Amudaryolik pillakorlar yuksak xirmon bunyod etdilar

Amudaryo tumani Qoraqalpog‘istondagina emas, balki O‘zbekiston miqyosida eng ko‘p va sifatli pilla yetishtiruvchi tumanlardan biri sanaladi. Tuman pillakorlari har yili shartnomaviy rejalarini ortig‘i bilan ado etib, qoraqalpog‘istonlik pillakorlar orasida peshqadamlik qilib kelishmoqda. Albatta, bunday mavqega erishishning o‘zi bo‘lmaydi. Buning uchun eng avvalo sohani rivojlantirishning birdan-bir omili – ozuqa bazasini mustahkamlash, ijarachi pillakorlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, bundan ham muhimi, ularning fidoyi mehnatlarini munosib rag‘batlantirib borishda adolat tamoyillariga amal qilinishi joiz.

Xalqimiz pillachilikni yetti xazinaning biri sifatida qadrlashadi. Shundanmi, ipak qurti parvarishlash mavsumi juda qisqa, bir oydan sal ziyod vaqt davom etib, har bir kuni, hatto lahzalari o‘ta mas’uliyatli bo‘lishiga qaramay, yillar davomida ipak qurtini mehr bilan parvarishlab, yuqori hosil olib kelayotgan mohir pillakorlarimiz juda ko‘p. Katta minnatdorchilik va mamnuniyat bilan shuni alohida e’tirof etish joizki, aynan ana shunday fidoyi, mehnatkash insonlar sa’y-harakatlari tufayli joriy yilgi pilla xirmonimiz yanada yuksak bo‘ldi.

Bu yilgi ipak qurti parvarishlash mavsumiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rildi. Tumandagi pillachilik tarmog‘i mavjud bo‘lgan fermer xo‘jaliklari tomonidan barcha tutzorlar, hatto dala yo‘llari, ichki suv yo‘llari bo‘ylariga ekilgan tut daraxtlari – jami 525,2 gektar maydondagi salkam 2400 tupga yaqin serhosil tut nihollari erta bahordanoq alohida ro‘yxatga olindi va zarur agrotexnik tadbirlar amalga oshirilib, oziqlantirildi.

Hududlardagi ijarachi pillakorlar ixtiyoridagi qurtxonalar soha mutaxassislari tomonidan jiddiy nazoratga olinib, sanitariya talablari darajasida mavsumga tayyorlandi. Barcha zarur sharoitlar yaratilgach, pillachilik tarmog‘i bor bo‘lgan fermer xo‘jaliklarining ijarachi pillakorlari bilan “Jayxun Silk” MCHJ pillani qayta ishlash korxonasi o‘rtasida joriy yilgi mavsumda 296 tonna pilla yetishtirish bo‘yicha shartnoma tuzildi. Amalga oshirilgan barcha sa’y-harakatlar bugungi yuksak pilla xirmonini yaratish imkonini berdi.

Joriy yilning 13 iyun sanasigacha pillakorlarimizning tun-u kun olib borgan fidoyi mehnatlarining natijasi – shartnomaviy rejadagidan 14 tonna ziyod, ya’ni 296 tonna o‘rniga 310 tonnalik qimmatbaho sanoat xom ashyosi – yuqori sifatli pilla xirmoni bunyod etildi. Bu boradagi reja 104 foizga bajarildi.

Erishilgan bu yuksak natijalarga tumandagi pillachilik tarmog‘i bor bo‘lgan fermer xo‘jaliklari munosib hissalarini qo‘shdilar. Tumanda eng ko‘p pilla hosilini yetishtirgan choyko‘llik ijarachi pillakorlar 27 tonnadan ortiq xirmoni bilan karvonboshilik qildilar. To‘lqinliklar 17,9 tonna, qanglilik ijarachilar 18,8 tonna, qipchoqlik pillakorlar 14,2 tonna, oq oltinliklar 12,8 tonna, Bobur ovullik pillakorlar 20,2 tonna hosil yig‘ib, sarbaland xirmonlar bunyod etishdi. Shuningdek, Kuyuk ko‘pir, Xitoy, Bo‘z yop, Namuna, Do‘rman, Xolimbeg, Qilichboy, O‘rta qal’a, Tosh yop va Amir Temur nomli ovul hamda mahallalar pillakorlari ham ibrat namunalarini ko‘rsatdilar.

Qaysi soha bo‘lishidan qat’iy nazar, qilingan fidoyi mehnat qadrlanmasa, moddiy manfaatdorlik masalasida adolat bo‘lmasa, albatta o‘sha soha bir kun kelib tanazzulga yuz tutadi. Bu zamonlar sinovidan o‘tgan haqiqat. Shu nuqtayi nazardan olib qaraganda “Jayxun Silk” MCHJ pillani qayta ishlash korxonasi bilan ijarachi pillakorlar o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq pillakorlarning fidoyi mehnatlari munosib baholandi va topshirilgan hosil uchun ish haqlari shu kunning o‘zida, tarozi boshida hisob-kitob qilinib, ijarachilarga berib borildi. Qilgan mehnatlari, yetishtirgan sifatli pilla hosili salmog‘iga yarasha 5-6 million, ba’zi pillakorlar hatto 10-15, 20-21 million so‘mgacha daromad olishga muvaffaq bo‘ldilar.

Fursatdan foydalanib, soha xodimlarini, kunni-tunga ulab, qurtxonalarda sifatli pilla yetishtirish maqsadida o‘zlarining halovatidan kechib fidoyi mehnat qilgan va bugungi kunda yorug‘ yuz bilan yuksak Amudaryo pilla xirmoni yaratgan barcha aziz pillakorlarimizni erishilgan katta mehnat g‘alabasi bilan chin dildan muborakbod etaman, oilalariga farovonlik, mustahkam sog‘lik tilayman.

Erkaboy Yusupov, “Jayxun Silk” MCHJ rahbari.
manba: amunews.uz