Aholi salomatligi, ayniqsa, yoshlarning kuch va imkoniyatlarini yuzaga chiqarish, jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kubogi o‘yinlarining Amudaryo tumani bosqichi yakunlandi. Joriy yilning 1 iyun kuni tuman Xotira maydonida mazkur musobaqaning g‘olib va sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Taqdirlash marosimida tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, sektor rahbarlari, Davlat xavsizlik xizmati tuman bo‘limi mas’ullari, hokim o‘rinbosarlari, soha mas’ullari hamda sportchi yoshlar ishtirok etdi. Mehmonlar qizil yo‘lak bo‘ylab yurib kelar ekan, yoshlar bilan do‘stona salomlashib, ko‘tarinki kayfiyat tilashdi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari yangradi.
Shundan keyin tuman hokimi Sobir Xo‘jametov so‘zga chiqib, sportchi yoshlarni g‘oliblik bilan tantanavor tabrikladi. Tabrik nutqida takidlanganidek, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi musobaqalar chekka-chekka hududlardagi yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlab, ularning orzu-istaklarini amalga oshirish yo‘lida muhim qadam hisoblanadi. O‘z navbatida, mazkur imkoniyatlar va e’tibordan samarali foydalangan yoshlarimiz salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritayotgani alohida e’tirof etildi.
Jumladan, 2023 yilda sportning mini futbol turi bo‘yicha Xolimbeg ovulining qizlar jamoasi davlat xavfsizlik xizmati kubogi musobaqalarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston Respublikasi bosqichida munosib ishtirok etgan edi.
Tuman hokimi Sobir Xo‘jametov va tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Jamoliddin Yusupov musobaqaning keyingi bosqichlarida tumanimizning obrosini munosib himoya qilishlarini so‘rab, sportchi yoshlarga omad va zafarlar tilashdi.
Shundan keyin tur va yo‘nalishlar bo‘yicha musobaqa g‘oliblari, faol ishtirokchilar hamda murabbiylar navbat bilan sahnaga taklif etildi.
Futbol – millionlar o‘yini. Bolaligida maydonlarda top tepib, “futbol yulduzlari”ga havas qilmagan bola kam bo‘lsa kerak. Musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra futbol bo‘yicha 1-o‘rinni egallagan To‘lqin ovuli jamoasi, 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan Besh ovul mahallasi jamoasi hamda 3-o‘ringa loyiq deb topilgan Kuyuk ko‘pir ovuli jamoasining har bir a’zosi medallar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
So‘ngi yillarda tumanimizda tashkilotlar va tadbirkorlar tomonidan qurilib, foydalanishga topshirilgan mini futbol maydonchalari yoshlarning bo‘sh vaqti mazmunli o‘tishiga imkoniyat yaratmoqda. Natijada tumanimizda bu sport turi ancha rivojlanmoqda. Bu yilgi Davlat xavfsizlik xizmati kubogi musobaqalarining har qachongidan ham murosasiz to‘qnashuvlarga boy bo‘lgani fikrimizning isbotidir. O‘yinlar yakuniga ko‘ra o‘g‘il bolalar o‘rtasida sportning mini futbol turi bo‘yicha 1-o‘rinni Bo‘ston mahallasi jamoasi, 2-o‘rinni bilan Qizilcholi mahallasi jamoasi va 3-o‘rinni Beruniy mahallasi jamoasi egalladi. Jamoa a’zolari tegishli ravishda oltin, kumush va bronza medallari bilan taqdirlandi.
Tumanimizda sportning mini futbol turi bilan nafaqat yigitlar, balki qizlar ham faol shug‘ullanishadi. Sportchi qizlarimizning yutuqlari respublika miqyosida e’tirof etilgan. Qizlar o‘rtasida ushbu sport turi bo‘yicha 1-o‘rin Xolimbeg ovuli jamoasiga, 2-o‘rin Oq oltin ovuli va 3-o‘rin Namuna mahallasining qizlariga nasib qildi.
1-o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoalar Davlat xavfsizlik xizmati kubogi musobaqalarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichiga yo‘llanma olishdi.
G‘olib jamoalarga Davlat xavfsizlik xizmati kubogi va medallar tantanovar ravishda topshirildi. Shuningdek, barcha sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Tadbir san’atkorlar ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi. Navqiron yoshlik va yurt madhi tarannum etilgan sho‘x qo‘shiqlardan zavqlangan yoshlar g‘alabani ko‘tarinki ruhda nishonladilar.
Fursatdan foydalanib, biz ham musobaqa g‘oliblariga keyingi bosqichlarda omad tilab, tumanimiz sharafini munosib himoya qilishlariga tilakdoshmiz!
Shohzod Qurbonboyev