Aholi murojaatlarini qabul qilish va ular bilan tizimli ravishda ishlash, xalq bilan yaqindan muloqot qilishda sayyor qabullar muhim ahamiyatga ega. Bu jarayonlar fuqarolarning davlat organlari bilan bevosita aloqasini ta’minlaydi va ularning muammolari va takliflarini to‘g‘ridan to‘g‘ri mas’ul tashkilotlarga yetkazish imkonini beradi. Shuningdek, sayyor qabullar joylarda ishlarning haqiqiy ahvolini o‘rganish hamda xalq bilan bevosita muloqotning sifat jihatdan yangi va samarali shakllarini joriy etish imkonini berishi bilan ham ahamiyatlidir.
Bu tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatda davlat organlarining aholi bilan muloqotini yanada takomillashtirish va fuqarolar huquq hamda erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlashga qaratilgandir.
Tumanda tasdiqlangan jadvallar asosida hokim va sektorlar rahbarlarining sayyor qabullari muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda. Yaqinda tumanning Amir Temur nomli ovul fuqarolar yig‘ini binosida tuman hokimi Sobir Xo‘jametovning sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi.
Sayyor qabulda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, 2-sektor rahbari, tuman prokurori Aziz Ro‘zmetov, tuman hokimi o‘rinbosari Nodir Kamolov, tumandagi muassasa, korxona va tashkilotlar rahbarlari, mahalla faollari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Aytish joizki, aholi muammolari bilan ishlashda murojaatlarni qabul qilish tizimining samaradorligi va shaffofligi, shuningdek, joylarda murojaatlarning o‘z vaqtida ijobiy hal etilishi muhimdir. Bu esa fuqarolarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini oshiradi va ularning muammolarini hal qilishda samarali mexanizmlarni yaratadi. Shu bilan birga, muammolarni mahallaning yoki hududlarning o‘zida hal qilish va ularning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilishiga imkon yaratadi. Amir Temur nomli ovul ahli bilan o‘tkazilgan sayyor qabul ham ana shunday maqsadlarga xizmat qiladi.
Sayyor qabulda fuqarolardan asosan kundalik maishiy muammolar va infratuzilmalar holatiga doir murojaatlar kelib tushdi. Ovul ahli iste’molchilarni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash, ichki yo‘llarni ta’mirlash, moddiy yordam ajratish, ish bilan ta’minlash kabi masalalarda tuman hokimiga murojaat qildilar.
Sayyor qabulda aholining boshqa masalalar bo‘yicha ham murojaatlari tinglanib, qabulda ishtirok etayotgan tegishli mas’ullarga murojaatlarni o‘z vaqtida, imkon qadar ijobiy hal qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Aytish joizki, Prezidentimizning 2019 yil 2 aprel kungi “Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan murojaatlar bilan ishlash, aholi muammolarini aniqlash va hal etish bo‘yicha “mahalla – sektor – Xalq qabulxonasi – mahalla” prinsipi asosida hamkorlik tizimi joriy qilingan. Mazkur tizimning asosiy maqsadi hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni o‘rganish orqali muammolarni aniqlash va hamkorlikda bartaraf etish choralarini ko‘rish, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishdan iboratdir.
Ushbu farmon asosida joriy qilingan yangi tizimga muvofiq bu kabi sayyor qabullar tumanning barcha ovul va mahallalarida, tasdiqlangan jadval asosida o‘tkazilmoqda. Tuman hokimi va sektorlar rahbarlari boshchiligida tegishli hududlarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullar fuqarolar va hukumat o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirish va muammolarni samarali hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
G'. Yeshniyazov