9 iyun kuni Amudaryo tumanida g‘alla o‘rim-yig‘imiga bag‘ishlangan respublika miqyosidagi ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev, Vazirlar Kengashi Raisi Farhod Ermanov, tumanlar hokimlari, qishloq xo‘jaligi soha mutasaddilari hamda fermerlar ishtirok etdi.
Dastlab seminar ishtirokchilari Choyko‘l ovuli hududidagi “Choyko‘l-Do‘stlik” fermer xo‘jalidagi bug‘doy dalalarida joriy yilgi o‘rim-yig‘im mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdilar. Mas’ullar joriy yilgi hosilni nest-nobud qilmasdan o‘rib-yig‘ib olish, g‘alladan bo‘shagan yerlarga takroriy ekin ekish va kelgusi yil hosili uchun bug‘doy ekish hamda uni parvarishlash jarayonida suv tejovchi texnologiyalardan samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Ta’kidlanganidek, suvga bo‘lgan talab oshib borar ekan, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish tobora muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. So‘nggi yillarda mamlakatimizda suv resurslaridan foydalanish tizimi tubdan isloh qilinmoqda. Suvdan oqilona va samarali foydalanish, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash qishloq xo‘jaligining eng muhim masalalaridan biri sifatida qaralmoqda. Suv tejovchi texnologiyalardan oqilona foydalanish nafaqat qishloq xo‘jaligi sohasi, balki iqtisodiyotimiz uchun ham muhim ahamiyatga ega. Bizning iqtisodiyotimiz qishloq xo‘jaligiga asoslangan. Aholining katta qismi agrar soha bilan band. Qishloq xo‘jaligida suv iste’molini kamaytirish millionlab tonna suvni tejab qolish va uni aholi ehtiyojlariga yo‘naltirish imkonini yaratadi.
Seminar ishtirokchilarining navbatdagi manzili O‘rtaqal’a ovuli hududidagi “Yusufxo‘ja” fermer xo‘jaligining g‘alla dalasi bo‘ldi. Dala boshida Qur’on tilovat qilinib, nuroniylar dehqonlarimizning oldida turgan mashaqqatli va mas’uliyatli ishlariga kuch-quvvat, yurtimizga farovonlik, xalqimiz dasturxoni to‘kis bo‘lishi tilab, duo qilishdi.
Seminarda so‘zga chiqqanlar o‘rim-yig‘im mavsumida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar, joriy yilgi g‘alla yetishtirish bo‘yicha kontraktatsiya shartnomalarini to‘liq hajmda bajarish, yuksak g‘alla xirmonini yaratishdagi ustuvor vazifalar xususida so‘z yuritdilar.
Aytish joizki, dehqonlarimiz g‘allachilikda hosildorlikni oshirish, el-yurtimiz dasturxoni to‘kinligini ta’minlashga doimiy e’tibor qaratib kelishadi. Ayniqsa, amudaryolik g‘allakorlar har yili mo‘l hosil olib, yuksak xirmonlari bilan mamlakatimizda peshqadamlar safida kelmoqda.
Joriy yil ham tumanimiz fermerlari tomonidan mo‘l g‘alla yetishtirish maqsadida bug‘doy urug‘i yerga qadalganidan tortib, hosil pishib yetilguniga qadar barcha agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirildi. Yetishtirilgan hosilni qisqa fursatlarda nest-nobud qilmay o‘rib-yig‘ib olish maqsadida barcha harakatlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Shu o‘rinda ma’lumot tariqasida aytish joizki, tumanda 2024 yil hosili uchun 313 ta fermer xo‘jaliklari hamda qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan 4800 gektar maydonga bug‘doy ekilgan edi. Ushbu dalalardan 14 ming 400 tonnadan ortiq g‘alla hosili olish reja qilingan.
G‘alla hosilini o‘rish uchun tumanda 22 ta otryadlar tashkil qilinib, ushbu otryadlarga yuqori unumli 22 ta kombaynlar, 47 nafar IIB, FVB va Milliy gvardiya xodimlari, 66 ta yuk mashinalari biriktirildi va 14 iyun sanasidan 1 iyulgacha, 21 kunda g‘alla hosilini nest-nobud qilmasdan o‘rib olish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi hamda o‘rim grafiklari ishlab chiqilgan.
Seminar yakunida bug‘doy o‘rim-yig‘imi davrida yong‘in xavfsizligiga amal qilish, hosilning nobud bo‘lishiga yo‘l qo'ymaslik bo‘yicha fermer xo‘jaliklarining rahbarlariga, g‘allakor va mexanizatorlariga tushuntirishlar va tavsiyalar berildi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.