O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘iga asosan tasdiqlangan reja bo‘yicha ayni kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab vazirlik tasarrufidagi ashula va raqs ansamblining konsert dasturlari o‘tkazilmoqda.
18 aprel kuni Amudaryo tumanidagi Bolalar va o‘smirlar sport maktabiga qarashli sport maydonida ham ana shunday xayriya konserti bo‘lib o‘tdi.
Konsert dasturida asosan, ichki ishlar organlari xodimlari, tizim faxriylari, shuningdek, xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok bo‘lgan yoki nogiron bo‘lib qolgan xodimlarning oila a’zolari ishtirok etishdi.
Tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyi rahbari podpolkovnik Uchqun Tillayev, ansambl a’zolari – xalqimiz sevgan so‘z ustalari O‘tkir Muxammadxo‘jayev, Zokir Ochildiyev, xushovoz xonandalar Feruza Jumaniyozova, Ulug‘bek Xoliqov, Suhrobbek Hamdamov va Nurali Shukurullayevlar ishtirok etib, o‘zlarining chiqishlari bilan tomoshabinlar kayfiyatini ko‘tarib, zavq-shavq ulashdi.
Ushbu hayriya konsert dasturini tashkillashtirishdan asosiy maqsad, vatanimiz tinchligini va osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida o‘zlarining shirin jonlaridan, oromidan kechib, xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida vafot etgan ichki ishlar organlari xodimlarining oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash, ularga mehr ulashish, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatishdan iboratdir.
Shuni ham aytish joizki, madaniyat va san’at yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim rol o‘ynaydi. Kelajagimiz egalarini Vatanga sadoqat ruhida kamolga yetkazishda, shuningdek, ular ongiga milliy qadriyatlar va an’analarga hurmat hissini singdirishda ham san’atning o‘rni alohida.
Shu maqsadda tashkil qilingan Ichki ishlar vazirligi ashula va raqs ansambli ham ko‘p yillardan buyon faoliyat yuritib, har yili mamlakatimizning turli hududlariga gastrol safarlarini tashkil etib keladi. Olis va chekka hududlarda o‘tkazilayotgan konsert dasturlarida ham minglab yurtdoshlarimiz ishtirok etib, ansambl a’zolarining vatanparvarlik ruhi yo‘g‘rilgan ijod namunalaridan bahramand bo‘lmoqda. Ayniqsa, badiiy so‘z ustalarining chiqishlari konsert dasturi ishtirokchilarining olqishlariga sazovor bo‘lmoqda.
Bu kabi xayriya konsertlari jamiyatimizda ma’naviy qadriyatlarni yanada mustahkamlash va vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytirishda muhim rol o‘ynaydi hamda san’at va madaniyatni yanada ommalashtirish, ijtimoiy mas’uliyat va yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘ularini targ‘ib qilish orqali jamiyatimizning turli qatlamlari o‘rtasida o‘zaro do‘stlik va birodarlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Konsert yakunida xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok bo‘lgan va nogiron bo‘lib qolgan xodimlarning oila a’zolariga esdalik sovg‘alari topshirildi va ularning qahramonliklari xotirlanib, yuksak e’tirof etildi.
Konsert dasturi ko‘tarinki ruhda o‘tdi va tamoshabinlarning olqish hamda e’tiroflariga sazovor bo‘ldi. Tadbir davomida san’atkorlar va xonandalar tomonidan taqdim etilgan musiqiy chiqishlar, ijro qilingan kuy va qo‘shiqlar xalqimizning birdamligi va ma’naviyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilgani bilan nihoyatda ahamiyatli bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi qoshidagi ashula va raqs ansamblining xayriya konsertlari mamlakatimiz bo‘ylab boshqa shahar va qishloqlarda ham davom etadi.
Umid O‘rozaliyev, tuman IIB boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik