Joriy yilning 20 iyun sanasida Amudaryo tumani Madaniyat bo‘limi binosida umumta’lim maktablarini oltin va kumush medallarga tamomlagan hamda ingliz tilini bilish darajasi bo‘yicha B2 sertifikatiga ega bo‘lgan bitiruvchi yoshlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Taqdirlash marosimida tuman hokimining iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartish masalalari bo‘yicha 1-o‘rinbosari Kamiljan Aytboyev, tuman hokimining yoshlar siyosati va ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Nodirbek Kamolov, tuman Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Islom Matkarimov, Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Yalg‘ash Shomuratovlar, hokimlik va prokuratura mas’ul xodimlari, yoshlar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdilar.
Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Kamiljan Aytboyev tuman hokimining bitiruvchi yoshlarga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. Hokim o‘rinbosari o‘z so‘zida bugungi kunda yoshlarning sifatli ta’lim-tarbiya olishlari, o‘z iqtidor va qobiliyatlarini yuzaga chiqarishlari, yetuk bilim va salohiyatga ega, barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishlari uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar hamda imkoniyatlar xususida to‘xtalib o‘tdi. So‘zi yakunida yoshlarni yutuqlari bilan samimiy tabrikladi hamda ularga katta hayot yo‘lida, kelgusidagi o‘qish va ishlarida omad va zafarlar tiladi.
Hokim o‘rinbosarlari hamda mas’ul rahbarlar oltin va kumush medallar bilan joriy yilgi o‘quv yilini muvaffaqiyatli tamomlagan, ingliz tili bo‘yicha B2 sertifikatiga ega bo‘lgan bitiruvchi yoshlarga medallarni, tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alarni tantanali ravishda topshirdilar. Qayd etish joizki, joriy yilda tuman bo‘yicha 2963 nafar yoshlar umumta’lim maktablarini tamomlagan bo‘lib, ularning 27 nafari oltin, 4 nafari kumush medallar sohiblari bo‘ldilar.
Ma’lumot o‘rnida, oltin medal umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik to‘g‘risidagi a’lo darajali shahodatnomasi mavjud bo‘lgan, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10- va 11-sinflarida barcha fanlar bo‘yicha yakuniy nazoratlar, choraklik va yillik baholari a’lo bo‘lgan yoki akademik litseylarning barcha kurslarida barcha fanlar bo‘yicha yakuniy nazoratlar, yarim yillik va yillik baholari a’lo bo‘lgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan bitiruvchilarga beriladi.
Kumush medal umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik to‘g‘risidagi a’lo darajali shahodatnomasi mavjud bo‘lgan, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10- va 11-sinflarida yoki akademik litseylarning barcha kurslarida barcha fanlar bo‘yicha yillik baholari a’lo bo‘lgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan bitiruvchilarga beriladi.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda yoshlarning OTMlarda ta’lim olishlari uchun yaratilayotgan imkoniyat va qulayliklar natijasida tumanimiz yoshlarining oliy ta’lim olishga bo‘lgan qiziqishlari yildan yilga ortib bormoqda. Ilmga chanqoq yoshlarimizning nafaqat respublikmizdagi, balki chet davlatlardagi OTMlarda o‘qishga kirish ko‘rsatkichlari tobora ortib bormoqda. So‘rovnomalar natijalariga ko‘ra joriy yilgi o‘quv yilida tumanimizdagi umumta’lim maktablarini tamomlagan 2963 nafar yoshlardan 2856 nafari, yani 96,3 foizi OTMlarga hujjat topshirishgan.
Mamlakatimizda yoshlarning chet tilini mukammal o‘rganishlariga katta e’tibor qaratilib, ta’lim sohasidagi eng ustuvor masalalardan biri sifatida qaralmoqda. Amudaryolik yoshlar chet tili bilimlarini chuqur egallash bo‘yicha respublikada eng peshqadamlar safida bormoqda.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.