G‘alla – xalqimiz rizq-ro‘zi va dasturxonimiz to‘kinligi manbai, nuroniylarimizning turmushimizda faravonllik hukm surishini so‘rab qilgan ezgu niyatlarining ijobatidir. Bobodehqonlarimizning ertayu-kech qilgan mehnatlari samarasi bo‘lgan bug‘doy o‘rimi mavsumiga ham sanoqli kunlar qoldi. Bu jarayon fermerlar, kombaynchilar va sohaga jalb qilingan xodimlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Joriy yil ham hosilni qisqa muddatda nest-nobut qilmasdan o‘rib-yig‘ib olish uchun puxta hozirlik ko‘rildi.
Amudaryo tumanida ushbu mavsumga tayyorgarlik ishlarining yakunini ko‘zdan kechirish, zaruriy texnikalarning mavsumga shayligini tekshirish maqsadida hamda yuqori unumli g‘alla o‘rish kombaynlarining o‘rim-yig‘im ishlariga tayyorligi yuzasidan 2-sektor hududidagi Do‘stlik mahallasida ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.
Mazkur tadbirda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, sektor rahbarlari, tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Anvar Yuldashev, O‘zagroinspeksiyaning Qoraqalpog‘siton Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i Arslon Yusufov hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbirda g‘alla o‘rim-yig‘imiga shay qilingan kombaynlar taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Mas’ullar o‘rim-yig‘imga tayyorgarlik ishlari, kombaynlarning ta’mirlanganligi, texnik sozligi, mavsumga shayligini ko‘zdan kechirib, otryadlar a’zolari, qishloq xo‘jaligi tizimidagi vakillar bilan shuhbatlashishdi.
Tuman hokimi Sobir Xo‘jametov g‘alla xalqimizning umumiy boyligi, dehqonlarimizning halol mehnati, dasturxonimiz to‘kinligini ta’minlovchi ne’mat ekanligini ta’kidlab, bir bashoq donni ham nest-nobut qilmasdan, uyushqoqlik bilan o‘rib-yig‘ib olish yuzasidan qishloq xo‘jaligi vakillariga zarur topshiriqlar berdi.
Aytish joizki, Amudaryo tumanida joriy yilda fermer xo‘jaliklarining 4 ming 800 gektar yer maydonida g‘alla yetishtirildi. Shundan 588 gektar maydondagi g‘alla urug‘lik uchun mo‘ljallangan. Joriy yilgi mavsumda o‘rim-yig‘im ishlariga 18ta kombayn va 36 nafar texnika boshqaruvchi jalb qilingan. Tadbirda mutasaddilar tamonidan har bir kombaynchi moddiy rag‘batlantirilib, ularga pul mukofoti va oziq-ovqat muhsulotlari topshirildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, 2023 yilning noyabr va dekabr oylari iliq kelganligi kuzgi boshoqli don ekinlarining o‘sishi va rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Buning natijasida erta va optimal muddatda ekilgan kuzgi boshoqli don ekinlari to‘liq tuplash davriga o‘tib, erta qishlovga kirdi. Yerdan mo‘l hosil olish maqsadida mavsum davomida fermerlar tomonidan zaruriy agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli ravishda o‘tkazildi.
G‘alla maydonlari tabiiy o‘g‘itlar bilan to‘yintirilib, hosilga ziyon yetkazuvchi zararkunandalarga qarshi agrotexnik tadbirlari amalga oshirildi. Maxsus vositalar bilan yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi qo‘llanilgani natijasida avvalgiga qaraganda suv resurslari ancha tejaldi hamda bug‘doy doimiy ravishda namlik bikan ta’minlandi.
Tadbirda mutaxassislar tomonidan mavsumda ishtirok etuvchi har bir xodimga zarur ko‘rsatmalar berilib, savollarga javob qaytarildi.
Seminar yakunida esa, kombaynlarning texnik holati sinab ko‘rildi. Bir so‘z bilan aytganda, amudaryolik qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat qilayotgan xodimlar, fermer va dehqonlar zaruriy texnikalar bilan g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumi uchun shay holatga keltirilgan. Mazkur jarayon mutasaddi tashkilotlar tomonidan doimiy nazorat qilib boriladi.
Xalq manfaati, el-yurt faravonligi yo‘lida xizmat qilish – eng oliy baxt, buyuk saodatdir. Rizq-ro‘zimiz va to‘kinchilik asosi bo‘lmish yuksak g‘alla xirmonini bunyod qilish yo‘lida zahmat chekib, o‘rim-yig‘im ishlariga o‘zining munosib hissasini qo‘shishga shay turgan g‘allakorlarimiz va bu jarayonga yordam beruvchi texnik xodimlarning mashaqqatli ishlariga omad tilaymiz.
Shohzod Qurbonboyev