Sport – sog‘lik garovi. Sog‘lom inson teran aql egasi va jamiyatning faol a’zosi sanaladi. Xalqimiz qadimdan jismoniy harakatni qo‘llab-quvvatlab, sportga oshno bo‘lib kelgan. Milliy sport turlari va o‘yin qoidalarida xalqimiz ruhiyati mujassamdir. Donolar bejizga sog‘lom tanda – sog‘lom aql, deyishmagan.
Shu ma’nado mamlakatimizda yoshlarning ma’nan yetuk, jismonan sog‘lom ulg‘ayishlari uchun, aholi, ayniqsa uyushmagan yoshlar orasida ommaviy sportni keng targ‘ib qilish maqsadida joylarda tegishli tashkilotlar va sektor rahbarlari tamonidan sport musobaqalarini tashkil etish yaxshi an’anaga aylangan. Jumladan, “Hokim kubogi”, “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi”, “Prokuror kubogi”, “Ichki ishlar vazirligi kubogi” hamda “Besh muhim tashabbus olimpiadasi” doirasidagi sport musobaqalari ham ommaviy sport targ‘ibotida, shuningdek, uyushmagan yoshlarni sport bilan qamrab olish va ularning vaqtini mazmunli o‘tkazishlarida muhim vosita bo‘lmoqda.
Amudaryo tumani Jumurovul mahallasidagi 45-sonli maktabda uyushmagan yoshlarning vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida sportning voleybol va shaxmat-shashka turlari bo‘yicha tashkil qilingan musoqa ham yoshlarning g‘oliblik uchun murosasiz kurashlariga boy bo‘ldi. Voleybol bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqa davomida yigitlar va qizlar jamoasi o‘z tajriba va chaqqonliklarini yana bir bor sinab ko‘rishdi.
Mazkur sport tadbirida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazrirligining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig‘i, mayor Shavkat Turayev, Amudaryo tumani Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasi boshlig‘i, kapiatan Abdurahmon Umarov hamda maktab rahbariyati ishtirok etdi.
Musobaqaga maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Soatboy Matkarimov va jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi Bekzod Karimovlar hakamlik qilib, baholab borishdi.
Sport tadbiri avvalida tashkilotchilar muntazam sport bilan shug‘ullanish salomatlik uchun bebaho foyda ekanligi, sport – bu harakat, doimiy harakatdagi insondan har xil mavsumiy kasalliklar yiroq bo‘lishi, mamlakatimizda ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirib, yoshlar bilan samimiy muloqot qilishdi.
Har bir yigit vatan uchun harbiy xizmat burchini o‘tashni orzu qiladi. Sport bilan doimiy shug‘ullanib jismoniy chiniqqan yoshlar askarlik davomida maxsus mashqlarni bajarishdan qiynalmaydi. Shuningdek, kun kelib har bir yigit oila boshlig‘iga aylanadi. Oila rahbari farzandlariga har tomonlama namuna bo‘lishi lozim. Sog‘lom onadan esa, sog‘lom farzandlar dunyoga keladi.
Aql gimnastikasi bo‘lmish shaxmat-shashka esa insonning intellektual rivojlanishida muhim vosita hisoblanadi. Sohibqiron bobomiz Amir Temur ham shaxmat o‘yiniga alohida mexr qo‘ygan. O‘yinchi g‘olib bo‘lish uchun maxsus hujum uusullarini o‘ylaydi. Bu jarayon yoshlarda teran fikrlash ko‘nikmalarini shakkllantiradi. Katta tajribaga ega xodimlar tomonidan tadbirda bildirilgan fikrlar yoshlarga sport bilan doimiy shug‘illanishlari uchun kuchli motivatsiya bergan bo‘lsa, ajab emas.
Musobaqa davomida yigitlar va qizlar jamoalari o‘zaro g‘oliblik uchun astoydil kurashdilar. Yig‘ilganlar yoshlarning epchil va chaqqonliklarini kuzatib, qarsaklar bilan olqishlab turishdi. Bunday samimiy e’tirof o‘yinchalarga yanada kuch bag‘ishladi.
Sport tadbiri yakunida g‘olib jamoalar va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Yoshlar o‘tkazilgan musobaqa uchun tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirishdi.
Yoshlikning har dami g‘animat. Umrning kuch-g‘ayratga to‘la bu oltin davrini mazmunli o‘tkazishda har birimiz o‘zimizning munosib hissamizni qo‘shib, namuna bo‘lishimiz lozim. Zero, bugungi beparvolik, ertangi pushaymonliklarga sabab bo‘lishini unutmaylik.
Abdurahmon Umarov, tuman Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasi boshlig‘i, kapitan