Mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar negizida yoshi ulug‘ keksalarni e’zozlash, nuroniylarga hurmat-e’tibor qaratish kabi ezgu g‘oyalar mujassamlashgan.
Har yili butun mamlakatimiz bo‘ylab 9 may sanasi Xotira va qadrlash kuni sifatida munosib nishonlanib, sana munosabati bilan katta tadbirlar tashkil etiladi. Bayram arafasida yoshi ulug‘ nuroniylar, urush qatnashchilari holidan xabar olish, ularni yo‘qlash, bayram bilan tabriklash maqsadida uchrashuvlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari tashkil etiladi.
Urushlar insoniyat tarixida doimo katta yo‘qotishlar va uzoq muddatli salbiy oqibatlarga olib kelgan. Birgina Ikkinchi jahon urushi millionlab odamlar o‘limiga sabab bo‘lib, bir necha o‘n yillar davomida insoniyatga katta iqtisodiy va ijtimoiy ta’sirini ko‘rsatib keldi. O‘tgan asrning 79-89-yillarida Afg‘oniston zaminida bo‘lgan ayovsiz urush ham minglab vatandoshlarimiz umriga zomin bo‘ldi.
Shu sababli ham har yili 9 may – Xotira va qadrlash kuni arafasida O‘zbekiston veteran jangchi faxriylar va nogironlar birlashmasi a’zolari quroldosh do‘stlari, keng jamoatchilik bilan uchrashuvlar uyushtirib, o‘sha mash’um kunlarni yodga oladi, yurtdoshlarimizni tinchlikning qadriga yetishga chorlaydi.
Bu yil ham birlashma Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limining Amudaryo tumanidagi vakili Bahodir Jumaniyozov boshchiligida bir guruh afg‘on urushi ishtirokchilari tumandagi ovul va mahallarda uchrashuvlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil qildilar.
Xolimbeg ovulidagi 35-sonli umumta’lim maktabida o‘qituvchi va o‘quvchilar ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuv mobaynida sobiq quroldoshlar urush va uning salbiy oqibatlari, tinchlikning ulug‘ ne’mat ekanligi borasida fikr-mulohazalar yuritdilar. Shuningdek, tadbir mobaynida maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Komiljon O‘razimbetovga sobiq Sovet qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqilganiga 35 yil to‘lishi munosabati bilan medal topshirildi.
Ma’naviy-ma’rifiy tadbir Xolimbeg ovulidagi 73-sonli maktabda ham o‘tkazilib, tadbirda maktab direktori Zarifboy Xo‘janiyozovga ham shunday medal topshirildi.
Afg‘on urushi faxriylari Mang‘it shahridagi 30-sonli maktabda ham bo‘lib, mazkur maktabning sobiq o‘quvchilari, Afg‘on urushi qatnashchilari Shavkat Shomuratov, Farhod Avezov, Shavkat Saidboyevlar bilan uchrashdilar va ushbu quroloshlariga ham medallarni tantanali tarzda topshirdilar.
Shu kabi uchrashuv Arna bo‘yi mahallasidagi 57-sonli maktabda ham bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar 1941-1945 yillar urush va mehnat frontida tinchlik uchun kurashib halok bo‘lgan jasur va matonatli o‘g‘lonlar xotirasini yod etdilar hamda urush va mehnat frontida jasorat ko‘rsatgan nuroniylarimizning e’zozlanishi xalqimizga xos qadriyatlar ko‘zgusi ekanligini ta’kidladilar.
Harbiy xizmatga chaqirilishdan avval tumanning Bog‘ mahallasida joylashgan 13-sonli maktabda tahsil olgan, keyinchalik Afg‘onistondagi urushda ishtirok etgan Qadamboy Erimbetov, Hamro Sobirov, Ozod Xo‘janiyozovlar ham Afg‘on zaminidan sobiq ittifoq qo‘shinlarini olib chiqilganiga 35 yil to‘lishi munosabati bilan ta’sis etilgan medallar bilan taqdirlandi. Jangchi faxriylar afg‘on urushida xizmat paytida halok bo‘lgan askarlarning oilalari holidan ham xabar olib, ularni bayram bilan qutladilar hamda sovg‘alar berdilar.
Ajdodlarni xotirlash va keksalarni e’zozlash xalqimizga xos ulug‘ qadriyat hisoblanib, bu borada mamlakatimizda har yili qabul qilinayotgan dasturlarda yoshi ulug‘, nuroniylarga bo‘lgan hurmat, e’tibor diqqat markazidadir. Urush va mehnat fronti faxriylari, nuroniylar, afg‘on urushi qatnashchilari xolidan xabar olish, yurtimizning bugungi tinch-osoyishta hayoti uchun jasorat ko‘rsatib, jonini fido qilgan vatandoshlarimiz xotirasini yot etish esa har birimizning eng oliy burchimizdir. Zero, inson aziz, xotira – muqaddasdir.
Kirib kelayotgan qutlug‘ sana – Xotira va qadrlash kuni bilan barcha urush faxriylarini, front ortida mehnat qilgan nuroniylarimizni, barcha yurtdoshlarimizni tabriklaymiz!
Charos Arslonova, tuman hokiligining Axborot xizmati rahbari.