Davlatimiz rahbarining joriy yil 5 apreldagi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’mishlash borasida Amudaryo tumanida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Qaror asosida band bo‘lmagan yoshlarni ish bilan ta’minlash, qishloq xo‘jaligidagi yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, oziq-ovqat ekinlari yetishtirishni ko‘paytirish orqali aholi farovonligini ta’minlash yuzasidan samarali chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Amudaryolik yuzlab yoshlar qatori Oq oltin ovulida yashovchi yosh oila a’zolari Ruslan Qozoqov hamda turmush o‘rtog‘i Marhabo Yangiboyevalarga ham yer berilib, bandligi ta’minlandi. Ovuldagi “Polvonov Rahmon” fermer xo‘jaligining eng unumdor, yaxshi hosil beradigan ekin yer maydonidan har biri 50 sotixdan, jami 1 ga yer olgan yosh oila ekin maydoniga qovun-tarvuz kabi poliz ekinlarini ekib, ayni kunlarda dalada qizg‘in mehnat qilishmoqda.
Shu o‘rinda ma’lumot tariqasida aytish joizki, tuman bo‘yicha 14-30 yosh oralig‘idagi 53 ming 940 nafar yoshlar xatlovdan o‘tkazilib, “Yoshlar balansi” shakllantirilgan. Tumanda 1 ming 668 nafar ishsiz yoshning ro‘yxati shakllantirilib, “Bandlik” dasturi ishlab chiqilgan. Ushbu dastur asosida 420 nafar yoshlar o‘z mutaxassisligi, qiziqishi va qobiliyatidan kelib chiqib, doimiy ishga joylashtirilgan bo‘lsa, 60 nafar yoshlar kasb-hunarga o‘qitilgan. 15 nafar yoshlarga esa hunarmandchilik, tikuvchilik, durodgorlik qilishi, o‘z uyida biror mahsulot ishlab chiqarishi yoki xizmat ko‘rsatishi uchun subsidiya asosida asbob-uskuna olib berilgan. Qishloq xo‘jaligidagi yer va suv resurslaridan samarali foydalanish orqali oziq-ovqat ekinlari yetishtirishni ko‘paytirish, aholi, shu jumladan, yoshlar bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish maqsadida 1 ming 104 nafar yoshlarga umumiy maydoni 400 gektar bo‘lgan yerlar ajratilgan. Bundan tashqari, o‘z tadbirkorligini boshlamoqchi bo‘lgan 545 nafar yoshlarga xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish va boshqa sohalar uchun kreditlar ajratilgan. Shuningdek, 114 nafar yoshlar jamoat ishlariga jalb qilingan.
Jumurovul mahallasida yashovchi Shahzod Kamolov ham yer berish orqali bandligi ta’minlangan yoshlardan biri. Shahzod Prezident qarori orqali yoshlarga yer berilayotgani haqida eshitib, mahalla yoshlar yetakchisi Zafar Otaboyevga murojaat qilgan. Shahzod berilgan yerdan unumli foydalangan holda qovun, tarvuz, pomidor kabi poliz ekinlari va sabzavotlar ekib, parvarish qilmoqda.
Yoshlar manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirilayotgan bu kabi samarali islohotlar kelajak egalarining hayotda o‘z o‘rinlarini topishlarida muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.