Joriy yilning 27 mart kuni Amudaryo tuman hokimligining majlislar zalida Xalq deputatlarin tuman kengashining navbatdagi 71-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiya majlisida tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ul xodimlari, bo‘limlar, tashkilotlar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Sessiyani xalq deputatlari tuman Kengashi raisining o‘rinbosari G‘ulomjon Eshniyazov ochdi va olib bordi. Sessiya kotibligiga 14-Paxtakor saylov okrugidan deputat Tamara Yusupova saylandi.
Sessiyada dastlab “Amudaryo tumanini ishsizlik va korrupsiyadan holi hududga aylantirish hamda sektorlar rahbarlari tomonidan mahallalarda ishlarni tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi masala yuzasidan sektorlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.
Hisobotlarda sektorlar rahbarlari tomonidan aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholining huquqiy madaniyatni yuksaltirish, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni kuchaytirish hamda ushbu yo‘nalishda tumandagi barcha korxona va tashkilotlar, mahallalar, ta’lim muassasalarida targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.
Xususan, tuman hokimi – 1-sektor rahbari Sobir Xo‘jametov joriy yilda sektor hududida yashovchi 1 565 nafar ishsiz aholining iqtisodiyot tarmoqlarida bandligini ta’minlash maqsad qilib olinganini ta’kidlab o‘tdi. Shundan 45 nafar aholi hududiy investitsiya loyihalarini ishga tushirish hisobiga, 407 nafari xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish hisobiga, 1048 nafari qishloq xo‘jaligi sohasida hamda 65 nafari qurilish sohasida ish bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan.
Tuman prokurori – 2-sektor rahbari Aziz Ro‘zmetov o‘z hisobotida mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda sektor bo‘yicha jami 1 699 nafar ishsiz aholining, shundan 796 nafar ayollar va 532 nafar yoshlarning bandligini ta’minlash bo‘yicha mahallalar kesimida alohida dasturlar ishlab chiqilganini qayd etdi.
Tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i – 3-sektor rahbari Jamoladdin Yusupovning hisobotida o‘tgan yil davomida sektor bo‘yicha 6 ming 946 ta ish o‘rni tashkil etilgani, shundan 39 foizdan ortig‘i kichik biznes va xususiy tadbirkorlik hissasiga to‘g‘ri kelgani ta’kidlandi. Joriy yilda 3 696 nafar ishsiz aholining iqtisodiyot tarmoqlarida bandligini ta’minlash rejalashtirilayotgani qayd qilinib, bu haqida deputatlarga batafsil ma’lumotlar berildi.
Kun tartibidagi dastlabki masala bo‘yicha tuman Soliq inspeksiyasi boshlig‘i – 4-sektor rahbari Jahongir Rahimovning hisobotida ham Amudaryo tumanini ishsizlik va korrupsiyadan holi hududga aylantirish hamda sektor rahbari tomonidan mahallalarda ishlarni tashkil qilish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar xususida batafsil ma’lumotlar berildi.
Sessiyada tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Kamiljan Aytbayev “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun zarur mablag‘ ajratish bo‘yicha taklif kiritdi. Taklif deputatlar tomonidan muhokama qilinib, bir ovozdan tasdiqlandi.
Sessiya kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan Amudaryo tumani Adliya bo‘limi boshlig‘i Mansur Sadikov axborot berdi. Axborotda qayd qilinganidek, bo‘limga 2023 yil davomida jami 359 ta ariza va shikoyat kelib tushgan bo‘lib, sudlarga 156 nafar fuqaroning manfaatida arizalar kiritilib, shundan 146 tasi qanoatlantirilgan. 18 ta davlat idora va tashkilotlarida o‘rganishlar o‘tkazilib, o‘rganishlar davomida 2101 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan va bartaraf etilgan.
Sessiya kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan Majburiy ijro byurosi Amudaryo tuman bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Azizbek Tadjiyev hisobot berdi. Hisobotda qayd qilinganidek, 2023 yil davomida bo‘lim ish yurituvida oldingi yil qoldig‘i bilan jami 253,2 mlrd. so‘mlik 28 594ta ijro xujjatlari kelib tushgan bo‘lib, shundan, 174,1 mlrd. so‘mlik 13 246ta ijro hujjatlari tamomlangan yoki tugatilgan. 126,8 mlrd so‘mlik 8882ta ijro hujjati amalda undirilgan. Bo‘lim tomonidan undiriladigan jinoyat natijasida yetkazilgan zarar, davlat boji, jinoiy va ma’muriy jarimalar, davlat foydasiga o‘tkaziladigan olib qo‘yilgan mol-mulklarni sotishdan tushgan pullarning 50 foizi, ya’ni 3 mlrd 520 mln so‘m mablag‘ “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.
Sessiya kun tartibidagi keyingi yuzasidan tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi direktori Shukurullo Yusupov hisobot berdi. Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 5 yanvardagi qaroriga asosan har yili 1 aprelga qadar vegetatsiya davri uchun yakuniy iste’molchilar kesimida ekinlarni sug‘orishga suv olish limitlari ishlab chiqilib, tasdiqlash uchun Xalq deputatlari tuman Kengashlariga kiritilishi belgilangan. Shunga ko‘ra 2024 yil vegetatsiya davri uchun suv olish limitlari ishlab chiqilib, deputatlar e’tiboriga havola qilindi va bu bo‘yicha Kengash qarori qabul qilindi.
Sessiya kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan tuman Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Ilhom Palvanov hisobot berdi. Hisobotda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish holatini o‘rganish natijalari ma’lum qilinib, yerdan samarasiz foydalangan va yer ijara shartnomasi muddati tugagan xo‘jalik subyektlarining yerlarini belgilangan tartibda tuman hokimligi zaxira yer fondiga qaytarish taklifi kiritildi.
Shuningdek, tumanda 2024 yil hosili uchun jami 31 ming 274 gektar maydonga qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish rejalari hamda tomorqa va dehqon xo‘jaliklari yerlaridan samarali foydalanish, mahsulot yetishtirish hajmini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida ham ma’lumotlar berildi.
Kun tartibidagi so‘nggi masalada deputatlarga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2024 yil 20 fevral kungi “Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning hisobotlarini eshitish to‘g‘risida”gi qarori asosida “Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi tomonidan tuman huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari hisobotlarini eshitish tartibi” ishlab chiqilgani ma’lum qilinib, ushbu hujjat deputatlar muhokamasiga havola qilindi.
Sessiyada shuningdek, Kengash vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
Barcha masalalar yuzasidan Kengash qarorlari qabul qilindi va shuning bilan sessiya o‘z ishini yakunladi.
Tuman hokimligining axborot xizmati.