Daryobo‘yi va Uyshin mahallalari aholisi ishtirokida sayyor qabul bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda xalq bilan yaqindan muloqot qilish, insonlarning uzoq yillardan beri qiynab kelayotgan mummolarini o‘rganish va ularni bartaraf qilish maqsadida hududlarda davlat boshqaruv organlari mas’ullarining sayyor qabullari tashkil etilishi yo‘lga qo‘yilgan. Amudaryo tumanida ham mas’ul rahbarlarning hududlarda aholi vakillari hamda yoshlar bilan uchrashuvlari o‘tkazib kelinmoqda.

Rejaga asosan 24 fevral kuni Daryobo‘yi hamda Uyshin mahallalari aholisi ishtirokida tuman hokimligi mas’ullarining sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi.

Sayyor qabulda tuman hokimining Yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Nodir Kamolov, tumandagi korxona-tashkilotlar mas’ullari, Daryobo‘yi va Uyshin mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari hamda aholi vakillari ishtirok etdilar.

Sayyor qabulda mazkur mahallalarda yashovchi fuqarolardan turli masalalar yuzasidan jami 26 ta murojaatlar kelib tushdi.

Xususan, Daryobo‘yi mahallasida yashovchi fuqaro yurak ishemik kasalligi bilan, turmush o‘rtog‘i esa qon bosimi kasalligi bilan kasallanganligi sababli moddiy yordam berishni, yana bir fuqaro yuragi kasalligi, turmush o‘rtog‘i vafot etganligi, hozirgi kunda jarrohlik amaliyoti o‘tashi uchun moddiy yordam so‘rab murojaat qilishdi. Shuningdek, fuqarolar “Amudaryo Agroservis” korxonasi balansidagi uyda ijarada yashayotganligi, o‘zlariga tegishli yer uchastkasiga uy qurish uchun imtiyozli kredit olishda amaliy yordam berishni, elektr energiyasining kuchlanishi pastligi sababli yangi o‘rnatilgan transformatorni ishga tushirish bo‘yicha amaliy yordam so‘rab murojaat qildilar.

Qolaversa, fuqarolardan bir nafari “Ayollar daftari”ga kiritilganligi, tikuvchilik yo‘nalishi bo‘yicha kasbga qayta o‘qiganligini ma’lum qilib, subsidiya asosida tikuv mashinasini olishda amaliy yordam berishni, 3 nafar fuqaro dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer maydoni ajratishda amaliy yordam berishni so‘rab tuman hokimligi mas’ullariga murojaat qildilar. Mas’ullar 2 nafar xotin-qizlarning go‘zallik salonini ochish uchun kasbga o‘qitishda, yana bir fuqaroning kredit olishda amaliy yordam so‘rab qilgan murojaatlarini ham atroflicha o‘rganib chiqdilar.

Shuningdek, sayyor qabul mobaynida fuqarolardan tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun kredit olish, oliy o‘quv yurtlarida o‘qish uchun shartnoma to‘lovlarini to‘lashda amaliy yordam berish kabi masalalarda ham murojaatlar kelib tushdi.

Murojaatlardagi masalalarning ayrimlari shu yerning o‘zida hal etilgan bo‘lsa, qolganlarini bartaraf etish uchun tegishli tashkilotlar mas’ullariga topshiriqlar berildi.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati.