O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Amudaryo tumaniga tashrif buyurdi

Туман янгиликлари

Bugungi kunda mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan qishloq xo‘jaligi sohasini va uning tarmoqlarini yanada rivojlantirish borasida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov sohada olib borilayotgan islohotlar ijrosini o‘rganish, amalga oshirilayotgan ishlar va ularning samarasi bilan tanishish maqsadida Amudaryo tumaniga tashrif buyurdi.

Qishloq xo‘jaligi vaziri hamda respublika miqyosidagi agrar soha mas’ullari, olimlar tashrif chog‘ida dastlab Choyko‘l ovuli hududidagi “Choyko‘l Do‘stlik” fermer xo‘jaligidagi ekin maydoniga Xitoydan keltirilgan urug‘lik chigit ekish ishlari bilan tanishdilar. Vazir uchrashuvga yig‘ilgan tumandagi qishloq xo‘jaligi soha mutasaddilariga paxta urug‘ini ekish texnologiyasi, hosildorlikni oshirish, xitoy urug‘i va uni ekish borasida tavsiyalar berdi.

Shuningdek, dala o‘quv seminari tashkil etilib, Xitoydan keltirilgan chigitni yerga qadashdan tortib, unga beriladigan o‘g‘itlar, kelgusi hosildorlik, agrotexnik tadbirlarga rioya qilishning ahamiyati va mohiyati yuzasidan shu yerning o‘zida amaliyot sifatida ko‘rsatib, tushuntirib berildi.

Fermerlar seminarda ishtirok etayotgan olimlarga Xitoydan keltirilgan urug‘lik chigitning o‘ziga xos xususiyatlari xususida savollar berdilar, olimlar tomonidan tegishli tushuntirishlar berildi.

Tashrif mobaynida Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda seminar ishtirokchilari tumandagi tomorqalardan unumli foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yoshlarga ajratilgan yer maydonlarida olib borilayotgan ekish ishlari bilan yaqindan tanishdi.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, bugungi kunda yurtimizda davlatimiz rahbari yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib sharoit yaratish, ertangi kun egalarini kasbga yo‘naltirish va bandligini ta’minlash eng ustuvor ahamiyatga ega yo‘nalishlardan biri sifatida alohida e’tibor qaratmoqda.

Qishloq xo‘jaligi vaziri tumanda yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida ajratilgan ekin yer maydonlarida olib borilayotgan ishlar bilan ham yaqindan tanishdi. Ma’lumot o‘rnida, seminar ishtirokchilari borgan Xolimbeg ovuli hududidagi 70 nafar ishsiz yoshlarga 15 sotixdan 30 sotixgacha bo‘lgan yer maydonlari qishloq xo‘jaligi mahulotlarini ekish va o‘zini o‘zi band qilib, oila iqtisodiga daromad olib kelishlari uchun berilgan. Shuningdek, yoshlarning qishloq xo‘jaligi, dehqonchilik sir-sinoatlarini o‘rganishlari, ekin maydonidan yaxshi hosil olishlari hamda hosildan yuqori daromad olishlari uchun har 5 nafar yoshga 1 nafar fermer biriktirilgan.

Fermerlar yoshlarga berilgan ekin yer maydonlarida ekish ishlarini jadal suratlarda tashkil etishlari uchun texnika va urug‘lik ko‘chatlarni yetkazib berishmoqda, qolaversa, bilim, tajribalarini ayamasdan har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqdalar.

Berilgan imkoniyatdan samarali foydalanib, yuqori daromad olishni maqsad qilgan yoshlar o‘zlariga ajratib berilgan ekin yer maydonlarida turli sabzavot ko‘chatlari, xususan, kartoshka, piyoz, karam kabi mahsulotlar hamda qovun, tarvuz kabi poliz ekinlari urug‘larini yerga qadashmoqda. Mas’ullar yoshlarga ajratilgan ekin dalalarida ish qizg‘in ketayogani, ko‘zlarida ertangi kunga qat’iy ishonch aks etgan faol va ishbilarmon yigit-qizlar yerdan unumli foydalanib, oilasi iqtisodini yaxshilash va mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shishga bel bog‘laginining guvohi bo‘ldilar.

Vazir Ibrohim Abdurahmonov tashrif mobaynida nafaqat qishloq xo‘jaligi obyektlarida, balki aholi xonadonlarida ham bo‘lib, tomorqasidan samarali foydalanayotgan yurtdoshlarimiz bilan suhbatlashdi, ularga dehqonchilik madaniyatini yanada yuksaltirish, har qarich yerdan samarali foydalanish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.

Xolimbeg ovuli hududida yashovchi hamyurtimiz Erkin Qo‘shayev tomorqasida har xil qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirib kelayotgan, ko‘p yillik tajribaga ega, dehqonchilik sirlaridan yaxshigina xabardor bo‘lgan tomorqachilardan biri sifatida hurmat va e’tiborga sazovor.

Tomorqasidagi har bir qarich yerdan unumli foydalanadigan Erkin Qo‘shayev yuqori e’tibor va alohida parvarish talab qiladigan qulupnay, limon, xurmo kabi mevalar, kartoshka, piyoz, pomidor, bodring kabi sabzavotlar ekib, yiliga ikki martadan hosil oladi va olasiga yaxshi daromad olib keladi. Shuningdek, dehqonchilik bilan bir qatorda parrandachilik, quyonchilik hamda chorvachilikni ham yo‘lga qo‘ygan.

Mahallada istiqomat qiluvchi yana bir hamyurtimiz Shavkat O‘rozboyevning tomorqasi bilan tanishish chog‘ida mehmonlar bu yurtdoshimizning ham an’anaviy usulda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishdan tashqari, 16 sotix maydonda issiqxona tashkil etib, yerdan samarali foydalanayotganiga guvoh bo‘lishdi. Tomorqada pomidor va bodring yetishtirib, oilaviy daromadini yil sayin oshirib borayotgan dehqon yerdan samarali foydalanish bo‘yicha ko‘p yillik tajribasi va bu yilgi rejalari to‘g‘risida mehmonlarga ma’lumotlar berdi.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.