Joriy yilning 15 iyun sanasida Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida 3 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga yangi xonadonlar kalitlari topshirildi. Tadbirda tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Saburova, tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy-rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Nodirbek Kamolov, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tuman bo‘limi boshlig‘i G‘ulomjon Duysenboyevlar, bo‘lim mas’ul xodimlari hamda aholi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan mas’ullar bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatida amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlarning har tomonlama o‘sib-rivojlanishi uchun berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik, yaratilayotgan imkoniyatlar xususida so‘z yuritdilar hamda yoshlarga uy-joylar kalitlarini topshirdilar.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori yoshlarga oid davlat siyosatida olib borilayotgan tizimli ishlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mazkur hujjat yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularni turar joylar bilan ta’minlash, oilaviy bolalar uylariga joylashtirish, hayotga tayyorlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish tizimini takomillashtirish maqsadida imzolangan bo‘lib, unda bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qator ustuvor vazifalar belgilab berilgan.
Qaror bilan tasdiqlangan “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra uy-joyga muhtoj bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uy-joy bilan ta’minlanish huquqiga ega ekanligi ko‘rsatilgan. Shuningdek, o‘zlariga biriktirilgan turar joyga ega bo‘lmagan va turar joyga muhtojlar sifatida hisobda turgan yetim bolalar hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga 18 yoshga to‘lgan yilda ko‘p kvartirali uy-joylardan umumiy maydoni 25 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 1 xonali, voyaga yetgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar o‘rtasida nikoh tuzilgan hollarda esa 50 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 2 xonali kvartiralar ajratilishi belgilangan.
Mazkur qaror asosida Amudaryo tumanida yashovchi 3 nafar yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga yashashi uchun barcha zarur sharoitlarga ega bo‘lgan, ya’ni ta’mirlangan va jihozlangan, oshxona anjomlari, gaz plita, karavot, televizor, muzlatgich, stol-stul kabi sharoitlar bilan ta’minlangan uy-joylar berildi.
Tadbirda qayd etilganidek, nizom talablariga ko‘ra yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga uy-joylar mulkka egalik qilish huquqi asosida, biroq ular 30 yoshga to‘lgunga qadar uy-joyni sotish, hadya qilish yoki garovga qo‘yish yoxud ijaraga berish hamda uy-joyda o‘zi va oila a’zolari (eri yoki xotini, farzandlari)dan tashqari boshqa fuqarolarni doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish huquqisiz ajratiladi. Bunda, yetim bola yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolaning asoslantirilgan murojaati asosida mahalliy hokimliklar tomonidan uy-joyning umumiy maydonini kengaytirish va nizomda nazarda tutilgan talablarni saqlab qolish sharti bilan sotishga ruxsat beriladi.
Aytish joizki, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan bu kabi islohotlar kelajak egalari bo‘lgan yosh avlod vakillarinining hayotda va jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga, kamol topib rivojlanishiga, Vatanga foydasi tegadigan inson bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qiladi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.