Joriy yilning 26 may kuni Xolimbeg ovulida yangi sun’iy qoplamali mini futbol maydonchasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, tuman prokurori Aziz Ro‘zmetov, Sport maktabi, OFY mas’ullari, sportchi yoshlar va mahalla faollari ishtirok etdilar.
Marosimda tuman hokimi so‘zga chiqib, Xolimbeg ovuli ahlini yangi sport inshooti ish boshlagani bilan tabrikladi va sportchilarga zafarlar tiladi. Tuman hokimi o‘z so‘zida amudaryolik sportchilarining katta musobaqalarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlari, yuksak natijalari maqtovga loyiq ekanligini, bunda xolimbeglik sportchi yoshlarning ham hissasi yuqori ekanligini, ovul yoshlarining sport va jismoniy tarbiyaga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirishda mazkur sport maydonchasi muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, tashlandiq, qarovsiz holatdagi yer maydonida shunday zamonaviy imkoniyatlarga ega sport maydonchasini qurib, xayrli ishga qo‘l urgan tadbirkor – “Durdona-E’zoza-Asaloy” MCHJ rahbari Amina Tajimuratovaning kelgusidagi ishlarida muvaffaqiyat tiladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, mazkur sun’iy qoplamali mini futbol maydonchasi o‘rni oldin qarovsiz holdagi tashlandiq yer bo‘lgan. Tadbirkor Amina Tajimuratovaning tashabbusi bilan tashlandiq yer obod qilindi. Tadbirkor jami 300 mln so‘m, shundan 33 mln so‘mi bank krediti, qolgani o‘z mablag‘i hisobiga mazkur sun’iy qoplamali mini futbol maydonchasini bunyod qildi. Endilikda mazkur mini futbol maydonchasi orqali xolimbeglik yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ovul yoshlarining salomatliklarini mustahkamlash va ularni yanada katta yutuq hamda marralarga undash maqsad qilingan.
Ta’kidlash kerakki, Xolimbeg ovulining mini futbolchi qizlar jamoasi ko‘p yillardan buyon respublika miqyosida chempionlikni va faxrli o‘rinlarni egallab kelishmoqda.
Jumladan, 2018 yilning mart oyida Qashaqadaryo viloyati Qarshi shahrida mini futbol bo‘yicha bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston chempionatida 14 yoshgacha qizlar o‘rtasidagi musobaqalarda xolimbeglik qizlar faxrli 2-o‘rinni, 2020 yil Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston kubogi musobaqalarida 15 yoshgacha qizlar o‘rtasida ovul qizlari jamoasi faxrli 2-o‘rinni egalladilar.
Shuningdek, 2019 yilda Toshkent shahrida futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida 17 yoshgacha qizlar bo‘lgan xolimbeglik qizlar jamoasi 3-o‘rinni, 2021 yilda 14 yoshgacha bo‘lgan qizlar O‘zbekiston chempionatida hududiy bosqichda faxrli 1-o‘rinni, 2022 yilda esa O‘zbekiston kubogi musobaqalarida faxrli 2-o‘rinni egalladilar.
2023 yilda tashkil etilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Aral W” professional futbol jamoasi tarkibida 8 nafar amudaryolik qizlar to‘p surayotgan bo‘lsa, shularning 5 nafari xolimbeglik qizlardir. Mazkur jamoaning bosh murabbiyi Rufat Babajanov, yordamchi murabbiy Bayram Eshimovlar ham Xolimbeg ovulining farzandlari hisoblandi.
2023 yilda “Aral W” jamoasi professional futbol jamoasi 14 yoshlilar o‘rtasida O‘zbekiston chempoinatida faxrli 2-o‘rinni, Davlat xavfsizlik xizmati kubogi musobaqalarida mini futbol bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasida faxrli 1-o‘rinni egallab, chempionlikni qo‘lga kiritdilar.
Xolimbeg ovuli qizlar jamoasi joriy yilda ham futbol bo‘yicha DXX kubogi musobaqalarida tumanda faxrli 1-o‘rinni egallab, respublika bosqichiga yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.
21-26 may kunlari Qirg‘iziston Respublikasi Bishkek shahrida 15 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan futbol bo‘yicha Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi faxrli 2-o‘rinni egalladi. Chempionatda “Aral W” qizlar futbol jamoasi a’zolari O‘zbekiston sha’nini himoya qildi.
Endilikda xolimbeglik mini futbol va futbol bilan shug‘ullanuvchi yoshlar mashg‘ulotlarni boshqa hududlarda emas, o‘z mahallalardagi maydonchada olib borishadi. Ushbu yangi maydonchada to‘p suradigan sportchi yoshlarning kelgusida ham ulkan yutuqlarga erishishiga tilakdoshmiz!
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.