Amudaryo tumanining Uyshin mahallasi qardosh Turkmaniston Respublikasi bilan chegara hududida joylashgan. Shu bois, davlat chegarasi va chegara hududi aholisining daxlsizligini ta’minlash, taklif va shikoyatlarini o‘rganish hamda muammolarni hal qilish maqsadida mutasaddi tashkilotlar rahbarlari va mas’ul mutaxassislar hudud aholisi bilan tez-tez uchrashuvlar o‘tkazib, "Davlat chegarasi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining mazmun-mohiyati yuzasidan zarur tushunchalar berib borishadi.
Joriy yilning 5 iyun sanasida o‘tkazilgan navbatdagi uchrashuvda Amudaryo tumani hokimi Sobir Xo‘jametov, tuman Xalq qabulxonasi bo‘limi mudiri Anvar O‘rozboyev, Mudofaa ishlari bo‘yicha Amudaryo tumani bo‘limi boshlig‘i Sherzod Murodov, 9202-harbiy qism komandiri Doniyor Sindorov, Amudaryo tumani hokimining chegara masalalari bo‘yicha yordamchisi Kamoliddin Najimaddinov hamda hududdagi korxona-tashkilotlar rahbarlari va keng aholi vakillari ishtirok etdilar.
Uchrashuvda ishtirokchilarga dastlab “Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va uning mazmun-mohiyati yuzasidan zarur tushunchalar berilib, chegara hududida yashab, dehqonchilik qilish, chorva mollari, qo‘y-echki va parrandalar boqish bo‘yicha qonun-qoidalar hamda ularga amal qilmaslik qanday oqibatlarga olib kelishi xususida kerakli ma’lumotlar taqdim etildi.
Ayniqsa, har ikkala davlat tomonidan qat’iy himoya qilinadigan muhofaza hududlarining daxlsizligi ko‘p jihatdan ushbu hududda istiqomat qiladigan aholiga bog‘liqligi, shu bois yosh bolalarning chorva mollarini muhofaza hududida boqishlariga yo‘l qo‘ymaslik zarurligi ta’kidlandi. Shu bilan birga ayrim holatlarda bolalar o‘yinga berilib ketishlari oqibatida bo‘sh qo‘yib boqilgan chorva mollarining davlat chegarasi qismining muhofaza hududiga o‘tib ketishi oqibatida jiddiy muammolar yuzaga kelayotgani xususida so‘z yuritildi.
Aytish joizki, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi Qonuni mamlakatning davlat chegaralarini belgilash, o‘zgartirish, qo‘riqlash va himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida qabul qilingan. Ushbu qonun O‘zbekiston Respublikasining hududiy yaxlitligini ta’minlash, davlat suverenitetini mustahkamlash va xalqaro shartnomalar asosida chegaralarni aniqlashga qaratilgan. Qonunda davlat chegarasini belgilash va o‘zgartirish prinsiplari, shuningdek, chegara hududlarida amalga oshiriladigan nazorat va himoya tadbirlari batafsil bayon etilgan.
Bundan tashqari, uchrashuv davomida Uyshin mahallasi aholisi hayotiga doir boshqa muammolarga ham e’tibor qaratildi. Xususan, aholining dehqonchilik qilishlari uchun oqar suv yetishmayotgani, natijada hududda tomorqa xo‘jaligini yuritishda qiyinchiliklar yuzaga kelayotgani bo‘yicha murojaatlar joyida batafsil o‘rganilib, Uyshin mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ullariga hamda soha mutaxassislariga zarur topshiriqlar berildi. Shuningdek aholining boshqa murojaatlari ham sohalar bo‘yicha tegishli mutaxassislar tomonidan ro‘yxatga olinib, ularni joyiga chiqqan holda batafsil o‘rganish va hal qilish bo‘yicha zarur topshiriqlar berildi.
Uchrashuv yakunida tuman hokimi Sobir Xo‘jametov uyshinliklarga murojaat qilib, tomorqadan unumli foydalanish, oilaviy tadbirkorlik va ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, mahalla hududida xizmat ko‘rsatish sohasida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali oila iqtisodiyoti va mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shisha chaqirdi.
Robiya Yo‘ldosheva.
manba: amunews.uz