Tumanimizdagi kichik sanoat zonasidagi tadbirkorlar faoliyati yanada rivojlantirilmoqda

Amudaryo tumanida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz tomonidan tadbirkorlarga berilayotgan imkoniyatlar targ‘ib qilinib, tadbirkorlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Tumandagi kichik sanoat zonasida ish yuritayotgan tadbirkorlar bu kabi imtiyoz va imkoniyatlardan unumli foydalanib, o‘z faoliyatlarini yanada kengaytirmoqdalar.

Jumladan, kichik sanoat zonasida joylashgan “Tamara Tekstil” MCHJ Prezidentimizning “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilab berilgan imkoniyatlardan foydalanib, ishchi ayol-qizlar soni 15 nafardan 44 nafarga oshirdi. Ayni paytda, tumanimizdagi ovul mahallalarda band bo‘lmagan xotin-qizlar kasb-hunarga o‘qitilib, mazkur MCHJga ishga joylashmoqda hamda ularning bandligi ta’minlanmoqda.

Ta’kidlash joizki, davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi mobaynida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida qator islohotlarni ilgari surildi. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishni va yuqori qo‘shilgan qiymatli raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish orqali hududga investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratish, shuningdek, tadbirkorlarning takliflarini bevosita o‘rganish asosida kelgusi yetti yilda rivojlantirishning belgilangan pirovard natijalariga erishish maqsadida imzolangan “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni tadbirkorlik faoliyati rivojini yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturulamal bo‘lmoqda.

Kichik sanoat zonasidagi tashabbuskor tadbirkorlardan yana biri Jasur Bobojonov davlatimiz rahbarining mazkur farmoniga asosan imtiyozli kredit olgan. Ushbu kredit mablag‘larini temir mahsulotlari ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan zamonaviy uskunalarni olib kelishga yo‘naltirgan. Hozirda tadbirkor 15 nafardan ortiq yigitlarni ish bilan ta’minlab, tuman iqtisodi rivojiga munosib hissa qo‘shmoqda. Kelgusida yangi zamonaviy uskunalar xarid qilib, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda ish bilan band bo‘lmagan fuqarolarning bandligini taminlashni rejalashtirmoqda.

Kichik sanoat zonasidagi chorva mollari uchun omuxta yem ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Yuksalish Broker Servis” MCHJ ham yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib faoliyat yuritmoqda. Mazkur MCHJ mototransport vositalarining ehtiyot qismlarini chet davlatlaridan olib kelish hamda yig‘ib terish ishlarini amalga oshirib kelmoqda. Endilikda tadbirkor chet eldan kerakli uskunalarni olib kelib, mototransport vositalarining ehtiyot qismlarini ishlab chiqarishni ham rejalashtirmoqda.

Qayd etish joizki, davlatimiz rahbarining “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hududdagi tadbirkorlar uchun keng imkoniyat eshiklarini ochdi.

Mazkur hujjat Qoraqalpog‘iston Respublikasining mavjud ijtimoiy-iqtisodiy, shu jumladan ishlab chiqarish va investitsiya salohiyatidan samarali foydalanish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, tadbirkorlarga ko‘rsatiladigan moliyaviy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, infratuzilmaviy shart-sharoitlarni yaratib berish orqali aholi bandligini ta’minlash hamda hududning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqish kabi ustuvor maqsadlarga xizmat qilmoqda.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.