28 mart kuni Amudaryo tumanining Uyshin mahallasi hududidagi madaniyat markazida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Rasul Zarikeyev ishtirokida sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi.
Sayyor qabulda tuman hokimining investitsiya va tashqi savdo bo‘yicha o‘rinbosari Fahriddin Yusupov, yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Nodir Kamolov, tumandagi barcha korxona-tashkilotlar mas’ullari, Qangli, Qumyop, Qipchoq, Daryo bo‘yi hamda Uyshin ovul va mahallalar fuqarolar yig‘inlari raislari, hokim yordamchilari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari hamda hududlardagi fuqarolar ishtirok etdilar.
Qabul jarayonida eski transformatorlarni yangisiga almashtirish, ichki yo‘llarni, ko‘priklarni ta’mirlash, boqcha va maktab qurilishi, yer olish masalasi, moddiy yordam berish kabi dolzarb masalalar bo‘yicha murojaatlar kelib tushdi.
Xususan, fuqaro Lola O‘tegenova foydalanib kelayotgan 8 sotix yerini o‘z nomiga rasmiylashtirib berish haqida, Bekbergan Kutlimuratov Uyshin mahallasi hududida yangidan qishloq vrachlik punktini tashkil etishda amaliy yordam berish masalasida, Karim Atajanov Uyshin mahallasi katta yo‘lidagi uchta ko‘prikni ta’mirlashda amaliy yordam berish haqida murojaat qildilar. Shuningdek, fuqaro Farxod Begmuratov ichki yo‘llarni shag‘allashtirishda amaliy yordam so‘rab, Urozboy Aytboyev Uyshin mahallasi hududida davlat maktabgacha ta’lim tashkioltini tashkil qilishda, Farhod Bekchanov esa hududdagi 75-sonli maktabga qo‘shimcha sinflar va sport zali kurib berish masalasida amaliy yordam so‘rab murojaat qildirlar.
Mahallada yashovchi Maryam Davletbayeva davolanishi uchun amaliy yordam berish, Mansur Yuldashev uy-joyi yaqinidagi katta kuchlanishli elektr simyog‘ochni boshqa joyga ko‘chirish, Nodir Ametov eski transformatorni ta’mirlab berish yoki yangidan o‘rnatib berish, Xudayor Baltabayev Qanli ovulidagi ichki ko‘chalar ta’mirtalab ahvolga kelib qolganligi sababli ko‘chalarga tosh yotqizib berish hamda 67-sonli maktabga sport zali hamda Qanjig‘ali aholi punktiga bog‘cha qurib berish masalasida, fuqaro Xidirboy Artikov esa Uyshin madaniyat uyi yonidagi elektr ustunlarini almashtirib berish hamda pilla pulini olishda amaliy yordam so‘rab murojaat qildilar.
Sayyor qabul jarayonida turli masalalar yuzasidan aholi vakillari tomonidan mas’ullarga jami 30 ga yaqin murojaatlar yo‘llandi. Murojaatlardagi ayrim masalalar qabul jarayonining o‘zida yechimini topgan bo‘lsa, ayrim masalalar bo‘yicha fuqarolarga tegishlicha tushuntirishlar berildi, qolgan masalalar bo‘yicha o‘rganish hamda muammolarni bartaraf qilish bo‘yicha korxona-tashkilotlar mas’ullariga tegishli topshiriqlar berildi.
Ta’kidlash joizki, davlat organlari va korxona-tashkilotlari rahbarlarining aholi vakillari bilan yuzma-yuz suhbat qurib, ularning muammolarini o‘rganishi va bartaraf etishga amaliy yordam berishi insonlarning hayot tarzining yaxshilanishiga, davlat siyosatiga bo‘lgan ishonchining yanada oshishiga xizmat qiladi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.