Oilalar iqtisodini va aholi turmush farovonligini yuksaltirish masalasi bugungi kunda nafaqat har bir oila sohibining zimmasidagi, balki davlat ahamiyati darajasidagi eng dolzarb vazifaga aylandi. Bu borada mamlakatimizda zarur qonuniy asoslar yaratilgan. Xususan, aholiga dehqonchilik qilish, oilasi ehtiyojlari uchun zarur mahsulotlarni yetishtirish va shu orqali o‘zini o‘zi band qilish tamoyili asosida uzoq muddatga yerlarni ijaraga berish, tomorqa xo‘jaligida chorva mollari, qo‘y, echki boqish hamda asalarichilik va parrandachilik bilan shug‘ullanishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 5 martdagi “Aholi xonadonlarida sanoat usulida mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida yangi zahiralarni ishga solishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi Qarori aholi farovonligini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarni yanada yaxshi va ijobiy tomonga yo‘naltirishda muhim turtki bo‘ldi.
Ushbu Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Amudaryo tuman Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi tomonidan fuqarolar yig‘inlari mas’ullari bilan hamkorlikda samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, joriy yil uchun aniq reja ishlab chiqilib, tumandagi 30 ta ovul va mahallalarning har biridan 10tadan, tuman bo‘yicha jami 300ta xonadonni parrandachilikka ixtisoslashtirish choralari ko‘rildi hamda ushbu xonadonlarga mahalliy inkubatorlarda yetishtirilgan parranda jo‘jalari yetkazib berildi.
Shunisi e’tiborga molikki, Amudaryo tuman Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi xodimlari tomonidan ayni paytda fuqarolar yig‘inlari mas’ullari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan manzilli rejaga asosan Prezident Qarorida belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, kelgusi yillarda tuman bo‘yicha 26 ming 557 ta xonadonni parrandachilikka ixtisoslashtirish va shu orqali ularning bandligini, farovonligini ta’minlash maqsadida ro‘yxat shakllantirilmoqda.
Joriy yilning 5 iyun sanasida tumanning Do‘rman ovulida bo‘lib o‘tgan “Aholi xonadonlarida sanoat usulida mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab- quvvatlash hamda tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida yangi zahiralarni ishga solishga doir chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Qarori ijrosiga bag‘ishlangan seminar Kengashida ham ishtirokchilar tomonidan aholi farovonligini oshirish, ularning ish bilan bandligini ta’minlashda tomorqa xo‘jaligi imkoniyatlari juda muhim ahamiyatga egaligi qayd etildi.
Seminarda ishtirok etgan O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi bo‘lim boshlig‘i Zayniddin Fayzullayev hamda Kengash xodimi Ilhom Soliyevlar xonadonlarni parrandachilikka ixtisoslashtirish orqali tomorqa xo‘jaligini rivojlantirish istiqbollari xususida so‘z yuritdilar. Ayniqsa, tomorqalarda takroriy ekinlar ekish, xususan, makkajo‘xori, suli, arpa, shuningdek, boshqa dukkakli va ildiz mevali ekinlar ekish parrandachilikda juda asqotishini ta’kidladilar.
Seminar-kengashda Amudaryo tuman Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi xodimlari, fuqarolar yig‘inlari raislari, hokim yordamchilari “Tomorqa xizmati” MCHJ rahbarlari hamda Do‘rman ovuli hududidagi tomorqa yer egalari o‘zaro fikr va tajriba almashdilar hamda mas’ullarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar.
Xususan, takroriy ekinlarning turlari, ularni parvarishlash, parrandalar uchun oziqlik darajalari, shuningdek, takroriy ekin sifatida tanlanadigan sabzavotlarning tezpishar va serhosil navlari yuzasidan berilgan savollarga soha mas’ullari batafsil ma’lumotlar taqdim etdilar.
Seminar yakunida ishtirokchilar Do‘rman ovulidagi namunali tomorqa yer egalarining tajribalari bilan yaqindan tanishdilar.
Robiya Yo‘ldosheva.