Joriy yilning 30 mart sanasida Amudaryo tumanida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Farhod Ermonov ishtirokida joriy yil hosili uchun chigit ekish bo‘yicha ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.
Tumanning Choyko‘l ovulidagi "Choyko‘l Do‘stlik" fermer xo‘jaligida tashkil etilgan ko‘rgazmali seminarda respublika hamda tuman miqyosidagi qishloq xo‘jaligi sohasi mas’ullari ishtirok etdilar. Seminar mobaynida joriy yilgi paxta hosili rejasini bajarish bo‘yicha oldinda turgan ustuvor vazifalar xususida so‘z yuritildi.
Dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Farhod Ermonov, tuman hokimi Sobir Xo‘jametov hamda barcha seminar ishtirokchilari ilk chigit urug‘larini yaxshi niyat bilan fermer xo‘jaligi dalasiga sepdilar. “Yusuf Eshon bobo” jom’e masjidi imomi Abdurahmon hoji Matsapoyev yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lishi, bu yilgi paxta hosili mo‘l bo‘lib, kontraktatsiya shartnomalarini ortig‘i bilan bajarishi uchun barcha fermerlarga katta kuch-g‘ayrat va hamjihatlik tilab duoga qo‘l ochdi.
Shundan so‘ng seminarga yig‘ilgan barcha qishloq xo‘jaligi sohasi mas’ullari bilan chigitni o‘z vaqtida ekish, zaruriy meniral o‘g‘itlarni belgilangan miqdorda va o‘z vaqtida berish yuzasidan tavsiyalar berildi hamda oldinda turgan vazifalar xususida so‘z yurtitildi.
Xususan, paxtaning eng unumdor navlari bilan bir qatorda chet eldan olib kelinadigan yangi navlarini ekish bo‘yicha taklif hamda tavsiyalar berildi. Paxtadan yaxshi hosil olish maqsadida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish, suvni tejovchi texnologiyalardan foydalangan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ekish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.
Ma’lumot o‘rnida keltirish joizki, Amudaryo tumanida joriy yilgi paxta hosili uchun jami 352 ta fermer xo‘jaliklaridagi 13 900 gektar maydonga chigit ekish rejalashtirilgan. Ushbu maydonlarda yetishtirilishi kutilayotgan paxta hosilini sotish bo‘yicha 6 ta klasterlar bilan shartnomalar imzolangan.
5 apreldan 15 aprelgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida rejalashtirilgan ekin maydonlarida chigit ekish ishlarini amalga oshirish uchun 112 nafar a’zolardan iborat 65 ta chigit ekish otryadlari tuzilgan. Mazkur otryadlar tarkibiga otryad rahbari, klasterlar agranomlari, yer tuzuvchilar, agroinspeksiya xodimlari, urug‘lik chigit yetkazib berishga, mineral o‘g‘it yetkazib berishga mas’ul xodimlar biriktirilgan. Otryadlarga jami 3209ta texnikalar biriktirilgan bo‘lib, shundan jami haydov traktorlari 145tani, jami yer tekislagichlar 346tani, chigit ekish seyalkalari 150 donani tashkil etadi.
Shuningdek, jami ertapishar navlar ekiladigan yer maydonlari 12 ming 802 gektar bo‘lib, shundan 8 ming 802 gektar maydoniga “Sulton” navi , 4000 gektar yer maydoniga “Ravnaq-2” navi ekilishi rejalashtirilgan. 500 gektar yer maydoniga yangi navlar, 1598 gektar yer maydoniga esa xorijiy navlar ekilishi belgilangan. Joriy yilgi paxta hosili uchun belgilangan jami urug‘lik chigit 857,5 tonna bo‘lib, 6 ta hududda chigit yetkazib berish shoxobchasi tashkil etilgan.
Shundan so‘ng Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Farhod Ermonov hamda barcha seminar ishtirokchilari aholi tomorqalarida amalga oshirilayotgan ishlar, qishloq xo‘jaliginining turli yo‘nalishlari bilan shug‘ullanib, oilasiga yaxshi daromad olib kelyotgan xonadonlar bilan yaqindan tanishdilar.
Seminar davomida tumandagi ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlarida faoliyat olib borayotgan “yettilik” mas’ullariga aholi xonadonlaridagi tomorqalardan unumli foydalanish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish, qishloq xo‘jaligining dehqonchilik, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik kabi tarmoqlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.