Xalqimiz azaldan nonni ulug‘lab, aziz ne’mat deb bilishadi. Shu sababli non dasturxonlarimizning ko‘rkiga aylangan. Dalalarda pishib yetilib, quyosh nurida tovlanib turgan sap-sariq bug‘doy boshoqlari mehnatkash xalqimizning mo‘l rizqini ifodalaydi. Mavsum davomida qilingan mehnatlar samarasi yil mobaynida xonadonlarimizni sifatli un va un mahsulotlari bilan ta’minlash imkonini beradi. Bunday to‘kinlik mamlakatimizda xalq faravonligini ko‘zlab qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilgan islohotlarning amaliy natijasidir.
Shu kunlarda mamlakatimizning barcha hududlari, jumladan, Amudaryo tumanida ham bug‘doy o‘rim-yig‘im ishlari qizg‘in pallaga kirgan. Bobodehqon-u mirishkor fermerlarimizning hosil cho‘g‘idan mamnun bo‘lib, “bu yil g‘alla yili bo‘ldi”, deyishi bejizga emas. Chunki qulay kelgan ob-havo sharoiti va dalalarda o‘z vaqtida amalga oshirilgan agrotexnik tadbirlar natijasida bug‘doy maydonlaridan reja qilinganidan ham ortiqroq don olish kutilyapti.
Dalalarga urug‘lar ekilib, hosil yetilgunga qadar soha mutaxassisilari, mirishkor fermerlarimiz tomonidan barcha zaruriy agrotexnik tadbirlar belgilangan qoidalar asosida amalga oshirildi. Bug‘doy dalalarini kuz-qish mavsumida sug‘orish va oziqlantirish ishlariga katta e’tibor berilib, bug‘doy poyalarining yaxshi o‘sishiga erishildi.
Erta bahorda ekin maydonlarini sug‘orish va oziqlantirish, suspensiya sepish, zararkunandalarga qarshi kurashish va begona o‘tlardan tozalash tadbirlari uyushqoqlik bilan amalga oshirildi. Natijada yozning o‘rtalarida bug‘doy bashoqlari sifatli pishib yetilib o‘rim-yig‘im ishlariga tayyor holga keldi.
Joriy yilgi g‘alla hosili uchun tumanimizdagi 313 ta fermer xo‘jaliklari hamda qishloq xo‘jaligi korxonalarining jami 4 ming 800 gektar yer maydoniga dala holatidan kelib chiqib, “Antonina”, “Aleksey”, “Vassa”, “Grom”, “ASR”, “Davr” kabi navlardagi bug‘doy ekilgan edi. G‘alla o‘rim-yig‘im ishlari yakuniga qadar tumanimizdagi mirishkor fermer xo‘jaliklari tomonidan qabul maskanlariga jami 14 ming 400 tonna g‘alla hosilini topshirish maqsad qilingan. Yetishtirilgan g‘allaning 13 ming 500 tonnasi tovar-don va 900 tonnasi urug‘lik don shaklida topshirilishi belgilangan.
Xalqimiz rizqi bo‘lgan g‘allani nest-nobud qilmasdan uyushqoqlik bilan o‘rib-yig‘ib olish uchun 22 ta otryad tashkil qilindi. Ushbu otryadlarga 22 ta yuqori unumli kombaynlar, 47 nafar ichki ishlar bo‘limi va Milliy gvardiya xodimlari, 66 ta yuk mashinalari biriktirildi. Shuningdek, 14 iyundan 1 iyulga qadar g‘allani nest-nobud qilmasdan o‘rib olish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi hamda o‘rim grafigi ishlab chiqilgan va shu asosida ishlar tashkil qilinmoqda.
Tumanimizda bug‘doy yetishtirish bo‘yicha o‘ziga xos tajriba maktabiga ega bo‘lgan g‘allakorlar ko‘p. G‘alla o‘rim-yig‘im ishlari boshlanganidan shu kunga qadar qabul maskanlariga don topshirish bo‘yicha Do‘rman ovulidagi “Allamberganov Izzatxon”, Oq oltin ovulidagi “Yakubova Gavhar”, Namuna mahallasidagi “Muzaffar Eshchanov” fermer xo‘jaliklari va Nazarxon ovulidagi “Nazarxon Agro Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati yetakchilik qilib, oldinda borishyapti. Tumanimizdagi don qabul qilish korxonalari tomonidan kuniga umumiy hisobda 800-900 tonna atrofida don qabul qilinyapti.
Ma’lumot o‘rnida aytishimiz joizki, Qoraqalpog‘iston Respublikasining mavjud tabiiy xomashyo resurslaridan samarali foydalanish orqali sanoat, qishloq xo‘jaligi sohalarini jadal rivojlantirish, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmalarini yaxshilash, tadbirkorlik va xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlash, shu asosda aholi bandligini ta’minlash hamda turmush darajasini oshirish maqsadida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlari mirishkor fermerlarimiz va qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat qilayotgan xodimlarning yanada samarali ishlashlariga zamin yaratdi.
Ayni kunlarda bobodehqon-u mirishkor fermerlarimiz, kombayn haydovchilari hamda mavsumga jalb qilingan barcha xodimlar xalqimiz boyligi, rizq-nasibasi bo‘lgan g‘allani nest-nobud qilmasdan o‘rib-yig‘ib olish maqsadida uyushqoqlik bilan mehnat qilishyapti. Fursatdan foydalanib, ularning halol mehnatlari ortidan yuksak g‘alla xirmoni bunyod etilishiga tilakdoshlik bildiramiz.
Shohzod Qurbonboyev
manba: amunews.uz