Mamalakat rivojini ta’lim sifati va kadrlar salohiyati belgilab beradi. Shu maqsadda yurtimizda maktabgacha va maktab ta’limini yangi bosqichga ko‘tarish yo‘lida qator islohotlar amalga oshirilyapti. Jumaladan, maktablarda Milliy o‘quv dasturi va zamonaviy dasrliklarni amaliyotga joriy etish, bu jarayonda pedagog xodimlarga uzliksiz metodik xizmat ko‘rsatish, qizil toifadagi maktablarga manzilli yordam berish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Ayni yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarning natijasini yana bir marta sarhisob qilish, bu boradagi yutuqlarni e’tirof etib, kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Amudaryo tumanidagi 76-sonli maktabda O‘zbekiston miqyosida metodik tur tashkil qilindi.
Metodik turga mamlakatning barcha hududlaridan kelgan soha vakillari maktab binosi oldida karnay sadolari bilan tantanavor kutib olindi. Mehmonlarga qadriyatimizga aylangan an’ana – non-tuz tutildi. O‘quvchilar tomonidan cholg‘u asboblarida ijro etilgan milliy kuy va musiqalar barchaga o‘zgacha kayfiyat baxsh etdi. Maxsus tayyorlangan ko‘rgazmada o‘quvchilarning qo‘l mehnati bilan ishlangan buyumlar, yumshoq o‘yinchoqlar va har xil mavzularda chizilgan suratlar namoyish qilindi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari U.Sharifxodjayev, Vazirlikning Metodika va darsliklar boshqarmasi boshlig‘i D.Norboyeva, Respublika ta’lim markazi direktori Sh.Xudayqulov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi raisi o‘rinbosari B.Otemuratov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri G.Qojabayeva, barcha viloyatlar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlarining o‘quvchilarda zamonaviy ko‘nikmalarni shakllantirish sho‘balari bosh metodistlari, hududiy metodik xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshliqlari, tumanimizning sohaga mas’ul mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Maktabning faollar zalida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usman Sharifxodjayev hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Gulistan Qojabayevalar so‘zga chiqib, mamlakatimizda maktabgacha va maktab ta’limi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi uchun yaratilayotgan sharoitlar, o‘qituvchilarga berilayotgan imtiyozlar va yaratilayotgan imkoniyatlar haqida to‘xtalib, metodik turning ahamiyati haqida ma’lumotlar berishdi. Shundan so‘ng Amudaryo tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Yalg‘ashboy Shomuratov “qizil” toifaga kirgan maktablarda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan ijobiy natijalar va keyingi rejalar haqida taqdimot qildi.
Jumladan, 2021 yilda tumanda 4 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi, shu o‘rinda 76-sonli maktab ham ta’lim sifati yuqori bo‘lmaganligi sababli “qizil” toifaga kiritilgan edi. Tegishli muassasalar tomonidan metodik yordam berilib, manzilli ishlash natijasida barcha maktablar “yashil” toifaga o‘tkazildi. Ushbu maktab esa bugungi kunda tumandagi eng kuchli maktablar beshtaligidan joy olgan. Keyingi yillarda o‘quvchilar soni ortgani sababli maktabga qo‘shimcha yangi bino qurilgan. Hozirda tumanimizda ta’lim sifati bo‘yicha “qizil” toifadagi maktablar mavjud emas.
Seminar davomida mehmonlar va soha vakillari maktabda yaratilgan sharoitlar, zamonaviy metodlarga tayangan holda o‘tilayotgan dars jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar. Mehmonlar dars jarayonlarida bevosita ishtirok etib, o‘qituvchilarning dars o‘tish uslubi va o‘quvchilarning mavzu bo‘yicha faolliklarini kuzatishdi.
Ta’lim dargohida “bir kasb – ikki xorijiy til” tajribasi joriy qilingan. Ushbu tamoyil asosida o‘quvchilarga ikkita xorijiy til chuurlashtirilgan tarzda o‘rgatilib, ularning kasb-korli bo‘lishlari, hunar egallashlari uchun ham sharoitlar yaratilmoqda. Maktabda duradgorlik va tikuvchilik to‘garaklari faoliyat yuritmoqda. Tikuvchilik to‘garagiga sohada katta tajribaga ega bo‘lgan ilg‘or biznes egalari, faol tadbirkorlar jalb qilingan. Ular o‘quv-ishlab chiqarish ustaxonalarini tashkil qilish va jihozlash ishlarida amaliy yordamlar ko‘rsatib kelmoqda.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2026-yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilingan edi. Farmon ijrosi yuzasidan maktab o‘quvchilarining bilimi va ko‘nikmalarini shakllantirish, ularni milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, o‘qituvchi kasbi nufuzini va pedagoglarning sifat tarkibini oshirish, darsliklar va o‘quv metodik majmualarni zamon talablari asosida takomillashtirish, xalq ta’limi muassasalarining xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy modellarini barpo etish maqsadida qator vazifalar belgilan.
Endilikda sifati yuqori bo‘lmagan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida manzilli metodik yordam ko‘rsatish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston tajribasini O‘zbekiston Respublikasi miqyosida ommalashtirish kutilmoqda. Bu kabi amaliy ishlar orqali “qizil” toifaga kiritilgan maktablarda ta’lim sifatini yanada yaxshilash, samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan.
Ushbu metodik tur doirasida mamlakat miqyosida turli hududlardan kelgan mehmonlar Amudaryo tumanidan tashqari Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoq tumanlari hamda Nukus shaharlarida bo‘lishib, maktablar va maktabgacha ta’lim tashkilotlariga tashrif buyurishdi va metodik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha bilim va tajribalarini yanada oshirdilar.
Shohzod Qurbonboyev