Ijtimoiy tarmoqlarda Amudaryo tumani Xolimbeg OFYda yashovchi fuqaro M.Matyakubovaning “Davlat-xususiy sheriklik asosidagi NMTT tashkil etishdagi to‘siqlar” yuzasidan ma’lumoti tarqalgan. Ushbu holat yuzasidan tegishli tashkilotlar tomonidan mas'ullar biriktirilib, maxsus ishchi guruh tuzilib, o'rganish ishlari olib borilgan. Ishchi guruh xulosasiga ko'ra quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Fuqaro M.Matyakubovaga Qilichboy OFYda joylashgan ikki qavatli bo‘sh turgan binoning bir qismi 10.03.2022 yilda tuzilgan 08-108/22-sonli ijara shartnomasiga asosan besh yil muddatga Bo‘sh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi tomonidan ijaraga berilgan.
Shuningdek, ushbu binoning qolgan qismini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat aktivlari boshqarmasi tomonidan 06.06.2023 yilda ro‘yxatdan o‘tkazilgan RK-4737-son oldi-sotdi shartnomasiga asosan 7 yil muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan 597 909 453,08 so‘mga sotib olganligi hamda har chorakda 21 383 866,82 (yigirma bir million uch yuz sakson uch ming sakkiz yuz oltmish olti so‘m sakson ikki tiyin) to‘lov amalga oshirishi lozimligi ma’lum bo‘ldi. Shu sababli, mazkur binoning ikkinchi qismini garov ta’minoti sifatida foydalanib, kredit ololmasligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy bank xodimi hamda boshqa mas’ullar tomonidan tushuntirib o‘tilgan. Shuningdek, mazkur binoga mulk huquqi berilmasdan turib qurilish-rekonstruksiya ishlari olib borilishi ta’qiqlanganligi (RK-4737-sonli shartnomaga muvofiq) va shu sababli ushbu binoga kredit mablag‘lari ajratilmasligi ham bayon etilgan.
Shu bilan birga, fuqaro M.Matyakubova mazkur binoning birinchi qismini (ijara binosi) ta’mirlash uchun kredit zarurligini ma’lum qilib, ushbu kreditni 6 oylik imtiyoz bilan ajratilishida yordam so‘ragan. Ushbu masala bo‘yicha murojaatni o‘rganish jarayonida fuqaro tomonidan taqdim etilgan garov ta’minoti obyektlari tijorat banklari tomonidan nolikvid deb topilgan hamda kredit mablag‘lari ajratilmagan. Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat aktivlari boshqarmasi tomonidan 06.06.2023 yilda ro‘yxatdan o‘tkazilgan RK-4737-son oldi-sotdi shartnomasiga ko‘ra qarzdorlikni undirish maqsadida sud jarayonida turganligi aniqlangan.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.