Dunyoda bolalarni yaxshi ko‘rmaydigan millat yo‘q. Ammo biz kabi bolajon xalq boshqa bo‘lmasa kerak. Donishmand ota-bobolarimizning “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” degan naqli ham bolajonlik xalqimizning qadriyatiga aylanganini ifodalaydi.
Amudaryo tumanidagi Madaniyat va istirohat bog‘ida 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbiri aholi, ayniqsa bojonlar uchun unitilmas quvonchli lahzalarga boy bo‘ldi.
“Bolalarga bering dunyoni!” – tadbirning aynan shunday nomlanishi ham bejizga emas. Chunki bu kunning butun shodliklari kelajagimiz egalari – bolajonlarga bag‘ishlandi. Shu kuni istirohat bog‘i bolalar bilan gavjum bo‘ldi, attraksionlardan ularning shodon kulgusi yangradi. Bolalarning quvonchi dunyoni to‘ldirdi, go‘yo.
Bayram tadbirida tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, sektor rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari, bolajonlar va ularning ota-onalari qatnashdi.
Dastlab, tuman hokimi Sobir Xo‘jametov mutasaddilar bilan birgalikda ta’lim tashkilotlari xodimlari va o‘quvchilar tamonidan namoyish qilingan bayram-ko‘rgazmasi bilan yaqindan tanishdi. Mutasaddilar kelajagimiz egalari bo‘lgan bolajonlarning sevimli mashg‘ulotlariga qiziqib, ularni bayram bilan tabrikladi va dildan muloqot qilishdi. Ko‘plab musobaqa va bellashuvlarda qatnashib, yuqori natijalarga erishgan bolajonlar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarining yutuqlari e’tirof etilib, ularga faxriy yorliqlar va bayram sovg‘alari topshirildi.
Ko‘rgazmada bolarning qay biri shaxmat-shashka doskasida dona surar, boshqa biri endigina chizgan rasmlariga rang berar, yana boshqa bola esa akrobatik mashqlarini namoyish qilardi. Stullarga chiroyli qilib taxlangan har xil buyumlar va o‘yinchoqlar sevimli ertak qahramonlarini eslatadi. Yig‘ilganlar bolalar ta’lim-tarbiya olishdan bo‘sh vaqtlarida qanday mashg‘ulotlar bilan mashg‘ul ekanliklarini ko‘rib, xursand bo‘lishdi.
Mehmonlar Madaniyat bo‘limi tamononidan tayyorlangan bayram tadbiriga tashrif buyurib, ona-onalarni, nuroniylarni hamda barcha bolajonlarni 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bayram bilan samimiy tabrikladilar. Tuman hokimi Sobir Xo‘jametov tabrik nutqida Yangi O‘zbekistonda bolalarga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani, ularni asrab-avaylash, har tamonlama barkamol qilib voyaga yetkazish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida aytib o‘tdi.
Yurtimiz kelgusida yanada ravnaq topib, xalq turmushi bundan-da farovon bo‘lishi uchun farzandlarimiz komil insonlar bo‘lib ulg‘ayishlari zarurligi alohida ta’kidlandi. Zamonaviy uslublarda qurilgan va qayta jihozlangan maktabgacha ta’lim tshkilotlari va maktablar, sport-sog‘lomlashtirish muassasalari bolajonlarimizning chuqur bilim olib, iste’dodlarini yuzaga chiqarishlariga xizmat qilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, davlat va jamiyat bolajonlarning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishlari uchun barcha imkoniyatlarini ishga solmoqda.
Tadbir davomida maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari va maktab o‘quvchilarining chiqishlari, mashxaraboz va sirk tomoshalari, sevimli ertak va multfilm qahramonlarining har xil o‘yinlari, beg‘ubor bolalikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar bolajonlarga olam olam quvonch bag‘ishladi.
Shuningdek, istirohat bog‘iga yig‘ilgan bolajonlarga tuman hokimligi tomonidan muzqaymoqlar ulashildi.
Baxtli bolalik mana shunday bayramlar bilan go‘zal. Fursatdan foydalanib, biz ham barcha bolajonlarni 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bilan tabriklab, ularning Vatanga, el-u yurtga xizmat qiladigan ma’nan yetuk, jismonan sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishlarini tilab qolamiz.
Shohzod Qurbonboyev