Keyingi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyati erkinligini ta’minlash hamda tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish maqsadida soliq to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan talay ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida jazolarning mutanosibligi prinsipi aks ettirilganligi munosabati bilan soliq to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq javobgarlikni yanada liberallashtirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga fiskal huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun qo‘llaniladigan moliyaviy sanksiyalar miqdorlari kamaytirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Jumladan, mazkur huquqbuzarliklar birinchi marta sodir etilganda jarima miqdori oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning ikki foizini, huquqbuzarlik takroran sodir etilganda esa uning yigirma foizini tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 29-may kungi O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 227¹-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi O‘RQ-927-sonli Qonuni soliq to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni yanada maqbullashtirishga va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
Ushbu Qonun soliq to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni yanada maqbullashtirishga va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 30-dekabrda qabul qilingan O‘RQ-599-sonli Qonuni bilan yangi tahrirda tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksining 227¹-moddasi quyidagi tahrirda bayon etilgan:
Fiskal belgilarni aks ettirish yoxud avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash yoki soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarni yoki tartibni buzish, shuningdek tovarlarni (mahsulotlarni) ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar tomonidan identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish —
realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning ikki foizi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik jarima qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, —
realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning yigirma foizi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
A.Joldasova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi sudya katta yordamchisi.