Dehqonchilik va chorvachilikdan daromad topayotgan qoramonliklar

Mamlakatimizda barcha sohalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida olib borilayotgan tizimli islohotlar natijasida aholi turmush tarzi tobora yaxshilanib borayotgani insonlarning bugungi kunga shukronaligi, ertangi kunga ishonchi hamda ezgu orzu-maqsadlarining asosi bo‘lmoqda.

Amudaryo tumanining olis chekka hududda joylashgan Qilichboy ovulining Qoramon mahallasida hayotini, yashash sharoitlarini o‘zgartirish uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan mehnatsevar insonlar talaygina.

Ana shunday harakatchan, mehnatdan qochmaydigan hamyurtlarimizdan biri Karomaddin Xudayberganovning aytishicha, kaftdekkina tomorqasi orqasidan kattagina daromadga erishib kelmoqda. Ayni paytda 5 sotix yer maydonida issiqxona tashkil qilib, pamidor, bodring, qalampir, kartoshka, sabzi, rediska ekib, ota-onasi, turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda mehnat qilib, parvarishlab kelishmoqda.

Hokim yordamchisi Adil Beshboyev o‘zi faoliyat olib borayotgan Qoramon mahallasi aholisini har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, ularning dehqonchiliklarini yanada rivojlantirishlariga ko‘mak bermoqda. Xudayberganovlar oilasi ham dehqonchilik mahsulotlarini ichki bozorga olib borishlari uchun kredit asosida mototsikl olishga yordam bergan hamda og‘irini yengil qilgan hokim yordamchisidan minnatdor.

Karomaddining aytishicha, issiqxona tashkil qilgan yer maydonidan hosilni yig‘ib olgandan keyin, o‘rniga kechki karam ekib, ikkinchi marta hosil olishadi. Shuningdek, hosil pishib yetilgandan keyin Xorazm viloyati Gurlan tumani, Amudaryo tumani Mang‘it shahri ichki bozorlariga olib borib sotishadi hamda tomorqasidagi oilaviy hamjihatlikdagi mehnat natijasida har yilgi hosildan 40-50 mln so‘mga yaqin daromad olishadi. Oilaning iqtisodiy ahvoli yildan yilga yaxshilanib, uylarini ta’mirlashgan, to‘y qilishgan, yangi “Spark” rusumli avtomobil sotib olishgan. Mehnat orqali orzular ushalishga, hayot tarzining yaxshilanishiga erishgan.

Ana shunday qoramonlik mehnatsevar, hamjihat O‘razmetovlar oilasi uzoq yillardan beri ota-bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan chorvachilik, baliqchilik, dehqonchilik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan shug‘ullanib kelishmoqda.

Tozaboy O‘razmetovning aytishicha, 5-6 yildan buyon issiqxonada sabzavot va poliz ekinlari mahsulotlari yetishtirib, yaxshigina daromad olib kelishmoqda.

Hozirda tomorqasidagi issiqxona atrofidagi bo‘sh turgan yer maydoniga ekish uchun pamidor, bodring, qovun, tarvuz nihollarini tayyorlashmoqda. Ayni paytda 4 nafar aka-ukalar turmush o‘rtoqlari hamda farzandlari hamjihatlikda oilaviy ushbu ishga jalb qilingan.

Shuningdek, tomorqada Turkiyadan olib kelingan 300 tup gilos bog‘i barpo qilingan. 3 yil oldin ekilgan gilos nihollari hozir kattagina gilos daraxtiga aylangan. Yaxshi parvarish qilingan gilos nihollaridan bu yil ilk marotaba hosil olinishi hamda oilaga yaxshi daromad kelishi kutilmoqda.

Qolaversa, Tozaboy O‘razmetov baliqchilikka qiziqishi tufayli 3 sotix yer maydonida baliq hovuzi tashkil qilgan. Hovuzga har biri 100 gramm keladigan qizil sazan baliqlaridan 50 kg chovoq yuborib, boqishni va parvarishlashni yo‘lga qo‘ygan.

Qoramon mahallasidagi tinib-tinchimas, mehnatsevar hamyurtlarimizdan yana biri Alisher Yaxshimov 2022 yilda chorvachilik faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida bankdan 66 mln so‘m imtiyozli kredit olib, yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib kelmoqda. Ushbu kredit mablag‘lari hisobiga mavjud 2 bosh qoramoli yoniga yana 10 bosh qoramol sotib olib qo‘shgan. Hozirda yaxshi parvarishlash natijasida chorvachilik sirlarini yaxshi bilgan hamyurtimizning chorva mollari soni salkam 20 boshga yetgan. Shuningdek, ilgari 5-6 bosh qo‘y boqqan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ular soni 30 boshga yetgan.

Alisher Yaxshimovning aytishicha, chorvachilik bilan shug‘ullanish natijasida oilaning iqtisodi anchagina yaxshilangan. Turmush o‘rtog‘i hamda farzandlari o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida chorvadorga yordam berib, birgalikda mehnat qilib kelishadi. Qolaversa, hamyurtimiz qo‘shimcha daromad olish maqsadida asalarichilikni ham yo‘lga qo‘ygan. Har yili asalarichilik orqasidan 3-3,5 tonna asal olinib, oilaga 15-20 mln so‘mga yaqin qo‘shimcha daromad keladi.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.