O‘rta tibbiyot xodimlari sog‘liqni saqlash sohasining tayanchi va suyanchi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Odamlar hamshira deganda, bemorlarni parvarish qiluvchi, xushmuomala, qo‘li yengil, bilim va malakasi shifokorlardan qolishmaydigan jonkuyar insonni tasavvur qiladi. Shu sababli ham yurtimizda hamshiralarning mavqeini oshirish, mehnatini qadrlash va rag‘batlantirish masalalariga katta e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda turli tanlovlar o‘tkazilib, ilg‘or hamshiralar mukofotlanmoqda. Har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Hamshira” ko‘rik-tanlovi ham shular jumlasidandir.
Bu yil ham Toshkent shahrida 12-may – Xalqaro hamshiralar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda “Hamshira–2024” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi g‘oliblari aniqlandi va munosib taqdirlandi. Bellashuvning hududiy bosqichlarida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan 15 nafar soha xodimlari orasidan shaffof va adolatli shart va mezonlar asosida saralab olingan uch nafar hamshiraga maxsus mukofotlar taqdim etildi.
Tanlovning tuman va Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Amudaryo tuman Tibbiyot birlashmasining Jarrohlik bo‘limi navbatchi hamshirasi Qozoqboyeva Hulkar Muzaffar qizi mamlakat miqyosidagi bosqichda faxrli 2-o‘rinni egalladi.
Shuningdek, Amudaryo tuman tibbiyot birlashmasining yana bir jonkuyar xodimi Sanobar Ahmedova ham “Hamshira–2024” ko‘rik-tanlovda “Yilning eng yaxshi muolaja va emlash hamshirasi” nominatsiyasi bo‘yicha O‘zbekiston miqyosida 3-o‘rin sohibasi bo‘ldi.
Tuman Tibbiyot birlashmasida o‘tkazilgan tadbirda ko‘rik-tanlovda yuqori natijalarga erishgan hamshiralar Hulkar Qozoqboyeva hamda Sanobar Ahmedova, shuningdek, Tibbiyot birlashmasining bosh hamshirasi Luiza Yangiboyevalar rahbariyat tomonidan faxriy yorliq, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Hulkar Qozoqboyeva 1998 yilda Amudaryo tumanining Choykul ovulida tug‘ilgan. Bolalikdan tibbiyot sohasiga qiziqqan Hulkar 2016 yilda 1-sonli Nukus tibbiyot kollejini “Umumiy amaliyot hamshirasi” mutaxassisligi bo‘yicha muvaffaqiyatli tugatgan. 2018 yildan bugungi kunga qadar Tuman tibbiyot birlashmasining Jarrohlik bo‘limida navbatchi hamshira vazifasida ishlab kelmoqda.
Hulkar Qozoqboyeva 2021 yilda “Zamonaviy jarrohlikda hamshiralik ishi” sikli bo‘yicha o‘z malakasini oshirgan. 2022 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining buyrug‘i bilan hamshira mutaxassisligi bo‘yicha 2-malaka toifasini, Innavotsion sog‘liqni salash milliy palatasi raisining buyrug‘i bilan 1-malaka toifasini olgan.
U sog‘likni saqlash tizmida olib borilayotgan islohatlar va yaratilayotgan imkoniyatlarning tumanimizdagi faol targ‘ibotchisi ham sanaladi. Kasbining fidokor hamshirasi bemorlarning dardiga malham bo‘lib kelmoqda.
Hulkar Qozoqboyeva o‘z ishining bilimdoni, jonkuyar va tashabbsukor xodim. Faoliyati davomida shifokor tamonidan berilgan har bir tibbiy topshiriqni sidqidildan bajarib, tizimning qoida-me’yorlariga qat’iy amal qilib, namunali mehnat qilib kelmoqda. U bemorlar orasida yuqumli va o‘ta xavfli kasalliklarning oldini olish, aholi hayotida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish ishlarida ham faol xodim sanaladi.
Sohaga doir ilmiy jurnallarda Hulkar Qozoqboyevaning qator maqolalari nashr qilingan. Termiz davlat pedogogika institutida bo‘lib o‘tgan “Ta’lim tizimida psixologik xizmatning zamonaviy tendensiyalari: nazariya va amaliyot” nomli konferensiyada “Maktab yoshidagi bolalarda uchraydigan ruhiy-emotsional muammolarga psixologik yondashuv” nomli maqolasi bilan ishtirok etdi.
Shuningdek, Ta’limni rivojlantirish tahliliy onlayn jurnalida maqolasi xorijiy tilda e’lon qilindi.
“Hamshira–2024” ko‘rik-tanlovda “Yilning eng yaxshi muolaja va emlash hamshirasi” nominatsiyasi bo‘yicha O‘zbekiston miqyosida 3-o‘rin sohibasi bo‘lgan tuman tibbiyot birlashmasining yana bir jonkuyar xodimi Sanobar Ahmedova 1985 yilda Amudaryo tumani Mang‘it shahrida tug‘ilgan. U Toshkent tibbiyot kollejini “Hamshiralik ishi” mutaxassisligi bo‘yicha 2005 yilda muvaffaqiyatli tugatgan.
Sanobar Ahmedova Amudaryo tuman tibbiyot birlashmasida 2012 yildan 2017 yilga qadar tug‘ruqxona bo‘limi chaqaloqlar xonasi xamshirasi, 2017 yildan 2020 yilga qadar emlash xonasi xamshirasi, 2020 yildan bugunga qadar esa tug‘ruq kompleksi chaqaloqlar xonasi hamshirasi vazifasida ishlab kelmoqda.
U 2021 yilda Respublika o‘rta tibbiyot va dorishunos xodimlar malakasini oshirish va ixtisoslashtirish markazi Nukus filialida “Neontologiya hamshiralik ishi” mutaxassisligi bo‘yicha malakasini oshirgan.
2022-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘likni saqlash vazirligi o‘rta tibbiyot xodimlariga toifa berish attestatsiyasi komissiyasidan muvaffaqiyatli o‘tib, Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi raisining buyrug‘i bilan hamshiralik ishi mutaxassisligi bo‘yicha oliy toifali hamshira sertifikatiga ega bo‘ldi. Ko‘p yillik samarali mehnati, bilim va tajribasi bilan tibbiyot xodimlari orasida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan hamshira bemorlarga sirinso‘zligi, mehribonligi bilan namuli xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
O‘z ustida tinimsiz shug‘ullanib, muntazam ravishda malaka oshirish kurslarida tajribasini oshirib kelayotgan Sanobar Ahmedova har bir ishni sidqidildan bajarishi, o‘ziga va atrofdagilarga talabchanligi bilan mehnat jamoasida katta hurmat qozongan.
Xalq salomatligi yo‘lida fidokorana xizmat qilayotgan shifokor va hamshiralarning, barcha tibbiyot xodimlarining mehnati tahsinga sazovor. Ularning kelgusidagi ishlariga omad va zafarlar tilab, xalq salomatligi yo‘lida xizmat qilishdan aslo charchamang, deymiz.
Luiza Yangiboyeva, TTB bosh hamshirasi.