Gender tenglik, bu erkaklar va xotin-qizlar tengligi - insonning asosiy huquqlaridan biri hisoblanadi.
Shuningdek, gender tenglik, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotning ham negizi hisoblanadi.
Milliy qonunchiligimizga «gender» tushunchasi 2019-yil 3-sentyabrdagi Oʻzbekiston Respublikasining «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida»gi qonuni bilan kiritilgan boʻlib, unga koʻra gender — xotin-qizlar va erkaklar oʻrtasidagi munosabatlarning jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, mafkura va madaniyat, ta'lim hamda ilm-fan sohalarida namoyon boʻladigan ijtimoiy jihati hisoblanadi.
Shuningdek, ushbu qonun bilan gender statistikasi — davlat statistikasining jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklarning holati toʻgʻrisida har bir jins boʻyicha alohida koʻrsatilgan ma'lumotlarni oʻz ichiga olgan, har xil jinsdagi shaxslarning ijtimoiy-siyosiy hayotning barcha sohalaridagi tegishli holatini aks ettiradigan, gender muammolarini va jamiyatdagi munosabatlarni yoritadigan qismi, gender-huquqiy ekspertiza — normativ-huquqiy hujjatlarni hamda ularning loyihalarini xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta'minlash prinsiplariga muvofiqligi yuzasidan tahlil qilish kabi tushunchalar ham qonunchiligimizga kiritildi.
Mazkur qonunning 1-moddasida, ushbu Qonunning maqsadi xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta'minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat ekanligi ta'kidlangan boʻlib, qonunda davlat organlaridagi vakolatli shaxsning xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta'minlash sohasidagi vakolatlari, davlat xizmati sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari, davlat xizmatidagi lavozimlarni egallash uchun tanlovlarda xotin-qizlar va erkaklarning teng ravishda ishtirok etishi, saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari, mehnat munosabatlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari, oilaviy munosabatlar hamda bolalar tarbiyasi sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari, uy mehnatini bajarishda teng munosabatlar kafolatlari belgilangan.
Shuningdek, ushbu qonunda agar shaxs oʻzini jins boʻyicha bevosita yoki bilvosita kamsitishga duchor etilgan deb hisoblasa, vakolatli organlarga yoki sudga murojaat qilish huquqiga egaligi, bunda jins boʻyicha bevosita yoki bilvosita kamsitishga duchor etilgan shaxsdan davlat boji undirilmasligi, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi toʻgʻrisidagi ishlarni sudlarda koʻrish chogʻida advokatlar tomonidan koʻrsatiladigan yuridik xizmatlarga haq toʻlash qonunchilikda belgilangan tartibda, ularning xohishiga koʻra davlat hisobidan qoplanishi ham nazarda tutilgan.
K.Kipshakbaev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus tumanlararo ma'muriy sudining sudyasi.