«AVTOMOBILSIZ KUN» AKSIYASI DOIRASIDA “SALOMATLIK UCHUN 5000 QADAM” PIYODA YURISH MARAFONI O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyo miqyosida tobora global tus olib borayotgan ekologik bo‘hronlar insoniyatni o‘ylab ish qilishga, atrof-muhit muhofazasiga jiddiy e’tibor qaratishga undamoqda. Sababi, bilib-bilmay tabiatga qilingan tajovuzkorona harakatlar tufayli yashil qalqonimiz bo‘lgan dov-daraxtlarni, tabiiy butazorlarni ayovsiz kesib, ularning o‘rnida har xil toifadagi qurilishlarni amalga oshirish oqibatida ko‘chalar, butun-butun mahallalar hududlarida jazirama issiqdan himoyalovchi soya-salqin joylar keskin kamayib ketdi. Salgina shamol tursa, chang-to‘zon ko‘tarilib, havo sifatining buzilishiga sabab bo‘layotgan bu kabi holatlarga barham berish uchun mutaxassislar jiddiy bosh qotirayotgani hech kimga sir emas. Albatta, bu muammoni birdaniga bartaraf etish, musaffo havo muhitini yaratish oson emas. Chunki bir tup nihol o‘sib, Prezidentimiz aytganlariday, “sog‘lom havo – kislorod ishlab chiqarish darajasiga yetgunicha kamida 10-15 yil vaqt kerak bo‘ladi”.

Xo‘sh, ungacha nima qilish, qanday chora-tadbirlarni amalga oshirish kerak? Buning uchun mamlakatimizda tizimli ravishda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy harakati doirasidagi ko‘chat ekish va ularni sifatli parvarish qilish, yo‘qotilgan yashil qalqon – tabiiy muvozanatni tiklash, atrof-muhitga oqilona munosabatda bo‘lish talab etiladi. Bundan tashqari, aholi zich yashaydigan shaharlarda avtomobillarning tig‘iz vaqtlarda harakatlanishini tartibga solish, rivojlangan davlatlar, ayniqsa, Xitoydagi kabi muntazam ravishda avtomobilsiz kun aksiyalarini tashkil etish orqali atrof-muhitga tarqalayotgan zaharli tutun va gazlarni kamaytirish, havoda chang zarralarining ko‘tarilishiga barham berish eng oqilona tadbirlardan biri sanaladi.

Bu borada “Prezidentimizning “O‘zbekiston – 2030 strategiyasini Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni barchamiz uchun muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi. Unga ko‘ra, 2024 yil 1 martdan boshlab hududlarda chang bo‘roni sodir bo‘layotganda va atmosfera havosida mayda dispers zarrachalari belgilangan me’yordan yuqori bo‘lgani aniqlanganda aholini ogohlantirish yo‘lga qo‘yiladi. Shu bilan birga yurak-qon tomir va nafas yo‘llari kasalliklariga chalingan hamda sog‘ligi havoning ifloslanishiga ta’sirchanligi yuqori bo‘lgan fuqarolarni zarur profilaktik choralar to‘g‘risida doimiy xabardor qilish amaliyoti joriy etiladi.

Shuningdek, o‘lchami 500 metr kvadrat va undan ortiq bo‘lgan qurilish maydonlarida, unga kirib-chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etish bo‘yicha majburiy talablar joriy etiladi. “Avtomobilsiz kun” aksiyasi, “Salomatlik uchun 5 000 qadam” piyoda yurish marafonlari o‘tkaziladi.

Joriy yilning 24 fevral sanasida Amudaryo tumani sport maktabi, tuman Tibbiyot birlashmasi xodimlari, mahallalarda istiqomat qiluvchi yoshlar, ko‘cha boshchi ayol-qizlar ishtirokidagi “Avtomobilsiz kun” aksiyasi doirasida o‘tkazilgan “Salomatlik uchun 5 000 qadam” piyoda yurish marafoni ham ekologik musaffo havo muhitini yaratish, Mang‘it shahri va mahallalar hududida chang zarralarining atmosfera havosiga ko‘tarilishining oldini olish, qolaversa, salomatligida muammolari bo‘lgan aholini sog‘lom hayotga qaytarishga qaratilgani bilan muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Aksiya ishtirokchilari hamjihatlikda va yuqori kayfiyatda 5000 qadamdan ziyod masofani piyoda yurib o‘tdilar. Marafon ishtirokchilarining hatti-harakatlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Salavat Kazbekov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi katta inspektori Qalbay Muratov va Amudaryo tuman IIB yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi mas’ullari kuzatib bordilar.

Piyoda yurish marafoni yakunida marafon ishtirokchilaridan bir guruhi mas’ullar tomonidan ma’naviy rag‘batlantirildilar.

Robiya Yo‘ldosheva.