Ayni kunlarda tumanimizda g‘allani nest-nobud qilmay o‘rib-yig‘ib olish ishlari qizg‘in davom etayotgan pallada dalalar somondan peshma-pesh tozalanib, shudgor qilinib, takroriy ekinlarni ekish tadbirlari ham boshlab yuborildi.
Takroriy ekinlarni ekish nafaqat bozorlarimizni oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldiradi, balki ishsiz aholining mavsumiy bandligi ta’minlanishida ham muhim omil sanaladi. Mavsum davomida ekilgan sabzavot, poliz, dukkakli hamda chorva mollari uchun ozuqa ekinlari kuzgi hosil davrida bozorlarimiz to‘kin-sochinligi va chorvaga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida mo‘l yem-xashak g‘amlanishida muhim vosita bo‘ladi. Donishmand xalqimiz azaldan qish g‘amini yozda ko‘r, deb bekorga aytishmagan. Bugun serquyosh zaminimizning har qarich yeridan samarali foydalanish orqali qish payti va keyingi hosil pishib-yutilgunga qadar xonadonlarimizdagi farovonlikka, bozorlarda narx-navo barqaror saqlanishiga erishamiz. Zero, takroriy ekinlarni ekishning afzalligi ham yil davomida xalqimiz dasturxoniga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini uzluksiz yetkazib berishdan iborat.
Amudaryo tumanida o‘ziga xos dehqonchilik maktabiga ega bo‘lgan namunali ovul-mahallar ko‘p. Ana shunday mehnatkash dehqonlar-u mirishkor fermerlar istiqomat qiluvchi manzillardan biri, shubhasiz Ayoqchi mahallasi hisoblanadi. Joriy yilning 19 iyun kuni Ayoqchi mahallasi hududidagi “Sherali Avezov” fermer xo‘jaligiga qarashli bo‘lgan dala-maydonlarida takroriy ekinlar ekish mavzusida seminar tashkil qilindi.
Tadbirda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Teshayev, Qoraqalpog‘iston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomarqa yer egalari kengashi raisi Ilhom Yunusov, tuman hokimining o‘rinbosarlari, tijorat banklarining tuman bo‘limi rahbarlari, hududiy agronomlar va sohaga mas’ul mutaxassislar ishtirok etishdi.
Mutaxassislar tomonidan seminar ishtirokchilari, fermer va dehqonlarga takroriy ekinlarning ahamiyati va g‘alladan keyin bo‘shagan hosildor dalalar daromad manbai ekanligi to‘g‘risida fikr-mulohazalar bildirilib, sifatli hosil yetishtirishga oid zarur tavsiyalar berildi. Shuningdek, mutasaddilar tomonidan mamlakatimizda xalq farovonligi yo‘lida qishloq xo‘jaligi sohasida amalga o‘shirilayotgan islohotlar, soha rivoji yo‘lida qabul qilingan qonuniy hujjatlarning mazmun-mohiyati, aholi bandligini taminlash maqsadida berilayotgan imkoniyatlar alohida batafsil ma’lumotlar berildi. Tijorat banklari tarafidan aholiga mineral o‘g‘it, ko‘chat va urug‘ xarid qilish uchun 5 mln so‘mgacha 18 oy muddatga berilayotgan kredit mablag‘lari dehqonlarimizning kuchiga-kuch, g‘ayratiga-g‘ayrat qo‘shishi shubhasiz.
Bugungi kunda “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan ehtiyojmand oilalarni yanada qo‘llab-quvvatlash va ularning bandligini ta’minlash maqsadida g‘alladan bo‘shagan ekin maydonlaridan 20 sotixdan yer ajratib berilyapti. Dehqonlarga qulay tarafi shundaki, dalalar fermerlar tomonidan somondan tozalanib va shudgor qilinib, ekishga tayyor holatda topshirilmoqda. Qolaversa, fermerlarimiz ekinlarni suv bilan uzluksiz ta’minlashga ko‘maklashishni ham o‘z zimmalariga olishgan. Endi yer egalari mo‘l hosil olish uchun javlon urib mehnat qilishsalar bas.
Ayoqchi mahallasida istiqomat qiluvchi dehqon va fermerlar ertaki ekin va g‘alladan bo‘shagan dalalarga sabzi va mosh ekish orqali mo‘l hosil yetishtirib, yuqori daromad olishni maqsad qilishgan. Mirishkor fermerlarimiz va dehqonlarimiz sabzi ekilgan dalalarning har gektaridan 40 sentnergacha hosil olish harakatida yozning issiq kunlariga qaramay halol mehnat qilishyapti.
Seminar yakunida tumanimizga tashrif buyurgan mehmonlar ekin dalalarida mehnat qilayotgan dehqonlarimizga hormasin aytib, hosil barakasiga tilakdosh bo‘lishdi.
Shohzod Qurbonboyev
manba: amunews.uz