QILICHBOYLIKLAR NAVRO‘Z BAYRAMINI KO‘TARINKI KAYFIYATDA NISHONLASHDI

Navro‘z – yangilanish, yasharish ayyomi. Yurtimizga bahor fasli kirib kelishi bilan barcha hududlarda, el orasida Navro‘z shukuhi keza boshlaydi. Har gal orziqib kutadigan va katta xursandchilik, shodiyona bilan o‘tkazadigan Navro‘z bayrami hayot abadiyligi, tabiatning qudrati va cheksiz saxovatining, xalqimizning ko‘p ming yillik milliy qiyofasi, olijanob urf-odatlarimizning betakror ifodasidir.

Barcha joylarda bo‘lgani kabi Amudaryo tumanida ham Navro‘zi olam tantanalari keng nishonlanib, bayram tadbirlari barchaga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi.

23-mart kuni tumanning Qilichboy ovulida ham “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” shiori ostida jo‘shqinlik bilan o‘tkazilgan bayram sayli ko‘ngillarga bahoriy iliqlik va go‘zallik olib kirdi.

Bayram saylida O‘zbekiston mahallalar uyushmasi tuman bo‘limi boshlig‘i Bahrom Qodirov, fuqarolar yig‘ini raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Amina Yusupova hamda boshqa mas’ullar, hududdagi maktablar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari jamoalari qatnashishdi.

Sayilgoh bayram tomosha qilish uchun kelgan ovuldagi katta-yu kichik aholi, yoshlar, otaxonu-onaxonlar bilan to‘ldi. Azaliy urf-odatlarimizga muvofiq sayilgohda dasturxonlar bezatilib, bahoriy taomlar, shirmoy kulchalar-u patirlar, sumalak tortildi. Ko‘klam go‘zalligiga mos atlas-u adras kiygan qizlar o‘zbekona odatlarga binoan kelinsalomlar bilan kelganlarni kutib oldilar.

Sayilga kelganlar maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari, ko‘chalar faollari tomonidan tashkil etilgan milliy taomlar ko‘rgazmasini zavq bilan tomosha qilishdi. Ularga milliy taomlar, Navro‘zning shoh taomi – sumalaklar tortiq qilindi.

Tadbirni ochib berish uchun so‘zga chiqqan O‘zbekiston mahallalar uyushmasi tuman bo‘limi boshlig‘i Bahrom Qodirov barcha qilichboyliklarni bayram bilan tabrikladi va bayram arafasida ovul hududida har bir xonadon, ko‘chalar obodonlashtirilib, ko‘chatlar o‘tqazilgani, qishloq mutlaqo yangicha qiyofa kasb etgani, bemorlar, ko‘makka muhtojlar holidan xabar olingani haqida so‘zladi.

Shuningdek, so‘zga chiqqan boshqa mas’ullar ham ovul ahlini bayram bilan tabrikladi va dehqonlar eli bo‘lgan Qilichboyning mehnatkash bobodehqonlari yuksak xirmon umidida allaqachon dalaga chiqib, ishga kirishgani, dastlabki qadalgan urug‘lar unib chiqa boshlaganini aytib, baraka tiladilar.

Shundan so‘ng, ovuldagi Qilichboy madaniyat markazi tomonidan hududdagi 15-, 83-, 69-sonli maktablar va 22-, 27-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda tayyorlangan musiqiy dastur namoyish etildi. Dastur davomida turli xalq va sport o‘yinlari, lapar-u aytishuvlar, ayniqsa, boqiy qadriyatlarimizni namoyish etishga keng o‘rin berildi.

Markazdagi badiiy havaskorlik to‘garagi a’zolari, maktablar o‘quvchilari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarining chiqishlari, ijro etilgan xalq og‘zaki ijodi termalaridan namunalar, ona-Vatanni, tinchlikni, obod va ozod yurtimizni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar barchaga quvonch ulashdi. Dasturdan o‘rin olgan turli tomoshalar, sport o‘yinlari, milliy kurash va arqon tortishish o‘yinlari ham barchaga manzur bo‘ldi.

Sayilda qatnashgan qilichboyliklar mana shunday ulkan shodiyonalarga yo‘l ochib bergan, elimizni taraqqiyotning yorqin yo‘liga olib chiqqan istiqlolga shukronalar aytdilar. Bunday tantanavor kunlarning bardavom bo‘lishini tilab, duoga qo‘l ochdilar.

“Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” shiori ostida o‘tkazilib, har bir kishining ruhiyatini yangilagan shu kungi Navro‘z sayli butun ovulga o‘zgacha tarovat baxsh etdi.

O.Xudoyberganova.