Ma’lumki, bugungi kunda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurt ravnaqi va farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarning joylardagi ijrosi natijasida insonlarning turmush tarzi tobora yaxshilanib bormoqda. Bunda mahallalarda faoliyat yuritayotgan “yettilik” mas’ullarining o‘rni va ahamiyati juda muhim.
Amudaryo tumanidagi Daryo bo‘yi mahallasiga tashrif buyurar ekanmiz, mahalla “yettiligi”ning o‘zaro hamjihatligiga, aholining uyushqoqligiga, hududning obod va fayzli maskanga aylanganligiga, insonlarning ko‘zlaridagi samimiyat, o‘zaro mehr-oqibatning kuchli ekanligiga guvoh bo‘ldik.
Daryo bo‘yi MFY mas’ullari hududdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlar, yolg‘iz keksalar holidan xabar olib, ularning mavjud muammolarini hal qilishga, hayot sharoitlarini yaxshilashga amaliy yordam berib kelmoqdalar.
Jumladan, mahallada yashovchi Farhod Xolboyev 16 yildan buyon yolg‘iz yashab kelayotgan, yashash sharoitlari juda achinarli holga kelib qolgan, hatto xonadoni elektr energiyasidan uzilib qolganligi mahalla mas’ullarini befarq qoldirmagan. Mahalla raisi Mahmud To‘liboyev, hokim yordamchisi Botir Atabillayev, yoshlar yetakchisi Shahlo O‘razboyevalar Farhod aka xonadonida ta’mirlash va tozalash ishlarini tashkil qilishdi. Hashar yo‘li bilan hovlining uy devorlarini oqlab, deraza va eshiklar, xonalarni tozalanb, xonadon egasiga yangi kiyim-bosh, oshxonaga idish-tovoqlar olib berishdi. Shuningdek, xonadonga elektr liniyalari ham yangidan tortilib, elektr hisoblagich hamda televizor olib kelib o‘rnatildi. Qo‘lida hunari bor bo‘lgan Farhod akaning bandligini ta’minlash bo‘yicha ishar ham tashkil etilmoqda.
Ta’kidlash kerakki, muhtaram Prezidentimiz tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi har bir mahallaga ajratilgan 500 mln so‘m mablag‘ hisobidan mahallarda tizimli ishlar olib borilmoqda.
Mana shu mablag‘ hisobidan amalga oshirilgan ishlar sababli mahalladagi 60ta xonadonning tomorqasiga suv yetib bormoqda. Mahallaga ajratilgan mablag‘ni aholi farovonligi yo‘lida to‘g‘ri yo‘naltirishni ko‘zlagan mas’ullar hududda yashovchi aholi tomorqalariga oqar suvlarining yetib borishi hamda mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish maqsadida katta ariqlardan suv chiqaruvchi 4ta nasos o‘rnatish ishlarini tashkil etdilar.
Mahalla faollari bilan suhbatlashar ekanmiz, katta ariqdan suv chiqaruvchi nasos orqali Taraqqiyot, Taraqqiyot-3, Nurota ko‘chalaridagi 60 ta xonadonga suv yetib borayotganini mamnuniyat bilan e’tirof etishdi. Shuningdek, aholining uyushqoqligi orqali mahalladagi barcha ariqlar tozalanib, xonadonlardagi tomorqalarning sug‘orilishi bo‘yicha muammolar ham barataraf qilindi. Tashrifimiz mobaynida mahalladoshlarning o‘zaro ahilligi, mehnatsevarligi natijasida hashar yo‘li bilan mahalladagi yana 19 ta xonadonlar tomorqalariga suv yetkazish maqsadida o‘zlarining hisobidan tuproq tashlanib, Tabiat-3 va Tabiat-4 ko‘chalaridan ariq o‘tkazayotganlarining guvohi bo‘ldik.
Mahallada hokim yordamchisi ko‘magi bilan bandligi ta’minlanayotgan, oilasiga daromad olib kelayotgan, tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar safi ortib bormoqda. Biz hokim yordamchisi Botir Atabillayev yordamida kredit olib, asalarichilik bilan shug‘ullanayotgan Anvar Yangiboyev faoliyati bilan tanishdik.
Anvar Yangiboyev yosh oila boshlig‘i bo‘lib, ushbu faoliyat bilan 3 yildan buyon shug‘ullanib kelmoqda. Bu yil 33 mln so‘m kredit mablag‘i hisobiga asalari qutilari sonini 30 taga yetkazdi. Anvar akaning ta’kidlashicha, asalarichilik eng daromadli faoliyat turlaridan biri. Ko‘p mehnat talab qilmaydigan, har tomonlama foydali ish. U har bir qutidan kamida 30 kg.gacha asal olib, oilasiga yaxshi daromad keltiriyotganini qayd etib o‘tdi.
Hududda yoshlar bandligini ta’minlashda hokim yordamchisi Botir Atabillayev va yoshlar yetakchisi Shahlo O‘razboyevalarning o‘zaro hamjihatlikdagi ishlari natijasida Sherzod Bobojonov chorvachilik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Sherzod bilan suhbatlashar ekanmiz, qishloq xo‘jaligining turli sohalariga qiziqishi yuqori ekanligini ta’kidlaydi. Yosh bo‘lishiga qaramay, xonadonida chorvachilik, parrandachilik, biogumus yetishtirish kabi ishlar bilan cheklanib qolmasdan, tomorqasidan ham samarali foydalanib kelmoqda.
Hokim yordamchisi ko‘magi bilan olingan 33 mln so‘mlik kredit mablag‘i hisobiga 5 bosh qoramol sotib olib, hozirda qoramollari sonini 7 boshga yetkazgan. Tirishqoq va intiluvchan Sherzodning orzulari bisyor. O‘ziga o‘xshagan ko‘plab yoshlarning bandligini ta’minlash, chorvachilikni rivojlantirib, katta fermer xo‘jaligini tashkil etishni maqsad qilgan.
Mahallaga tashrifimiz mobaynida o‘zi o‘qituvchi bo‘lishiga qaramay, xonadonida turli oilaviy tadbirkorlik sohalarini hamda chorvachilikni yo‘lga qo‘ygan, bu orqali 3 nafar yoshning bandligini ta’minlayotgan, shuningdek, tomorqasidan samarali foydalanayotgan Rustam Haytboyevning amalga oshirayotgan ishlari ham bizda katta taassurot qoldirdi.
Hududdagi 65-sonli umumta’lim maktabida psixolog lavozimida faoliyat olib borayotgan Rustam Haytboyev 2019 yilda oilaviy tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Davlat ishidan bo‘sh vaqtlarida eshik va deraza romlarini ishlab chiqarish orqali 2 nafar band bo‘lmagan fuqarolarning bandligini ta’minlagan. Uning xonadonida paxta titish uskunasi ham mavjud bo‘lib, mahalladoshlarining og‘rini yengil, uzog‘ini yaqin qilib kelmoqda. Paxta titish uskunasi orqali ham 1 nafar ishsiz yoshning bandligi ta’minlangan.
Qolaversa, Rustam aka tomorqasidan ham samarali foydalanib kelmoqda. Tomorqasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining deyarli barcha turidan ekilgan hamda yiliga kamida 2 martadan yaxshi hosil olinadi. Chorvachilik sirlarini bolaligidan o‘rganib kelayotgan Rustam Haytboyevning hozirda 10 boshga yaqin qoramollari mavjud. Hamyurtimizning ham kelgusidagi maqsad va rejalari bisyor. Katta un zavodini ochish orqali 20 nafarga yaqin ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash bo‘yicha aniq rejalar tuzmoqda va ushbu maqsadiga yaqin 2 yil ichida erishishni rejalashtirmoqda.
Biz faol va tashabbuskor, fidoyi hamda mehnatsevar Daryo bo‘yi mahallasi ahlining ishlariga rivoj, ro‘zg‘origa qut-baraka tilab, ular bilan xayrlashdik.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.