Xalqimiz pillachilikni yetti xazinaning biri deyishadi. Haqiqatdan ham pillachilik sohasi bilan shug‘ullangan ota-bobolarimizning ro‘zg‘orlari but, moliyaviy hayotlari to‘kis bo‘lgan. Pillachilik sohasi rivojlangan davlatlar esa pillani qayta ishlash orqali olinadigan mahsulotlari bilan jahon bozoridan munosib o‘rin egallagan.
Mamlakatimizda ham pillachilikka agrar sohaning yetakchi tarmog‘i sifatida qaraladi va har yili yuqori hosil olinadi. Amudaryo tumani esa O‘zbekiston miqyosida eng ko‘p pilla yetishtiruvchi tumanlardan biri, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi pillachilik tarmog‘i jadal rivojlanayotgan mohir pillakorlar yurtidir. Tuman pillakorlari har yili davlatga 254 tonnadan ziyod yuqori sifatli sanoat xom ashyosi yetkazib berishib, zimmalaridagi shartnomaviy reja va majburiyatlarini ortig‘i bilan ado etib kelishmoqda.
Tumanda joriy yilgi ipak qurti parvarishlash mavsumiga ham puxta hozirlik ko‘rildi. Avvalo pillachilik tarmog‘i bor bo‘lgan fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi mavjud tutzorlarga o‘z vaqtida zarur ishlovlar berilib, agrotexnik tadbirlar sifatli amalga oshirildi. O‘tgan yilgi ko‘chat ekish mavsumida yangidan bunyod etilgan tutzorlar, shuningdek, avvaldan mavjud bo‘lgan, ichki yo‘llar, ariqlar bo‘ylari hamda dalalar chetlaridagi tut daraxtlari erta bahorda yaxshilab oziqlantirildi. Natijada mo‘l ozuqa bazasi yaratildi. Buesa pillakorlr uchun barg yetishmovchiligi bilan bog‘liq muammoni bartaraf etish imkonini berdi va amudaryolik pillakorlar mavsumni muvaffaqiyatli boshladilar.
Mavsum boshida “Jayxun silk” MCHJ tomonidan 2024 yil pilla hosili uchun kasanachilar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzildi. Unga ko‘ra, tumandagi pillachilik yo‘nalishi bor bo‘lgan fermer xo‘jaliklarining kasanachi pillakorlariga 4 ming 605 quti sifatli jonlantirilgan ipak qurti urug‘i tarqatildi va kasanachilar bilan “Jayxun silk” MCHJ o‘rtasida 296 tonna pilla hosili yetishtirish bo‘yicha shartnoma tuzildi.
Ipak qurti boqish mavsumini muvaffaqiyatli o‘tkazish maqsadida hududlarga biriktirilgan mutaxassislar tomonidan qurtxonalarning sanitariya holati doimiy nazorat qilib borildi va zarur holatlarda kasanachi pillakorlarga maslahatlar berildi. O‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar, qolaversa, kasanachilarning tun-u kun fidoyilik bilan qilgan mehnatlari tufayli qurtxonalarda mo‘l pilla hosili yetishtirildi.
Ayni kunlarda “Jayxun silk” MCHJ korxonasining qabul maskanlarida pillani qabul qilish va dastlabki ishlov berish ishlari agrotexnik talablar asosida boshlab yuborildi. Joriy yilgi pilla topshirish mavsumida Choyko‘l ovuli hududidagi fermer xo‘jaliklarining kasanachi pillakorlari karvonboshilik qilishmoqda. Mazkur hudud pillakorlari 399 quti ipak qurti urug‘idan 25 ming 647 kilogrammlik pilla xirmoni bunyod etishga ahd qilishgan. Ayni paytda hudud pillakorlari kuniga yillik rejaning 10-11 foizi miqdorida, 3 tonnadan ziyod hosil topshirishmoqda.
Shuningdek, To‘lqin, Qangli, Qipchoq, Oq oltin ovullari hududlaridagi kasanachi pillakorlarning ham shijoatlari baland. Ular ham kuniga 1,5- 2tonnadan ziyod hosil topshirib, kun sayin marraga yaqinlashmoqdalar.
Bugungi kunda pillani qabul qilish maskanlarida ish qizg‘in pallaga kirgan. Yillik rejaning kuniga 10-11 foizi miqdorida, bir kunda 32-32,5 tonna pilla topshirishga erishayotgan amudaryolik pillakorlar joriy yilning 4 iyun sanasiga qadar salkam 94 tonnalik pilla xirmonini bunyod etdilar. Shartnomaviy rejani bajarish sari dadil qadam tashlayotgan pillakorlar yana bir necha kundan keyin ko‘zlangan marrani zabt etishlariga aslo shubha yo‘q.
Robiya Yo‘ldosheva