Ikkinchi jahon urushi yillarida ajdodlarimiz ko‘rsatgan matonat va jasorat hech qachon unutilmaydi!

Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng qonli va vayronkor urushlardan biri bo‘lib, uning oqibatlari hatto bugungi kungacha odamlar hayotida sezilmoqda. O‘sha mash’um urush sababli kimdir otasiz, kimdir onasiz qoldi, yana kimdir yaqinlaridan ayrildi. Deyarli butun xalq og‘ir mehnat va qiyinchilikda kun kechirdi. Ota-bobolarimiz tortgan azob-uqubatlar, ularning boshiga tushgan yo‘qotishlar bugun ham avlodlar xotirasidan o‘chmadi, afsus va nadomat bilan tilga olinadi. Zero, yurt tinchligi, ozodligi va ravnaqi yo‘lida ajdodlarimiz ko‘rsatgan matonat va jasorat hech qachon unutilmaydi.

Shu sababli ham har yili mamlakatimizda 9 may – Xotira va qadrlash kuni keng nishonlanadi. Bu sanada Ikkinchi jahon urushi janggohlarida jon olib-jon bergan, mehnat frontida, urushdan keyingi tiklanish yillarida fidoyilik ko‘rsatgan ota-bobolarimiz, momolarimiz xotirasiga hurmat bajo keltiriladi. Bugungi dorilomon kunlarga yetgan nuroniylarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatilib, holidan xabar olinadi.

8 may kuni Amudaryo tumanida ham Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan tadbir o‘tkazildi. Tadbirda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, sektorlar rahbarlari, huquqni muhofaza qilish organlari vakillari, mehnat fronti faxriylari, deputatlar, turli muassasa, korxona va tashkilotlar rahbarlari, mahalla faollari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan tuman hokimi Sobir Xo‘jametov barchani bayram bilan qutlar ekan, urush davrida yuz bergan voqealar, jumladan, O‘zbekistonlik jangchilarning jasorati va fidoyiligi, ularning jang maydonlarida va front ortida ko‘rsatgan qahramonliklari xalq xotirasida mangu muhrlanib qolishini, marhumlar xotirasi hech qachon avlodlar yodidan o‘chmasligini ta’kidlab o‘tdi.

Tuman Mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i Sherzod Murodov o‘z nutqida urush va mehnat fronti faxriylarining insoniyatni fashizm balosidan qutqarishdagi jasorati va matonati haqida to‘xtalib o‘tdi. O‘sha suronli yillarda ajdodlarimiz ko‘rsatgan jasorat va fidoyiliklar nafaqat o‘z davrida, balki bugungi kunda ham barchamiz uchun ibrat maktabi bo‘lib qolmoqda.

Nuroniylar jamoatchilik kengashi raisining o‘rinbosari Bekman ota Allaberganov beshafqat urushning millionlab insonlar hayotiga zomin bo‘lgani, ko‘plab shaharlarning vayron bo‘lishi, iqtisodiyotning izdan chiqishi va boshqa ko‘plab salbiy oqibatlari bilan hali-hanuz insonlar qalbiga og‘riq solib kelayotganini aytib, barchani bugungi tinch va dorilomon kunlarning qadriga yetishga chorladi.

Tuman madaniyat bo‘limi va joylardagi madaniyat markazlari jamoalari tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari hamda badiiy chiqishlar orqali janggohlarning ayovsiz manzarasi, aholining front ortidagi qiyin hayoti ishtirokchilar ko‘z o‘ngida gavdalanganday bo‘ldi.

Urush yillarida nafaqat frontda, balki front ortida ham yurtimiz aholisi fidoyiliklar ko‘rsatgan. Ularning mehnati urush davrida Sovet Ittifoqining iqtisodiy va harbiy salohiyatini mustahkamlashda muhim rol o‘ynagan. O‘zbekistonliklar ko‘plab evakuatsiya qilingan zavod va fabrikalarni ishlatishga ko‘maklashgan, shuningdek, qishloq xo‘jaligida ham katta yuklamalarni zimmalariga olishgan. O‘sha paytda ayollar ham erkaklar bilan bir safda mehnat qilib, iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashda faol ishtirok etganlar.

Urush yillarida mamlakatimiz ko‘plab evakuatsiya qilingan jabrdiydalarni ham qabul qilgan. Xalqimiz mehmondo‘stlik va insonparvarlik namunalarini ko‘rsatib, o‘z uylarini boshqa millat vakillariga bo‘shatib bergan.

Urushdan keyingi yillarda ham ota-bobolarimizning g‘ayrat va shijoati, jasorati bilan yurtimizda keng ko‘lamli tiklanish ishlari amalga oshirildi. Bu davrda ko‘plab sanoat korxonalari, maktablar, kasalxonalar va boshqa infrastruktura obyektlari qayta qurildi yoki yangidan barpo etildi.

Shuningdek, madaniy hayot ham jonlandi, adabiyot va san’atda yangi asarlar yaratildi, bu esa xalqning ma’naviy tiklanishiga hissa qo‘shdi. Urushdan keyingi yillarda O‘zbekistonda ijtimoiy va madaniy hayotning rivojlanishi, xususan, adabiyot va san’atning gullab-yashnashi, mamlakatning turli sohalarda erishgan yutuqlari ajdodlarimiz ko‘rsatgan qahramonliklar, ularning matonati va fidoyiliklarining ramzidir.

Tadbirda marhumlar ruhiga Qur’on tilovat qilindi. Ishtirokchilar Motamsaro ona haylaki poyiga gulchambarlar qo‘yib, ularning jasorati va matonati oldida ta’zim bajo keltirishdi.

G‘.Yeshniyozov