Mehnat yarmarkalari aholi, ayniqsa mehnat bozoriga endi kirib kelayotgan yoshlarni ish bilan ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Bu kabi tadbirlar ish izlayotgan shaxslarga va ish beruvchilarga bir-birlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilish imkonini beradi. Shu sababli ham mamlakatimizda aholini ish bilan ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha davlat siyosati doirasida mehnat yarmarkalari alohida ahamiyat kasb etadi. Bu borada Amudaryo muhandislik texnikumida o‘tkazilgan “Karyera kuni” hamda “Mehnat yarmarkasi” ham nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy jihatdan ahamiyatli tadbir bo‘ldi.
Tadbirda tuman hokimi o‘rinbosari Fahriddin Yusupov, tuman prokurori yordamchisi Sanjar Abdullayev, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i Rashid Salayev, mazkur bo‘lim boshlig‘ining o‘rinbosari Bahodir Boltaboyev, Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Yalg‘ash Shomuratov, Savdo-sanoat palatasi tuman bo‘limi boshlig‘i Maqsud Rajabov va tumandagi muassasa, korxona hamda tashkilotlar mas’ullari, faol tadbirkorlar, ishbilarmonlar ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy maqsadi tuman hududida yashovchi ish izlovchi fuqarolar, ayniqsa yoshlarni, umumta’lim maktablari, kasb-hunar ta’limi maskanlari, oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarini mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan yaqindan tanishtirishdir.
Mehnat yarmarkasida taklif etilgan bo‘sh ish o‘rinlari ish izlovchilarga keng tanlov imkoniyatlarini taqdim etdi. Jumladan, yarmarkada tumandagi turli korxona va tashkilotlar o‘zlarida mavjud bo‘lgan 339ta bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. Bundan tashqari, salohiyatli tadbirkorlar – “Rasulov Oybek taomlari” oilaviy korxonasi 50 ta, “JKB Energy Amudaryo group” MCHJ 100ta, “Jumamurod usta” MCHJ 10 ta, “Ravshanbek Yulduzxon” xususiy korxonasi 10 ta bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi.
Mehnat yarmarkasida aholining turli toifa qatlamlari, jumladan yoshlar, ayollar, bitiruvchilar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, jazoni ijro etish muassasasidan ozod qilingan, harbiy xizmatdan kelgan, mehnat migratsiyasidan qaytgan yurtdoshlarimiz, shuningdek aliment to‘lovchi fuqarolar, jami 145 nafar ish izlovchilar ishtirok etdi.
Ishtirokchilarning 21 nafari, shu jumladan 1 nafar nogironligi bo‘lgan fuqaro doimiy ishga joylashtirilgan bo‘lsa, 12 nafariga kasbga o‘qitish, qayta o‘qish kurslariga yo‘llanma berildi. 60 nafar fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga joylashtirilib, mehnat qonunchiligiga oid masalalar bo‘yicha 39 nafar fuqaroga huquqiy maslahatlar berildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 11 may kungi 252-sonli qaroriga asosan tuman hokim yordamchilari tomonidan 13 nafar ishsiz xotin-qizlarga bandligini ta’minlash maqsadida subsidiya asosida tikuv mashinalari topshirildi.
Aytish kerakki, aholi bandligi iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning muhim omili hisoblanadi. Ish bilan ta’minlangan aholi iqtisodiyotning barqarorligiga va o‘sishiga hissa qo‘shadi. Shu sababli mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash va ishsizlikni kamaytirish bo‘yicha davlat siyosati doirasida ko‘plab islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu islohotlar orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, aholining daromadlarini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish maqsad qilingan.
Mehnat yarmarkasi, ayniqsa kasb-hunar maktablari va oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari uchun ajoyib imkoniyat bo‘ldi. Bunday tadbirlar tumanning iqtisodiy rivojlanishiga va aholining ish bilan ta’minlanishiga katta hissa qo‘shadi, bu esa o‘z navbatida kambag‘allikni qisqartirish hamda xalq farovonligini yanada oshirishga yordam beradi.
Bahodir Boltaboyev, tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari.