Oq oltin ovulidagi o‘zini o‘zi band etgan, tomorqasidan unumli foydalanayotgan hamyurtlarimiz

Mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan xotin-qizlar banligini ta’minlash, ularning hayotda, jamiyatda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Amudaryo tumanidagi barcha ovul va mahallalarda faoliyat olib borayotgan “yettilik” tomonidan aholining band bo‘lmagan qatlamini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, tumanimizdagi Oq oltin ovulida faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar faoli Mohira Yakubova hududdagi ishsiz xotin-qizlarning hayot tarzining o‘zgarishida, o‘zlarining iqtidorlari va qobilayatlarini yuzaga chiqarishi, o‘zini o‘zi band qilishida har tomonlama yordam bermoqda.

Oq oltin ovulida yashovchi, yosh oila bekasi, 2 nafar farzandning onasi Muyassar Saparboyevaning tikuvchilik kasbiga qiziqishi juda katta ekanligini bilgan Mohira opa uning hozirgi kunda yaxshi daromad topayotgan qo‘li gul tikuvchi bo‘lishiga katta hissa qo‘shgan.

Muyassar Saparboyeva oddiy, eski tikuv mashinasi orqali qo‘ni-qo‘shni va qarindoshlarning kiyimlarini tikib berayotganini ko‘rgan ovulning xotin-qizlar faoli Mohira Yakubova o‘tgan yili unga 22 mln miqdorda kredit mablag‘i olishiga hamda ushbu mablag‘ hisobiga yangi, zamonaviy ko‘p funksiyali tikuv mashinalari olishiga amaliy yordam bergan.

Shuningdek, Muyassar “Tamara Tekstil” MCHJ da kasb-hunarga o‘qitildi hamda tikuvchilik sirlari bo‘yicha yangi bilimlar oldi. Hozirda Muyassarning 2 nafar shogird qizlari birgalikda faoliyat yuritib kelmoqdalar.  Risolat Davletboyeva, Sevara Rahimbergenova kelgusida ustozi kabi qo‘li gul tikuvchi bo‘lish uchun yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqdalar hamda bandligi ta’minlanib o‘zlarining kundalik ehtiyojlari uchun daromad topmoqdalar.

Ayni paytda Muyassar uyda farzandlari parvarishi hamda uy yumushlarini qilish bilan bir qatorda uy sharoitida tikuvchilik orqali yaxshi daromad topib kelmoqda. Mijozlari soni kundan kunga ko‘paymoqda.

Ana shunday qo‘li gul hunarmadlardan Gulchehra O‘taboyeva ishsiz xotin-qizlardan biri sifatida “Ayollar daftari”ga kiritilgan. Gulchehraning to‘quvchilikka bo‘lgan qiziqishi bolalik chog‘larida uyg‘ongan. U to‘quvchilikning sirlarini ilk bora momosidan o‘rgangan. 3-4-sinf o‘quvchisi bo‘lgan paytlaridayoq to‘qishni o‘rganib, o‘ziga va oila a’zolariga turli kiyim-kechaklar to‘qiy boshlagan.

Gulchehra o‘z bilimlarini kasb-hunar kollejida o‘qib, yanada boyitadi hamda hunarmand to‘quvchi sifatida sertifikatga ega bo‘ladi. Hozirda 3 nafar farzandning onasi Gulchehra uyida ham farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanadi, ham qaynona-qaynotasining xizmatini qiladi hamda qo‘ni-qo‘shni, qarindosh urug‘lar, tanish-bilishlar uchun buyurtma asosida turli kiyim-kechaklar, qishki bosh kiyimlar, qo‘lqoplar, paypoqlar, nimchalar hamda turli hayvonlar ko‘rinishidagi o‘yinchoqlar to‘qib, oilasiga yaxshi daromad olib kelmoqda.

Gilamdo‘zlik ota-bobolarmizdan, avloddan avlodga yetib kelayotgan eng qadimiy hunarlardan biridir. Oq oltinlik hamyurtimiz To‘lg‘onoy opa Xudaybergenova gilam to‘qish sirlarini ota-bobolaridan o‘rgangan. Maktab o‘quvchisi bo‘lgan paytlaridan buyon gilam to‘qish bilan shug‘ullanib keladi.

Maktabni bitirgandan keyin otasi va akasi To‘lg‘onoy opaga katta gilam to‘qish asbobini yasab berishadi. Ushbu uskunani hozirgi kunga qadar avaylab-asrab foydalanib kelayotgan To‘lg‘onoy opa katta xonadonidagi barcha gilamlarni o‘z qo‘l mehnati bilan to‘qigan. Bugungi qadar To‘lg‘onoy opa ko‘plab shogirdlar chiqargan.

Hozirgi kunda 3 nafar o‘g‘li, kelinlari, nevaralari  bilan katta oila bo‘lib birgalikda yashab kelayotgan oilaning hamjihatligi havas qilgudek. Kelinlari va nevaralari ham To‘lg‘onoy opadan katta qiziqish bilan gilamdo‘zlik sirlarini o‘rganib kelishmoqda.

Oq oltin ovulida tomorqa yeridan ununli foydalanib kelayotgan hamyurtlarimizdan biri Karimboy aka Niyatullayev o‘z tomorqasida issiqxona tashkil etib, turli xil savzavotlar yetishtirib kelmoqda.

Karimboy aka oila a’zolari bilan 4 yil oldin kredit mablag‘i hisobiga tomorqada 2,5 sotix yer maydonida tashkil etilgan issiqxonasida oilaviy mehnat qilishadi. Issiqxonada, asosan, Karimboy akaning turmush o‘rtog‘i Xushro‘y Allambergenova va kelini Dildora Sobirova ekilgan pamidor, bodring, rediska, piyoz, kortoshka, karam kabi sabzavotlar nihollarini parvarish qilishadi. Yiliga ikki marta hosil olinadigan issiqxonada suv tejamkorligi uchun tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yilgan. Oila o‘zlarining iste’molidan ortgan sabzavotlarni Mang‘it dehqon bozoriga olib borib sotishadi va yaxshi daromad olishadi.

Shuningdek, Oq oltin ovulida yashovchi nuroniy Qurolboy ota Kamolov 15 yildan buyon tomorqasida tashkil etgan issiqxonasida turli mahsulotlarning ko‘chatlarini yetishtirib kelmoqda.

Qurolboy ota tomoqasidagi archa nihollarini yoshligida Rossiya davlatidan olib kelgan va ko‘paytirishni yo‘lga qo‘ygan. Tomorqadagi 4 sotix yer maydonida tashkil etilgan issiqxonada farzandlari va kelinlari pomidor, bodring, rediska, karam kabi sabzavotlar hamda mevali daraxtlar ko‘chatlarini yetishtirishadi. Yetishtirilgan ko‘chatlarni ovul ahlolisi hamda bozorga olib borib sotishadi va yaxshi daromad olishadi.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.