Amudaryo tumanidagi Qangli ovulida g‘alladan bo‘shagan ekin maydonlariga takroriy ekinlarni ekish yuzasidan seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, qishloq xo‘jaligi bo‘limi mas’ullari, fermerlar ishtirok etdilar.
Seminarda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov so‘zga chiqib, bu yilgi g‘alla hosilining mo‘l bo‘lganini, g‘alladan bo‘shagan dalalarga takroriy ekinlarni o‘z vaqtida ekish, agrotexnik tadbirlarni sifatli amalga oshirish orqali ekin maydonlardan samarali foydalanish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan yaxshi hosil olish borasida olib borilishi lozim bo‘lgan ishlar xususida to‘xtaldi. Seminarda qishloq xo‘jaligi sohasi mas’ullari tumanda joriy yilgi ertaki ekinlardan va g‘alladan bo‘shaydigan ekin maydonlarni ishsiz fuqarolarga ajratib berish borasida qilinayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Ma’lumotlarda keltirilishicha, 4 ta sektor hududida jami 183ta fermer xo‘jaliklarining umumiy maydoni 632 gektar bo‘lgan ekin maydonlari takroriy ekinlar uchun ajratilishi rejalashtirilgan. Ushbu ekin maydonlari tuman bo‘yicha jami 1154 nafar ishsiz fuqarolarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ekib foydalanishlari hamda daromad olishlari uchun ajratib berilmoqda.
Shundan, 1-sektor hududidan 62ta fermer xo‘jaligining g‘alladan bo‘shagan 195,4 ga ekin yer maydonlari 355 nafar ishsiz fuqarolarga ajratilmoqda. 2-sektor hududidagi 29ta fermer xo‘jaliklarining 102,1 ga ekin yer maydonlari esa 427 nafar ishsiz fuqarolarga bo‘lib berilmoqda. Bundan tashqari, 3-sektor hududida 65ta fermer xo‘jaliklarining salkam 100 ga yer maydoni 245 nafar, 4-sektor hudududagi 27ta fermer xo‘jaliklarining 30,3 ga ekin yer maydonlari 127 nafar ishsiz fuqarolarga takroriy ekinlar ekib, daromad olishlari uchun ajratilmoqda.
Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda respublika bo‘yicha ertaki ekinlardan va g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekinlarni ekish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Mamlakatimizda ushbu-chora tadbirlar asosan iyun-iyul oylarida amalga oshiriladi. Takroriy ekinlarni ekishning afzalligi shundan iboratki, mavjud yer resurslaridan samarali foydalanib, yil davomida xalqimiz dasturxoniga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini uzluksiz yetkazib berish imkoniyati yaratiladi.
Takroriy ekinlarni ekish mavsumi yoz fasliga, respublikamizda havo haroratining maksimal darajada oshgan kezlariga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa, urug‘larning unib chiqishi uchun tegishli namlik zahirasini to‘plash zaruriyatini paydo qiladi. Shuning uchun takroriy ekin sifatida dukkakli don, moyli va yem-xashak ekinlari urug‘larini ekishga e’tibor qaratilmoqda.
Aytish joizki, g‘alladan bo‘shagan yer maydonlariga takroriy ekin ekish tuproqdagi ozuqa moddalar miqdorining o‘simliklar tomonidan o‘zlashtirilishiga va uning unumdorligi saqlanishiga, ekilayotgan va undan keyin ekiladigan ekinlarning hosildorligi oshishiga zamin yaratadi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.