“ENG NAMUNALI MAHALLA RAISI” TANLOVINING AMUDARYO TUMANI BOSQICHI G‘OLIBLARI ANIQLANDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiniң 2023 yil 21 dekabrdagi “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi mahallani qo‘llab-quvvatlash Kengashining 2024 yil 12 fevraldagi bayoniga muvofiq, Amudaryo tumanida joriy yilning 19-25 fevral kunlari “Eng namunali mahalla raisi” Respublika tanlovining sektor bosqichi o‘tkazilib, unda to‘rtta sektor hududidagi ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari ishtirok qildilar.

Sektor bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari ko‘rik-tanlovning tuman bosqichida o‘zaro kuch sinashdilar.

“Eng namunali mahalla” ko‘rik-tanlovi Nizomi talablariga ko‘ra, har bir ovul va mahalla fuqarolar yig‘ini raisi rahbarligida amalga oshirilayotgan ishlarning natijadorligiga, ayniqsa infratuzilmalarining rivojlanishiga alohida e’tibor qaratildi.

Ko‘rik-tanlovining Amudaryo tumani bosqichi joriy yilning 28 fevral sanasida tumandagi 82-sonli umumta’lim maktabi faollar zalida bo‘lib o‘tdi. Tanlovda sektor bosqichida 1-, 2-, 3-o‘rinlarni egallagan jami 12ta mahalla va ovul fuqarolar yig‘inlari raislari ishtirok etdilar va belgilangan Nizom talablariga ko‘ra, tanlov ochiqlik va shaffoflik asosida amalga oshirildi.

Ko‘rik-tanlovda ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlarining Kengashlari, jamoatchilik tuzilmalari, hududlarda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, xalqni ijitmoiy himoyalashga qaratilgan chora-tadbirlar va bu chora-tadbirlarning aholi hayotida tutgan o‘rni, yoshlar bandligini ta’minlash, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish borasidagi amaliy ishlarning natijadorligiga alohida e’tibor qaratildi.

Ko‘rik-tanlov yakunida aholi punktlarida olib borilgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini, yuqori saviyada olib borgan ayniqsa, o‘zlari yashab turgan hududni bog‘-rog‘larga aylantirish, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlarini keskin kamaytirishga erishgan, yosh oilalar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, ajrashish holatlari sodir bo‘lmagan ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari g‘olib bo‘ldilar. Unga ko‘ra, ko‘rik-tanlovning Nizomi talablariga to‘la mos keladigan Xitoy ovul fuqarolar yig‘ini raisi Davlatboy Otajonov faxrli 1-o‘rinni egalladi.

O‘zi rahbarlik qilayotgan mahalla fuqarolar yig‘ini hududida xotirjam va osoyishta turmush tarzini yaratgan, shuningdek, aholini ijtimoiy himoya qilishni zamon talablari darajasida amalga oshirayotgan, aholi muammolari bilan ishlashda o‘ziga xos tajribaga ega deb topilgan O‘zbekiston MFY raisi Akbarjon Boltaboyev faxrli 2-o‘rin sohibi bo‘ldi.

Amalga oshirayotgan ishlari ko‘rik-tanlovning barcha shartlariga to‘la javob beradigan, rasmiy hujjatlar, ariza va shikoyatlar bo‘yicha o‘ziga xos tajribaga ega deb topilgan Choykul ovul fuqarolar yig‘inining raisi Begzod Aytekov 3-o‘ringa loyiq ko‘rildi.

Ko‘rik-tanlov yakunida fuqarolar yig‘inlarining g‘olib raislari tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildilar.

Xitoy ovul fuqarolar yig‘ini raisi Davlatboy Otajonovga ko‘rik-tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichiga yo‘llanma berildi.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.