Amudaryo tumanida moshning “Durdona” navini yetishtirishni kengaytirishga bag’ishlangan seminar bo’lib o’tdi

Amudaryo tumanida moshning “Durdona” navini yetishtirishni kengaytirishga bag’ishlangan seminar bo’lib o’tdi


Amudaryo tumani "Choyko'l-Do'stlik" fermer xo'jaligida moshning qisqa muddatda hosil olinadigan "Durdona" navini yetishtirishni yanada kengaytirish maqsadida seminar tashkil etildi.

Seminarda tuman hokimi Sobir Xo'jametov, ICARDA xalqaro tashkiloti eksperti Dr. Ram Sharma, mutaxassisi Abdulla Fayzullayev, Sholichilik ITIning direktor o'rinbosari Zohidjon Ziyadullayev, Qoraqalpog'iston Respublikasi miqyosidagi qishloq xo'jaligi mas'ullari, tumandagi fermerlar, agrar soha vakillari ishtirok etdilar.

Seminarda so'zga chiqqan ICARDA xalqaro tashkiloti eksperti, nepallik Dr. Ram Sharma paxta bilan moshni almashlab ekishning yo'lga qo'yilishi natijasida hosildorlikni yanada oshirishga erishilishi, moshning turli navlarini yetishtirish borasida so'z yuritdi.

Ta'kidlanishicha, moshning "Durdona" navidan fermerlar juda qisqa muddatda yaxshi hosil olishmoqda. Oxirgi 3 yil mobaynida mosh ekilib, undan katta hosil olingan ekin yer maydoniga paxta chigiti ekish orqali paxta hosilini 25-30 % ga oshirish mumkin.

Seminarda ishtirok etayotgan fermerlar mosh va paxta hosildorligini oshirish borasida qator foydali ma'lumotlarga ega bo'ldilar.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.