Bolalik – beg‘uborlikdir. Bu davrda butun borliq ko‘zlarimizga faqat yorqin ranglarda ko‘rinadi. Bolalarning sho‘x-shodon kulgusi qalblarga quvonch bag‘ishlaydi. Ularni sevish, bolajonlik fazilati xalqimizning qon-qoniga singib ketgan qadriyat, aslida. Murg‘ak qalblarga shodlik baxsh etish har birimizni quvontiradi, shubhasiz. Gohida biz kattalar ham bolalardan beg‘uborlikni, bir-birimizga qaynoq mehr ulashishni o‘rganamiz, go‘yo. Go‘zallik dunyoni qutqaradi, deydi allomalar. Mana shu kuch bolarning qalbida, ko‘zlarida yashirin bo‘lsa kerak.
1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni. Bu sana serquyosh O‘zbekistonimizda zo‘r tantanalar bilan nishonlanadi. Hech bir bola mehr va e’tibordan chetda qolmaydi. Bayram munosabati bilan mamlakatimizdagi ko‘plab tashkilotlatlar tomonidan tashkil qilingan tadbirlarga bolalarning quvonchi o‘zgacha fayz bag‘ishlaydi.
O‘zbekiston nogironlar jamiyati Amudaryo tumani bo‘limi tamonidan “Arena” nomli umumiy ovqatlanish va aholiga xizmat ko‘rsatish shoxobchasida Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan nogironligi bo‘lgan, alohida ta’lim olayotgan bolalar ishtirokida “Maftunkor ranglar jilosi” nomli tadbir ham unitilmas lahzalarga boy bo‘ldi.
Mazkur tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nogironlar jamiyati raisi Parshagul Dauletyarova, Amudaryo tumani hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Saburova, “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limi raisi Ashirbay Kushayev, tuman Ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘limi boshlig‘i Ikrom Matkarimov, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tuman bo‘limi boshlig‘i G‘ulomjon Dusenbayev, tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mutaxassisi Nurbek Seytbayev, tadbirkor Dildora Hayitbayeva hamda Nogironlar jamiyati Amudaryo tuman bo‘limi raisi Nilufar Xolboyevalar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar bolarni bayram bilan tabriklab, mamlakatimizda bolalarga, xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, berilayotgan imkoniyatlar haqida, ularning davlat tamonidan kafolatlangan huquqlari, ijtimoiy muhofazasi to‘g‘risida to‘xtalib o‘tishdi.
Darhaqiqat, Bosh Qomusimizning 50- va 57-moddalari hamda tegishli qonunchilik hujjatlarida nogironligi bor shaxslar uchun alohida normalar qayd etilgan. Jumladan, Konstitutsiyamizning 50-moddasida ta’lim tashkilotlarida alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim va tarbiya bilan ta’minlanishi belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, bola huquqlari xalqaro qonunchilik hujjatlari va tashkilotlar tamonidan ham himoya qilinadi.
Bolalar qalbi kabi begubor oq qog‘ozlarga surat solarkan, tasvirlarda do‘stlik, ona vatan manzaralari, qadrdon maktab binolari bilan birga ularning ruhiyati, ichki kechinmalari ham bolalarcha samimiy ifodalangan. Tadbir ishtirokchilari go‘zal tasvirlarni kuzatish bilan birga bolalarga rasm chizishlari uchun yaqindan yordam berib, qo‘llab-quvvatab turishdi. Tadbir bolalarga tengdoshlari bilan ko‘rishib, yangi do‘stlar orttirish imkonini ham berdi.
Jarayon davomida sho‘x qo‘shiqlar yangrab, bolalarning sevimli multfilm qahramonlari musiqaga mos har hil harakatlar qilib, barchaga xush kayfiyat bag‘ishladi. Tadbir yakunida tashkilotchilar va homiylar tamonidan bolalarga dasturxon yozilib, estalik uchun bayram sovg‘alari topshirildi.
Shuni qayd etish kerakki, bolalarni himoya qilish kunini o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror 1925 yilda Jenevada bolalar faravonligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan konferensiyada qabul qilingan. 1959 yilda maxsus Deklaratsiya qabul qilinib, unda bolalarning yashash, zo‘ravonlikdan himoya qilinish huquqlari va ularning kelajagi haqida davlatning g‘amxo‘rlik qilish majburiyati belgilangan. 1979 yilda xalqaro bolalar yili deb e’lon qilingan. 1989 yilda esa bolalarning huquqiy himoyasini, Yer yuzidagi barcha bolalarning teng va bir xil huquqlarini ta’minlaydigan bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya qabul qilindi.
Bolalar – naslimiz davomchilari, ertangi kun egalaridir. Har birimiz farzandlarimizning baxtli bo‘lishini, to‘kis sharoitda voyaga yetishini va kelajakda farovon hayot kechirishini istaymiz. Fursatdan foydalanib, aziz bolajonlarni bayram bilan samimiy muborakbod etamiz hamda ularning sog‘-salomat, bilimdon, baxtli va barkamol bo‘lib ulg‘ayishlariga tilakdoshmiz!
Shohzod Qurbonboyev