G‘o‘za qator oralariga ishlov berish bo‘yicha ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi

Туман янгиликлари

18 aprel kuni Amudaryo tumanining Do‘rman ovulidagi “Pirnazarov To‘raboy” fermer xo‘jaligi dalasida g‘o‘za qator oralariga ishlov berish hamda g‘o‘za tarbiyasidagi boshqa agrotexnik tadbirlar bo‘yicha ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.

Seminarda Qoraqalpog‘iston Republikasi Vazirlar Kengashi Raisi Farhod Ermonov, Jo‘qorg‘i Kenges qo‘mitasi mas’ul xodimi Anvar Jumanazarov, tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, qishloq xo‘jaligi sohasi mas’ullari va fermerlar ishtirok etishdi.

Ishtirokchilar dastlab fermer xo‘jaligi dalasida g‘o‘za qator oralariga dastlabki ishlov berish jarayoni bilan yaqindan tanishdilar. Qayd etilganidek, g‘o‘za qator oralariga ishlov berish jarayoni tuproqning mexanik va biologik xususiyatlarini yaxshilaydi. Tuproqning yumshatilishi, tuproqda mikroorganizmlarning faoliyatini yaxshilaydi, bu esa tuproqning oziq moddalari bilan boyishiga yordam beradi.

Seminarda so‘zga chiqqanlar tomonidan ta’kidlanganidek, g‘o‘za tarbiyasida qator oralariga ishlov berish va kultivatsiya, yaganalash jarayonlari o‘ta muhim tadbirlar sirasiga kiradi. Qator oralariga dastlabki ishlov berish, ya’ni g‘o‘za qatorlari orasini haydash yoki yumshatish, tuproqning havo va suv o‘tkazish xususiyatlarini yaxshilaydi, bu esa o‘simlik ildizlarining nafas olishini va oziqlanishini yaxshilaydi.

Kultivatsiya g‘o‘za qatorlari atrofidagi begona o‘tlarni yo‘qotish orqali g‘o‘zaga ko‘proq yorug‘lik va oziq moddalar yetib borishiga ham yordam beradi. Yaganalash esa g‘o‘zaning har bir metrga to‘g‘ri keladigan nihollari sonini optimallashtirish orqali g‘o‘za o‘simliklarining bir-biriga teng sharoitda o‘sishini ta’minlaydi. Bu ishlovlarning barchasi g‘o‘za dalalarining umumiy holatini yaxshilashga va hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi.

Aytish joizki, joriy yilda Amudaryo tumani bo‘yicha jami 13900 gektar maydonga chigit ekilgan. Ayni kunlarda chigitlar nish urib, unib chiqmoqda va dalalardan tekis nihol olinmoqda.

Seminarda so‘zga chiqqan mas’ullar va mutaxassislar g‘o‘za qator oralariga dastlabki ishlov berish paxta yetishtirishning muhim bosqichlaridan biri hisoblanishini alohida qayd etishdi.

Bu jarayon o‘simliklarning to‘g‘ri va sog‘lom o‘sishi uchun zarur bo‘lgan sharoitlarni yaratishga yordam beradi. Shuningdek, bu ishlov begona o‘tlarning o‘sishini cheklaydi va tuproqning qatqaloq qavatini yo‘qotishga yordam beradi, natijada o‘simliklar o‘sishi va rivojlanishi uchun qulay muhit vujudga keladi. Ushbu jarayonda tuproqning fizik va biologik xususiyatlari yaxshilanadi, bu esa o‘simliklarning suv va oziq moddalardan samarali foydalanishiga imkon beradi. Ishlov berish jarayonidan keyin tuproqning yuqori qavati yumshab, o‘simlik ildizlarining kengayishi va chuqurroqqa o‘sishiga imkon yaratiladi.

G‘o‘za qator oralariga ishlov berish o‘simliklarning kasalliklarga chalinish xavfini ham kamaytiradi va ildiz chirish kasalliklarining oldini olishda muhim omil sanaladi.

Mas’ullar ushbu agrotexnik jarayonni sifatli amalga oshirish orqali suvdan samarali foydalanishga ham zamin yaratish lozimligini alohida qayd etdilar. Zero, tuproqning yumshatilishi suvning tuproqqa kirib borishini va undan teng tarqalishini ta’minlaydi, bu esa suvning bekorga sarflanishining oldini oladi. Bundan tashqari, tuproqning yumshatilishi suvning bug‘lanib ketishini kamaytiradi, bu esa suv resurslarini tejashga yordam beradi.

Seminarda qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari ayni kunlarda g‘o‘za tarbiyasida dolzarb hisoblanadigan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar berib, ishtirokchilarning savollariga batafsil javoblar qaytardi.

G‘.Yeshniyozov