Sayxunobod tajribasini joriy etish mavzusida seminarlar o‘tkazilmoqda

Ma’lumki, joriy yil 14 yanvar kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida Sayxunobod tumani bo‘lib, tumanning “Ittifoq” mahallasidagi tomorqa va uy xo‘jaliklari bilan yaqindan tanishgan edi. Viloyat faollari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari Sayxunobodda yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilayotgan yangi tajribani butun respublika bo‘ylab joriy qilish haqida ko‘rsatma berdi.

“Sayxunobod tajribasi” nomi bilan butun mamlakat bo‘ylab mahallalarda joriy qilinayotgan ushbu tizim aholining bandligini ta’minlash, tomorqadan unumli foydalanish, natijada oilalar davromadini oshirish va mamlakat iqtisodiyoti rivojiga hissa qo‘shishdagi muhim ahamiyat kasb etadi.

Amudaryo tumanida ham ushbu tashabbus keng quloch yozmoqda. Tuman hokimi Sobir Xo‘jametov ovul va mahallalarda bo‘lib, mas’ullar ishtirokida seminarlar o‘tkazmoqda. Seminarlarda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbusining ahamiyati, uni amalga oshirish mexanizmlari haqida keng turda tushunchalar berilmoqda. Yaqinda tumanning To‘lqin va Choyko‘l ovullarida ham shu mavzuda seminarlar tashkil qilindi.  

Aytish joizki, Sayxunobod tajribasiga asosan endilikda har bir mahalladagi hokim yordamchisi “1 sotix tomorqadan kamida 1-2 million so‘m daromad” degan mezon asosida aholi uchun biznes reja ishlab chiqadi. Bu tizim yerdan yanada samarali foydalanish, dehqonlar uchun bozor topishga ko‘maklashish, tadbirkorlarni sifatli urug‘ va dori vositalari bilan ta’minlash, tadbirkorlarning eksportiga amaliy yordam berish, yer munosabatlarini shakllantirish kabi muhim islohotlarni o‘z ichiga oladi.

Seminar ishtirokchilari avvalo To‘lqin ovul fuqarolar yig‘ini ma’muriy binosida bo‘lib, binoda mavjud imkoniyatlar, tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqqindan tanishdilar. 2 qavatli binoda “Yettilik” a’zolari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lib, fuqarolarni qabul qilish, majlislar o‘tkazish xonalari mavjud.

 

 

Seminarlar bevosita aholi tomorqalarida davom ettirilib, unda fuqarolar yig‘ini raislari va boshqa mas’ullar ishtirok etdi. Mas’ullar alohida qayd etib o‘tganidek, tomorqa yerlaridan unumli foydalanish, oilaviy farovonlikni oshirish va iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi. Bu aholining o‘ziga yetarli va sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlanishini kafolatlaydi va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlaydi.

Mamlakatimizda tomorqa xo‘jaliklari, ayniqsa qishloq joylarda, ko‘pchilik oilalarning asosiy daromad manbai hisoblanadi. Tomorqadan samarali foydalanish orqali oilalar nafaqat o‘zlarini, balki mahalliy bozorlarni ham turli xil sabzavot va mevalar bilan ta’minlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu esa mahalliy iqtisodiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, ish bilan bandlikni oshirish va kambag‘allikni qisqartirishga yordam beradi.

Bundan tashqari, tomorqa xo‘jaliklari mahalliy iqlim va ekologik sharoitlarga moslashgan ekinlarni yetishtirishga imkon beradi, bu esa biologik xilma-xillikni saqlash va mahalliy flora va faunaning boyligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.

Shu sababli ham mamlakatimizda tomorqa xo‘jaliklarini rivojlantirish uchun davlat tomonidan turli dasturlarlar joriy qilinib, tomorqachilarga keng imtiyozlar taqdim etilmoqda. Masalan, Prezidentimizning 2024 yil 5 martdagi qaroriga binoan, aholi xonadonlarida sanoat usulida mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash va tomorqa xo‘jaliklarida yangi zaxiralarni ishga solishga doir chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan. Bu kabi chora-tadbirlar, tomorqa xo‘jaliklarining samaradorligini oshirish va ularni zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Seminarda qayd etilganidek, Sayxunobod tajribasini Amudaryoning har bir ovul va mahallasida, har bir ko‘chasida joriy qilish kelgusida tomorqa xo‘jaliklarini yanada rentabel qilish va ularning mahsulotlarini eksport qilish imkoniyatlarini kengaytirishga yordam beradi.

Seminar tumanning Choyko‘l ovulidagi ko‘chalarda ham davom etdi. Ishtirokchilar O‘zbekiston Mahallalar uyushmasining tuman bo‘limi boshlig‘i Alisher Yuldashev boshchiligida aholi xonadonlariga kirib, tomorqadan unumli foydalanish holati bilan yaqindan tanishdilar.

Ma’lumki, qishloq joylarida tomorqadan unumli foydalanishning iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyati nihoyatda ulkan. Oilalar o‘zlarining tomorqalaridan oladigan daromadlari evaziga farovon hayot kechiradi, farzandlarining ta’lim olishi, o‘z salomatliklarini saqlash, yashash sharoitlarini yaxshilash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu esa davlat va jamiyatning umumiy rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi hamda kelajak avlodlar uchun yanada yaxshiroq sharoitlar yaratishga yordam beradi.

Seminar ishtirokchilari ovuldagi ilg‘or tomorqachilarning tajribalaridan foydalanib, tumanning boshqa hududlarida ham yerdan unumli foydalanish, mahsulot yetishtirish hajmini oshirish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamladilar.

Prezidentrimiz bir necha bora e’tirof etganlaridek, qishloq joylarida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholini ish bilan ta’minlashda tomorqa xo‘jaligining ahamiyati juda katta. Tomorqa xo‘jaligi, ayniqsa kichik hajmdagi yer maydonlaridan samarali foydalanish orqali oilaviy daromad manbaini kengaytirish va ishsizlikni kamaytirishda muhim rol o‘ynaydi.

Ushbu tarmoqni yanada rivojlantirish maqsadida qabul qilingan Prezident farmon va qarorlarida kreditlar ajratish mexanizmini soddalashtirish, aholining bandligini oshirish, daromad manbaini kengaytirish va mehnat faoliyatini qo‘llab-quvvatlash kabi chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.

Yangidan joriy qilinayotgan Sayxunobod tajribasi esa tomorqa xo‘jaligi orqali oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, mahsulotlarni qayta ishlash, mahalliy bozorlarga chiqarish va eksport qilish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga imkon yaratadi. Bu esa, o‘z navbatida, iqtisodiyotning barqarorligini ta’minlash va aholining turmush darajasini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Amudaryo tumanining barcha ovul va mahallalarida bo‘lgani kabi, Choyko‘l ovulida ham mirishkor dehqonlar, namunali tomorqachilar talaygina. Seminar ishtirokchilari ana shunday ilg‘or va ishbilarmon tomorqachilarning xonadonlarida bo‘lib, yerdan naqadar unumli foydalanayotganiga guvoh bo‘ldilar.

Bugun Choyko‘l ovulining har bir ko‘chasida, har bir tomorqasida dehqonchilik ishlari qizigan palla. Choyko‘lliklarning bu mirishkorliklari nafaqat ichki bozor uchun ekologik toza mahsulotlar yetishtirish, balki aholining sog‘lom ovqatlanish madaniyatini shakllantirish va aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda ham muhim ahamiyatga ega.

Eng muhimi, tomorqa xo‘jaligining rivojlanishi,  nafaqat iqtisodiy, balki juda katta ijtimoiy ahamiyatga ham ega. Tomorqadagi mehnat oila a’zolarining birgalikda ishlashi uchun zamin hozirlab, oilaviy mehnat madaniyatini shakllantirishi va avlodlararo bilim hamda tajriba almashishga imkon yaratadi.

Seminar so‘ngida ishtirokchilar Choyko‘l ovul fuqarolar yig‘ini ma’muriy binosida bo‘lib, “Mahalla yettiligi”ning ish jarayoni bilan yaqindan tanishdilar.

“Mahalla yettiligi” tizimi mahallaning asosiy birligi sifatida aholini ish bilan ta’minlash va turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan muhim vazifalarni bajarishga mas’uldir. Ushbu tizim, mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlikda, aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etishda katta rol o‘ynaydi. Ishtirokchilar ovul fuqarolar yig‘ini binosida “Yettilik” a’zolarining hamkorlikdagi faoliyati natijasida katta yutuqlarga erishilayotganiga guvoh bo‘ldilar.

Sayxunobod tajribasini joriy etish mavzusidagi seminarlar tumanning boshqa ovul va mahallalarida ham davom ettiriladi.

G‘.Yeshniyozov