Ipak qurti boqish va pilla yetishtirish mavsumi uyushqoqlikda o‘tkazilmoqda

Ipak qurti boqish va pillachilik O‘zbekistonning boy madaniy merosining ajralmas qismidir. Ushbu soha ko‘p asrlik tarixga ega. Ipak qurti yetishtirish va boqishning tarixi miloddan avvalgi II asrga borib taqaladi. Ipak Buyuk Ipak yo‘li orqali Sharq va G‘arbni bog‘lagan savdo yo‘llarida muhim hamda qimmatbaho mahsulot vazifasini o‘tagan.

Bu soha mamlakat iqtisodiyotida ham katta ahamiyat kasb etadi. Shu sababli ham mamlakatimizda pillachilikni rivojlantirishga davlat tomonidan katta e’tibor qaratilmoqda. Pillani qayta ishlash sohasida ko‘plab yangiliklar joriy etilib, bu o‘z navbatida mahsulotlarning xalqaro bozorlarda raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga O‘zbekistonda ipakchilik sohasida ilmiy-tadqiqot ishlari va innovatsion yondashuvlar ham faollashtirilmoqda, bu esa mamlakatning ipakchilik sanoatini yanada rivojlantirishga yordam beradi. Mazkur sohada davlat tomonidan berilayotgan subsidiyalar va soliq imtiyozlari, shuningdek, ilmiy-tadqiqot ishlariga ajratilayotgan mablag‘lar ipakchilikni yanada rivojlantirish uchun muhim omil hisoblanadi. Bularning barchasi O‘zbekistonning ipakchilik sanoatini yangi bosqichga ko‘tarishga va uning jahon bozoridagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Amudaryo tumanida ham ipak qurtini boqish va pilla yetishtirishga katta e’tibor qaratiladi. Tumanda har yili  Qoraqalpog‘iston bo‘yicha karvoni eng og‘ir va salmoqli bo‘lgan pilla xirmoni bunyod etiladi. Amudaryolik pillakorlar bu yilgi mavsumni ham uyushqoqlik bilan o‘tkazmoqdalar. Har yili pillachilik bilan shug‘ullanib, daromad topayotgan oilalar bu yil ham ipak qurti qutilarini olib, parvarishlashni allaqachon boshlab yubordilar.

Pillachilik sohasida asosan qishloq ayol-qizlari mavsumiy ish bilan band bo‘lishadi. Shu sababli tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Saburova pillakor xotin-qizlar holidan xabar olib, ipak qurtini parvarishlash jarayoni bilan yaqindan tanishib, bu borada yuzaga kelayotgan muammolarni tegishli mas’ullar ishtirokida tezkor bartaraf qilish chorlarini ko‘rib kelmoqda.

Ipak qurti parvarishining ham o‘ziga xos mashaqqati va sir-asrorlari bor. Eng avvalo urug‘larning sifati va parvarish sharoitlari mahsulotning, ya’ni olinadigan pillaning sifatiga ta’sir ko‘rsatadi. Ipak barcha davrlarda ham xaridorgir mahsulot bo‘lib kelgan. Shu sababli ham Respublikamizda sifatli pilla xom ashyosi yetishtirish, yetishtirilgan pilladan jahon standarti talablariga javob beradigan yuqori sifatli xom ipak olish, ipakli mahsulotlar sifatini yaxshilash va assortiment turlarini kengaytirish, tannarxini kamaytirish, mahsulot sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni aniqlash va ularni bartaraf qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu harakatlarning qanchalik samarali bo‘lishi eng avvalo ipak qurti boquvchi pillakorlarga bog‘liq. Buni to‘g‘ri anglab yetgan pillakorlar o‘z ishlarini sidqidildan bajarib, ipakchilik tarmog‘ining rivojiga o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar. Ushbu tarmoqning rivojlanishi kelgusida pillakorlarning daromad manbaini yanada oshiribgina qolmay, yetishtirilgan pilla miqdorining ko‘payishiga, undan olinadigan xom ipak, ipakli mahsulotlar miqdorining ortishiga hamda xorijiy davlatlarga eksport qilish hajmining ko‘payishiga sharoit yaratadi. Bu esa o‘z navbatida Respublikamiz iqtisodiyotining rivojlanishiga hamda aholi turmushining yanada farovon bo‘lishiga ta’sir ko‘rsatadi.

Amudaryo tumani hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Saburova pillakor xotin-qizlarga ularning mehnatlari qanchalik muhim iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga ega ekanligini tushuntirish bilan birga pillachilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish, kasanachilarning moddiy manfaatdorligini oshirish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumotlar bermoqda.

Manba: amunews.uz saytidan olindi
https://amunews.uz/news/9817