Yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular qalbida harbiy hayotga bo‘lgan qiziqish va mehr-muhabbat tuyg‘ularini uyg‘otish, shu bilan birga, tinchlik, bag‘rikenglik, xalqlar do‘stligini mustahkamlashga o‘z hissalarini qo‘shishga da’vat etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashining topshirig‘iga ko‘ra mamlakatimiz bo‘ylab umumta’lim maktablarining o‘quvchi-yoshlari bilan uchrashuv tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning 6 mart sanasida Amudaryo tumani Madaniyat markazi binosida bo‘lib o‘tgan uchrashuv tadbiri ham yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashining 2024 yil 12 yanvar kungi kengaytirilgan yig‘ilishida tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlar dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida Amudaryo tumanidagi Qilichboy, Do‘rman Qangli, Nazarxon ovullari hamda Bog‘, Xizr eli, Ayoqchi, Bo‘z solma, Qumyop, Chordara, Durunki mahallalari chegara hududlarida joylashgan 3-, 18-, 19-, 29-, 35-, 36-, 39-, 46-, 56-, 58-, 76-, 82-, 83-, 84-sonli umumta’lim maktablari Nukus harbiy Prokuraturasiga biriktirilgan edi.
Shu munosabat bilan “Vatanparvar yoshlar bilan – Uchinchi Renessans sari!” shiori ostida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus harbiy Prokuraturasi rahbarligida targ‘ibot-tashviqot uchrashuv tadbiri o‘tkazilib, unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus harbiy prokurori o‘rinbosari Davron Turumbayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘riqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilshod Mullaboyev, shuningdek, Amudaryo tumani Mudofaa ishlari bo‘limi, Amudaryo tumani Milliy gvardiya xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Amudaryo tuman bo‘limi, Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari mas’ul xodimlari, Mudofaa vazirligi faxriylari, sobiq Afg‘on urushi baynalmilal jangchilari, umumta’lim maktablarining chaqiriqqa qadar bo‘lgan tayyorgarlik fani o‘qituvchilari, boks sporti bo‘yicha O‘zbekiston chempionlari hamda chegara hududlarida joylashgan umumta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari ishtirok etdilar.
Uchrashuv tadbirida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus harbiy prokurori o‘rinbosari Davron Turumbayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘riqlash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Dilshod Mullaboyev va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor vazifalari, yoshlarni harbiy vatanparvarlik g‘oyalari asosida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodning bilim olishi, o‘z qobiliyatlarini amalda namoyon etishlari uchun yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar xususida so‘z yuritdilar. Shuningdek, bugungiday tinch, farovon hayotning qadriga yetish, milliy-ma’naviy qadriyatlarni asrab-avaylash, ayniqsa, ona Vatanning har qarich yeriga nisbatan mehr va daxldorlik tuyg‘usi bilan yashash har bir O‘zbekiston fuqarosining burchi ekanligini ta’kidladilar.
Tadbir davomida uchrashuv ishtirokchilari bo‘lgan yoshlar uchun zamonaviy harbiy qurol-aslahalar ko‘rgazmasi ham namoyish etildi. Unda yoshlar mamlakatimizning harbiy-texnikaviy salohiyati, kuch-qudrati xususidagi ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. 250 nafarga yaqin o‘quvchi-yoshlar mas’ullar hamda chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik o‘qituvchilari bilan birgalikda ko‘rgazmaga qo‘yilgan harbiy qurol-aslahalarning jangovarlik qudrati, ularni qo‘llash bo‘yicha zarur ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Ayniqsa, Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlarida o‘z harbiy xizmat burchlarini o‘tayotgan askarlarning ko‘rgazmali chiqishlari, Shimoli-G‘arbiy harbiy okrug orkestri tomonidan ijro etilgan vatanparvarlik, tinchlik va do‘stlik haqidagi jangovar kuy-qo‘shiqlar tadbir ishtirokchilariga zavq-shavq bag‘ishladi.
“Vatanparvar yoshlar bilan – Uchinchi Renessans sari!” shiori ostida o‘tkazilgan targ‘ibot-tashviqot uchrashuv tadbiri yoshlarda katta taassurot qoldirdi.
Robiya YO‘LDOSHЕVA.