Nogironligi bor bo‘lishiga qaramay ba’zi sog‘lom insonlar uchun o‘rnak bo‘layotgan hamyurtlarimiz

Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan bugungi kunda mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning hayot tarzi, yashash sharoitlarini yaxshilash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Amudaryo tumanida ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lishiga qaramay, hayotda sog‘lom insonlar singari oldinga intilayotgan, o‘z oilasini, ota-onasi va farzandlarini moddiy ta’minlashga harakat qilayotgan, bugungi kuniga shukronalik keltirib, yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan hamda o‘zgalarga namuna bo‘layotgan hamyurtlarimiz talaygina.

Tumanimizning Chordara mahallasida yashovchi Shokir Nurullayev 2014 yilda baxtsiz hodisa tufayli bir oyog‘idan ajralgan hamda II guruh nogironi bo‘lib qolgan. Hozirgi kunda 2 nafar farzand – bir o‘g‘il, bir qizning otasi. Yoshi ulug‘ onasi Gulara Salayevaning duosini olib, oilasini boqish, turmush o‘rtog‘i hamda farzandlarini o‘zgalardan kam qilmay tarbiyalashga harakat qilib kelmoqda.

Shokir Nurullayev kredit mablag‘i hisobiga elektr mototsikl sotib olgan hamda ushbu mototsikl orqali og‘ir yuklarni, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashib berish orqali xalqimizga xizmat ko‘rsatib, oilasiga daromad keltirmoqda.

Nogironligi bo‘lishiga qaramay, o‘zi, oilasi va farzandlari uchun yaxshi hayot tarzini yaratishga, farzandlarining orzu-havaslarini ro‘yobga chiqarishga intilib, harakatdan to‘xtamayotgan yana bir hamyurtimiz Ravshanbek Matmuratov 2002 yilda baxtsiz hodisa sababli o‘ng qo‘lidan ajralgan. U II guruh nogironi bo‘lishiga qaramay, hayotidan norozi bo‘lib yashayotgan ba’zi sog‘lom insonlarga o‘rnak, namuna bo‘la oladi.

II guruh nogironi Ravshanbek Matmuratov bilan suhbatlashar ekanmiz, o‘zini aslo nogiron ekanligini his qilmasdan, oilaboshi sifatida tadbirkorlik orqali yaxshi daromad topayotganining, ro‘zg‘orini tebratib, halol mehnat qilayotganining guvohi bo‘ldik.

Ravshanbek Matmuratov Mang‘it dehqon bozorida yoz oylarida qovun, tarvuz kabi poliz ekinlarini, qish oylarida esa kartoshka, piyoz, sabzi, karam kabi sabzavotlarni sotib kelmoqda. Hamyurtimiz bugungi kunidan rozi, turmush o‘rtog‘i, 2 nafar o‘g‘li hamda qizi doimo unga qo‘l-qanot bo‘lib, qo‘llab-quvvatlab kelishayotganini, o‘zini bu hayotda baxtli insonlar qatorida ekanini ta’kidlaydi.

Mang‘it shahri Olmazor mahallasida yashovchi Otabek Bobojonov o‘z sevgan kasbi mobil telefonlarni ta’mirlash faoliyati bilan shug‘ullanib kelmoqda. Uning hayotda o‘z o‘rnini topishiga nogironligi aslo to‘sqinlik qilmagan. Doimo o‘z ustida ishlovchi, izlanuvchan Otabek Bobojonov bugungi kunga qadar 6 nafar shogirdlar tayyorlab, ularning ham ustachilik faoliyatlarini boshlab yuborishlariga yordam bergan.

Oilali, bir nafar farzandning otasi bo‘lgan Otabek Bobojonov mohir usta bo‘lib yetishishida ota-onasi hamda turmush o‘rtog‘i doimo qo‘llab-quvvatlab kelganlarini ta’kidlaydi. U o‘z kasbiga bo‘lgan mehri, qiziqishi, doimo harakatdan to‘xtamasligi tufayli Toshkent shahrida mobil telefonlarni ta’mirlovchi tajribali ustalar qo‘lida o‘qib, ulardan yangi bilimlar hamda ko‘nikmalar olib kelgan. Ayni paytda Otabek Bobojonov o‘z kasbining mohir ustasi, uning doimiy mijozlari soni juda ko‘p va har bir mijoz uning ishlaridan mamnun.

Oramizda ana shunday – imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramasdan o‘zini aslo ijtimoiy himoyaga muhtoj deya his etmaydigan, hayotni sevuvchi, har bir kuniga, hatto har bir so‘zida shukronalik keltiruvchi insonlarni ko‘rib kishining shukronaligi, g‘ayrati, shijoati, hayotga muhabbati, ertangi kunga ishonchi yanada ortadi.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.