Kunlar isishi bilan qishloq xo‘jaligi yer maydonlarida, aholi tomorqalarida bahorgi ekishga tayyorgarlik ishlari boshlab yuboriladi. Amudaryo tumanida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, ekish, parvarishlashga alohida e’tibor qaratilib, bu borada fermerlar, qishloq xo‘jaligi mas’ullari ishtirokida o‘zaro bilim va tajriba almashish maqsadida o‘quv-seminarlar tashkil etilmoqda.
Joriy yilning 9 mart sanasida tumanimizdagi Oq oltin ovulidagi “Yakubova Gavhar” fermer xo‘jaligi yer maydonida g‘allani oziqantirish mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, tumandagi sektorlar rahbarlari, fermerlar, qishloq xo‘jaligi soha mas’ullari, yoshlar hamda respublika miqyosidagi agrar soha bo‘yicha professorlar, ilmiy xodimlar ishtirok etdilar.
Seminarda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov so‘zga chiqib, keyingi yillarda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini isloh qilish, xususan, sohada davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, bozor munosabatlarini keng joriy qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi, qayta ishlovchi va sotuvchi subyektlar o‘rtasidagi munosabatlarning huquqiy asosini mustahkamlash, sohaga investitsiyalarni jalb qilish, yangi texnologiyalarni joriy etish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni zamonaviy texnikalar bilan ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganligini ta’kidladi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi, fan doktori, professor Zohidjon Ziyodullayev seminar ishtirokchilariga, fermerlar hamda qishloq xo‘jaligi soha mas’ullariga kechki, rivojlanishdan orqada qolgan, kuzda oziqlantirilmagan g‘alla maydonlarida azotli o‘g‘itlar bilan oziqlantirish hamda sug‘orish ishlarini amalga oshirish lozimligini, g‘alladan yaxshi hosil olish borasidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan agrotexnik tadbirlar haqida ma’lumotlar berib o‘tdi.
Ma’lumotlarda keltirilishicha, g‘allaga beriladigan o‘g‘it va suv o‘simlik ildiz sistemasining rivojlanishini kuchaytiradi va tuplash bo‘g‘inining kattalashishiga hamda tuplash bo‘g‘inida shakar moddalarining ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Bu sharoitda g‘alla o‘simligi o‘sish o‘rniga vegetativ organlarini, ya’ni tuplash bo‘g‘inini kattartiradi va erta bahorda katta tuplash bo‘g‘inlaridan yirik naychalar hamda poyalarni shakllantiradi. Katta naycha va poyalardan yirik boshoqlar hosil bo‘lishini ta’minlaydi. Oziqlantirilmagan va sug‘orilmagan, tuproqda namlik yetarli bo‘lmagan g‘alla maydonlaridagi nihollar sovuqqa, boshqa omillarga beriluvchan hamda kasallik va zararkunandalarga tez chalinuvchan bo‘lib qoladi. Erta bahordan tuplanmasdan naychalash fazasiga o‘tib ketishi g‘allaning hosildorligi pasayib ketishiga sabab bo‘ladi.
Seminarda, Sho‘manay tumani “ECO TEKS CLUSTER” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Fahriddin Hakimov so‘zga chiqib, bahorning ilk oylarida g‘allani oziqlantirish borasidagi fikr-mulohazalari bilan bo‘lishdi.
Qayd etilishicha, mart oyi g‘alla parvarishida g‘alla hosiliga hosil qo‘shish oyi bo‘lib, o‘z vaqtida o‘tkaziladigan agrotexnik tadbirlar natijasida g‘alladan yuqori hosil olish va ulkan xirmon bunyod etishga asos bo‘ladi. Birinchi bahorgi oziqlantirish ishlari o‘tkazilgan g‘alla maydonlariga yoqqan yomg‘ir, g‘alla rivojiga juda katta foyda berishi, bunday sharoitda g‘alla maydonlarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan eng muhim agrotexnik tadbirlaridan biri bo‘lgan g‘allani azotli mineral o‘g‘itlar bilan ikkinchi bahorgi oziqlantirish ishlarini qisqa muddatlarda yakunlash choralarini ko‘rish lozimligi xususida so‘z yurtildi.
Shuningdek, seminarda tumanimizdagi qishloq xo‘jaligi soha mas’ullari tomonidan mavzu yuzasidan savollar berildi, agrar sohaning turli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro fikrlar almashildi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.