“Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi

Ma’lumki, yoshlar orasida chet tillarini o‘rganishni yanada kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Iqtidorli o‘quvchilar o‘rtasida fan olimpiadalarini o‘tkazish tizimini takomillashtirish hamda xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktabni aniqlash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarorlari imzolangan bo‘lib, mazkur hujjatlar yoshlarimizga chet tillarini o‘rgatish borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mazkur hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida imzolangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovini o‘tkazish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga asosan 26 fevral kuni Amudaryo tumanidagi 40-sonli umumta’lim maktabida “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Tanlovni o‘tkazish uchun belgilangan 40-sonli maktab binosi tanlov uchun zarur bo‘lgan inventarlar va kompyuter texnikalari bilan ta’minlandi.

Ko‘rik-tanlovda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Maktablar faoliyatini muvofiqlashtirish sho‘basi metodisti Jumamurat Rametullayev, tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri Yalg‘ash Shamuratov, maktablar faoliyatini muvofiqlashtirish sho‘basi rahbari Ibragim Rajabov, mazkur sho‘ba metodisti Habibulla Davletyarovlar tashkiliy-nazorat ishlarida ishtirok etdilar. Shuningdek, ko‘rik tanlovga tumandagi 35 ta umumta’lim maktablarining 7-, 8-, 9-sinflarida tahsil olayotgan 5 nafardan iborat jamoalari tarkibida jami 175 nafar o‘quvchilar ishtirok etdilar.

Mazkur ko‘rik-tanlovni o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq 35 ta umumta’lim maktablarning terma jamoalari ishtirokchilarining xorijiy tilni bilish darajasi test topshiriqlari orqali sinovdan o‘tkazildi.

Test sinovlarida bitta maktab terma jamoasiga kiritilgan o‘quvchilarning yonma-yon o‘tirishlariga yo‘l qo‘yilmadi. Test sinovlaridagi topshiriqlar xalqaro ta’lim standartlari asosida tayyorlangan jami 30 ta topshiriqlardan iborat bo‘ldi.

Test topshiriqlaridagi savollar oddiydan murakkabga tomon o‘zgarib borib, topshiriqlarning 1-bo‘limida o‘quvchilarning xorijiy til, ya’ni ingliz tili bo‘yicha grammatik bilimini baholovchi 10 ta test savollari taqdim etildi. 2-bo‘limida o‘quvchilarning ingliz tili bo‘yicha lug‘at boyligini baholovchi 10 ta test savollari berildi. 3-bosqichda esa o‘quvchilarning ingliz tili bo‘yicha o‘qib tushunish ko‘nimasini baholovchi 10 ta test topshiriqlari taqdim etildi.

Ma’lumot o‘rnida keltirish joizki, “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovida xorijiy tillarga ixtisoslashgan yoki xususiy maktablar ishtirok etmaydi. Bunday maktablarning tanlovda ishtirok etish holati aniqlanganda ular tanlovdan chetlatiladi.

Belgilangan vaqt mobaynida test sinovlari yakuniga yetgach, baholash ishlari tuman tashkiliy qo‘mitasi tomonidan tuzilgan hakamlar tomonidan amalga oshirildi. Baholash jarayonlarida maktab terma jamoasidagi har bir o‘quvchining bahosi alohida tekshirildi. Jamoadagi 5 nafar o‘quvchilarning to‘plagan ballari umumlashtirib, 5 ga bo‘lingan holda o‘rtacha ball chiqarildi hamda natijalar e’lon qilindi.

Ko‘rik-tanlovning birinchi, ya’ni tuman bosqichi jami 100 ballik mezonga ko‘ra aniqlangan yakuniy natijalariga ko‘ra 1-sonli umumta’lim maktabi terma jamoasi 57,9 ball bilan 3-o‘rinni egalladi, 32-sonli maktab terma jamoasi 59,5 ballni qo‘lga kiritib, faxrli 2-o‘rinni egalladi. Umumiy ballari 65,2 ballni tashkil etgan 40-sonli umumta’lim maktabi terma jamoasi esa faxrli 1-o‘rinni va g‘oliblikni qo‘lga kiritdi hamda tumanimizda xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab deb topildi.

G‘oliblarga, ya’ni 3-o‘rinni egallagan 1-sonli maktabga 50 mln so‘m, 2-o‘rinni egallagan 32-sonli maktabga 70 mln so‘m hamda 1-o‘rinni egallagan 40-sonli maktabga 100 mln so‘m pul mukofotlari beriladi.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.