari tomonidan o‘zlarining faoliyatlari mobaynida duch kelayotgan turli muammo va qiyinchiliklar yuzasidan savollar berildi. Mas’ullar tomonidan barcha savollarga batafsil javoblar qaytarildi.

Shuningdek, yoshlar yetakchilari ertangi kun egalarining bo‘sh vaqtlaridan unumli foydalanish, san’at va sportga qiziqishlarini uyg‘otish maqsadida turli ma’naviyat va sport tadbirlarini tashkil etish borasida takliflar bildirdilar.

Ma’sullar bildirilgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish, taklif va tavsiyalarni o‘rganib, ular yuzasidan tegishli choralar ko‘rishga kelishib oldilar.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.