Maktablarda so‘nggi qo‘ng‘iroq chalinib,o‘quvchilarning yozgi ta’tili boshlandi. Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga binoan Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi o‘quvchilarning aksariyat qismi O‘zbekistonning eng so‘lim go‘shalaridagi oromgohlarda dam olib, hordiq chiqarishadi, yoz gashtini surib, turli viloyatlardan kelgan tengdoshlari bilan do‘stlashishadi.
Ammo uyda, ota-onasi bag‘rida qolganlar ta’tilni qanday o‘tkazadi, bu jarayonda oila boshliqlari nimalarga e’tibor qaratishlari lozim, degan haqli savol tug‘iladi.Gap shundaki, ko‘pchilik ota-onalar farzandi qanday ish bilan mashg‘ulligi bilan qiziqmaydi.Ayniqsa, kunning issig‘ida kattalar qatorida bolalarning ham daryo va ko‘llarga,ta’qiqlangan suv havzalariga borib cho‘milgisi keladi. Shunday paytda bolalarga e’tibor kuchaytirilib, cho‘milishning tartib-qoidalariga amal qilinmasa, ko‘ngilsiz holatlar kelib chiqmasligiga hech kim kafolot bermaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, suvda suzishning huzurbaxshligi bilan birga har yili belgilanmagan joyda cho‘milishlar natijasida dunyoda 300 ming nafardan ortiq insonlar bevaqt hayotdan ko‘z yummoqda.
Mana shu ma’lumotning o‘zi ham har bir inson uchun “suvda cho‘kish men va mening yaqinlarim bilan sodir bo‘lmaydi” - degan beparvolikdan chekinib, o‘zi, oila a’zolari hamda yaqin kishilarini ehtiyot bo‘lishga chaqirishi va ogohlantirib, kundalik vazifasiga aylanishi lozim. Zero, har bir fuqaro uchun farzand aziz, yaqin kishilari esa muqaddasdir.
Yuzaga kelayotgan ko‘ngilsiz holatlar va suvdagi halokatlarning aksariyati bolalarning nazoratsiz qoldirilishi va o‘zboshimchaliklari oqibatida sodir bo‘lmoqda.
Ayni shu bo‘yicha yana bir misol: keyingi 5 yil oralig‘ida suvda cho‘kib halok bo‘lgan yoshlarning 95 foizi ota-onalar tomonidan nazoratsiz qoldirilganligi hamda o‘zboshimchalik bilan belgilanmagan va taqiqlangan joylarda cho‘milishi oqibatida sodir bo‘lgan. Katta yoshdagi fuqarolarning suvga cho‘kishlarida esa asosan spirtli ichimliklar iste’mol qilib, mast holda suvga tushishlari sabab bo‘layotir
Masalan, mana shunday kungilsiz holat Amudaryo tumani hududida 2023 yil ham spirtli ichimlik iste’mol qilish oqibatida Amudaryo daryosiga cho‘milish uchun tushib, mastlik tufayli cho‘kib, vafot etganlar hali ham hayolimizda.
Ayni paytda shu singari hodisalar qayta takrorlanmasligi va uning oldini olish uchun tuman FVB xodimlari tomonidan belgilanmagan joylarda cho‘milmaslik borasida tushuntirish va profilaktika tadbirlari olib borilmoqda.
Sh.Matkarimov, Amudaryo tumani Aholi va HFVMQB kichik inspektori, serjant.