Mas’uliyatli, ijodkor yosh tarbiyachi

Tarbiyachilik kasbi kelajak avlodni har tomonlama yetuk, barkamol bo‘lib yetishishida juda katta ahamiyatga ega bo‘lgan kasb hisoblanadi. Farzandlarimiz qalbida Vatanga bo‘lgan mehrni uyg‘otishda, ularning qobiliyat va o‘ziga xos fazilatlarini yuzaga chiqarishda, iqtidorlarini namoyon etishda tarbiyachilarning, ularda dastlabki bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishdagi o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.

O‘z kasbiga, bolajonlarga mehri-muhabbati yuqori bo‘lgan hamda tarbiyachilikning yuqori mas’uliyatga ega bo‘lgan kasb ekanligi chuqur anglab yetgan, yosh bo‘lishiga qaramay, doim o‘z ustida ishlab, shijoat va g‘ayrat bilan mehnat qilayotgan Nafisa Sobirova tumanimizda ta’lim-tarbiya sohasiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan tarbiyachilardan biri sanaladi.

22 yoshli ijodkor, iqtidorli tarbiyachi Nafisa Sobirova tumanimizdagi “Zebo” davlat xususiy sherikchilik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkilotida bolajonlarda dastlabki bilim va ko‘nikmalarni shakllantirib, ularga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda.

Tumanimizdagi Bo‘ston mahallasi yashovchi Nafisa Sobirova oilasida kenja farzand. Otasi Rustam Ibragimov 2019 yilda og‘ir hastalik tufayli olamdan o‘tgan. Onasi Nasiba Jumatova tuman Bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida ijtimoiy xodim bo‘lib faoliyat yuritib kelmoqda. Oilaning to‘ng‘ich farzandi, akasi Temur Sobirov tuman Sport maktabida murabbiy bo‘lib bolajonlarga sport sirlarini o‘rgatib kelmoqda.

Nafisa Sobirova 38-sonli umumta’lim maktabida 2008-2019 yillar mobaynida tahsil olgan. 2020-2022 yillarda Taxiatosh tumanida joylashgan Pedogogika kollejida maktabgacha ta’lim yo‘nalishida o‘qidi hamda maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi mutaxassisligi sifatida o‘rta professional diplom sohibi bo‘ldi. 2023 yilda o‘zining tarbiyachilik faoliyatini “Zebo” MTTda davom ettirgan Nafisa Sobirova tarbiya maskanidagi eng faol, mas’uliyatli, ijodkor xodimlardan biri hisoblanadi.

Ayni paytda tashkilotda Nafisa faoliyat olib borayotgan o‘rta guruhda tarbiyalanuvchi 3-4 yoshlar orasidagi bolajonlar soni 30 nafar bo‘lib, guruhda Mardona Yo‘ldasheva yordamchi tarbiyachi sifatida ishlab kelmoqda.

Nafisa Sobirova bolajonlarga turli qiziqarli o‘yinlar asosida har xil mashg‘ulotlarni tashkil etib kelmoqda. Xususan, “Besh burchak” metodi asosida hamda “Ilk qadam” dasturi doirasidagi qiziqarli va foydali metodlar asosida hamda o‘z ustida ishlash orqali internet materiallaridan foydalangan holda yangi o‘yin mashg‘ulotlarini olib boradi.

Nafisa ta’lim-tarbiya berayotgan guruhdagi tarbiyalanuvchi bolajonlar ranglarni, shakllarni oson ajrata oladi. Uy hayvonlari, sabzavotlar nomlarini ayta oladilar hamda 1 dan 20 gacha bo‘lgan sonlarni bemalol sanay olishadi. Shuningdek, guruh tarbiyanuvchilari tuman miqyosida o‘tkaziladigan bayram tadbirlarida faol ishtirok etib kelmoqdalar.

Nafisaning kelajakdagi orzu-maqsadlari talaygina. U bu yil oliy o‘quv yurti talabasi bo‘lishga astoydil harakat qilmoqda. Kelajakda tarbiyachilik kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lish hamda o‘zining xususiy boqchasini tashkil etib, talim-tarbiya sohasida samarali ishlarni amalga oshirishni maqsad qilgan.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.